Baliqchida bogʻcha mudirasi nega oʻz joniga qasd qilganiga vazirlik izoh berdi 

16:42 10 Iyul 2020 Jamiyat
528 0

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri buyrugʻiga koʻra tuzilgan Ishchi guruhi Andijon viloyati, Baliqchi tumani Maktabgacha taʼlim boshqarmasi (MTB) faoliyati hamda ushbu tumandagi 11- sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti (MTT) rahbari G.Xoʻjaqulovaning oʻz joniga qasd qilishi tufayli oʻlimi holatini oʻrganish natijalariga koʻra quyidagilarni maʼlum qiladi, deb xabar bermoqda Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirligi axborot xizmati.

Joriy yil 4-may kuni soat 15.00 da 25.07.1967-yilda tugʻilgan G. Xoʻjaqulova yashab turgan manzilida oʻz joniga qasd qilgan, tan jarohati olgan va shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan uning hayotini saqlab qolishga qilingan barcha harakatlarga qaramay, 17.05.2020-yilda shifoxonada vafot etgan.

G.Xoʻjaqulova Baliqchi tumanidagi 11-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 11.11.2010-yildan buyon mudira lavozimida ishlab kelgan.

Baliqchi tumani prokuraturasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvga koʻra marhuma G.Xoʻjaqulova sogʻligʻi hamda ishi bilan bogʻliq muammolar tufayli ruhiy holatidagi oʻzgarishlar natijasida oʻz joniga qasd qilgani aniqlangan(suitsid). Tuman prokuraturasi tomonidan tayinlangan sud psixiatrik-psixologik ekspertizasi xulosasida koʻrsatilishicha bu salbiy holatga ichki ziddiyatlar natijasidagi hissiy hayajon turtki boʻlgan,uning natijasida yuzaga kelgan hissiy beqarorlik joniga qasd qilish holatiga turtki boʻlgan boʻlishi mumkinligi koʻrsatib oʻtilgan.

Ekspertiza xulosasi asosida tuman prokuraturasi tomonidan ushbu holat boʻyicha tegishli qaror qabul qilingan.

Maktabgacha taʼlim vazirligi Ishchi guruhi tomonidan olib borilgan tekshiruv xulosasiga koʻra Baliqchi tumani MTB rahbari S.Xonkeldiyevaning oʻz xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondashmaganligi natijasida MTBda nosogʻlom muhit yuzaga kelgan.

Shuningdek, tekshiruv davomida Baliqchi tumanidagi 11- sonli davlat MTT da qurilish – taʼmirlash ishlarini olib borgan «Milano qurilish» MCHJ rahbari N.Z.Rasulov tomonidan rasmiy hujjatlarga soxta maʼlumotlar kiritilib, qalbaki hujjatlardan foydalanish orqali byudjet mablagʻlari oʻzlashtirilganligi, qurilish-taʼmirlash ishlarining oʻzi sifatsiz bajarilganligi aniqlangan.

Aniqlangan ushbu holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.

Shuningdek, Ishchi guruhi, Baliqchi tumani MTBsida ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilmagani; rahbar xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi; idoraviy nazorat susaytirib yuborilgani va natijada aholi orasida maktabgacha taʼlim tizimiga nisbatan norozilik kayfiyati paydo boʻlganligini aniqladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Andijon viloyati, Baliqchi tumani MTBsi mudiri S.Xonkeldiyeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2020-yil 26-iyun kuni bekor qilindi.

Maktabgacha taʼlim vazirligi marhum G.Xoʻjaqulovaning qizi va oila aʼzolariga uning oʻlimi munosabati bilan taʼziya va hamdardlik bildiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?