Baliq qachon arzon boʻladi?

11:13 17 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
1031 0

O`zA surati

Tibbiy meʼyorlarga koʻra, bir kishi yil davomida oʻrtacha 14 kilogramm baliq va baliq mahsulotlari isteʼmol qilishi tavsiya etiladi. Chunki bu neʼmat tarkibida inson salomatligi uchun zarur koʻplab foydali moddalar mavjud boʻlib, uning oʻrnini qoplashning muqobili yoʻq.

— Bosh miya faoliyati, organizmdagi moddalar almashinuvi jarayonini yaxshilashda, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish hamda endokrin xastaliklari profilaktikasida baliq mahsulotiga teng keladigani topilmaydi, — deydi tibbiyot fanlari doktori Shohida Abdumajidova. — Ayniqsa, bolalar haftada 2 marta baliqli taom isteʼmol qilishlari zurur. U kariyes, soch toʻkilishi kabi xastaliklardan asraydi. Bundan tashqari, koʻzni ravshanlashtiradi, xotirani mustahkamlaydi, umrni uzaytiradi. Qonda xolesterin darajasi koʻtarilganda, kamqonlik, suyak sinishlari, behollik va jismoniy zoʻriqishda, nevrozda ham baliq goʻshti isteʼmol qilish koni foydadir. Organizmning infeksiyalarga qarshi kurashish xususiyatini oshiradi va immunitetni koʻtaradi. Shu maʼnoda, inson oziq-ovqat ratsionida baliq mahsulotlari boʻlishi juda muhimdir.

Ana shunday foydali xususiyatlari sabab baliqqa ehtiyoj har doim yuqori boʻlgan. Biroq yetishtirilayotgan “luqmai halol” Oʻzbekistonimiz aholisi ehtiyojini qondira oladimi? Yurtdoshlarimiz ushbu foydali mahsulotni belgilangan meʼyorda isteʼmol qilyaptimi?

Afsuski, keyingi paytda tarmoqda oʻzgarishlar kuzatilayotgan boʻlsa-da, bu savollarga ijobiy javob berish qiyin. Negaki, baliq narxi hali koʻpchilik uchun qimmatlik qilayotgani ayni haqiqat. Muammoning sabablarini oʻrganishga harakat qildik.

Tannarxni uch marta pasaytirish mumkin
Keyingi paytda bozorlarimiz rastalarida baliq va baliq mahsulotlari nisbatan koʻpayganini hech kim inkor qilmaydi. Lekin bahosi arzon boʻlmayotgani isteʼmolchilarga maʼqul kelmayapti. Axir ayrim savdo majmualarida baliqning bir kilogrammi 25 — 40 ming soʻm, hatto undan ham yuqori narxlarda sotilyapti-da. Boshqacha aytganda, chorva mollari goʻshtiga tenglashdi. Xoʻsh, nega?

Aslida, ushbu parhez mahsulot bahosi aholining barcha qatlami choʻntagi koʻtaradigan darajada boʻlishi kerak emasmi? Katta avlod vakillari bot-bot takrorlashicha, ilgari baliq narxi mol goʻshtinikidan besh barobar arzon boʻlgan!

Eʼtirof etish kerak, baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish iqtisodiy islohotlarning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bunda davlatimiz rahbari tomonidan oxirgi ikki yilda qabul qilingan qarorlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjatlarga muvofiq, dastlab “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etilgani, unga berilgan 200 ming gektar tabiiy suv havzalarining 150 ming gektari baliq ovlash xoʻjaliklariga ijara shartnomasi asosida biriktirilgani, sunʼiy suv havzalari 37 ming gektarga yetkazilgani bunga misol boʻla oladi. Natijada hozirgi paytda baliqchilik xoʻjaliklari tomonidan 45 ta tabiiy suv havzasiga 3 240 ta qafas moslamasi oʻrnatilib, baliq yetishtirilmoqda. Ammo bu kabi saʼy-harakatlaru berilayotgan imtiyozlarning samarasi amalda toʻlaqonli sezilmayapti.

— Baliqchilik rivoji, asosan, uch omilga bogʻliq, — deydi tajribali fermer Mamatqul Salomov. — Bular — suv, quyosh va ozuqa. Oʻzbekiston jugʻrofiy jihatdan dengiz va ummonlardan olisda joylashgan boʻlsa-da, nafaqat yurtimiz aholisi ehtiyojiga yarasha, balki undan ham koʻp baliq yetishtirish uchun suv resurslari mavjud. Yilning 320 kuni quyoshli boʻladi. Lekin ozuqa masalasi baliqchilarning eng ogʻriqli muammosi sanaladi.

Baliq ozuqasi shunchaki omixta yem emas. U bugʻdoy, makkajoʻxori, arpa, soya va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, shuningdek, vitaminlar, jami 22 xil komponentdan iborat boʻladi. Ushbu xom ashyolar maxsus texnologiya asosida qayta ishlanib, suvda choʻkmaydigan granula holiga keltiriladi. Bunday vitaminlar bilan boyitilgan ozuqalarni biz chetdan olyapmiz. Uning har kilogrammi oʻrtacha yetti-sakkiz ming soʻm atrofida. Agar baliq ozuqalarini ishlab chiqarish mahalliylashtirilsa, ushbu tarmoqqa ixtisoslashtirilgan fermerlarga ozuqa ekinlari yetishtirish uchun qoʻshimcha yer ajratilsa, baliq tannarxini uch marta arzonlashtirish mumkin.

Yutuqlar koʻp, muammolar ham kam emas
“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasidan maʼlum qilishlaricha, shu yilning 1 avgust holatiga koʻra, 72 ta baliqchilik xoʻjaligida 242 gektar maydonda intensiv usulda kichik suv havzalari barpo etilgan. Joriy yilda baliq mahsulotlarini qayta ishlaydigan quvvati 3450 tonnalik 8 ta sex va quvvati 3225 tonna boʻlgan 13 ta muzlatkich ishga tushirildi. Shuningdek, baliq lichinkalari ishlab chiqaruvchi 26 ta inkubatsiya sexi foydalanishga topshirildi. Tarmoqqa jahon tajribasini olib kirish maqsadida Vyetnam, Xitoy, Rossiya, Eron, Vengriya singari davlatlar mutaxassislari bilan hamkorlik oʻrnatilmoqda.

Bular yaxshi, albatta. Lekin baliq yetishtirish hajmini oshirish, tannarxini arzonlashtirish borasidagi vazifalar nechogʻliq uddalanyapti?

  • Uyushma raisining birinchi oʻrinbosari Ruxulla Qurbonovning aytishicha, respublikamizda yiliga oʻrtacha 70 — 80 ming tonna baliq yetishtirilmoqda. Vaholonki, Oʻzbekiston aholisining yillik ehtiyoji 400 ming tonnani tashkil etadi. Bundan koʻrinadiki, hali tarmoqda qilinadigan ishlar koʻp. Yechimini kutayotgan muammolar ham kam emas.

Prezidentimiz tomonidan qisqa muddat ichida tarmoqqa daxldor bir nechta qaror imzolangani ham bu borada hal etilishi zarur boʻlgan masalalar toʻplanib qolganidan dalolat beradi. Chunki baliqchilikni boshqarish tizimi yillar davomida eʼtibordan chetda qolayotgan edi. Bu esa, birinchi navbatda, sohada mutaxassislar va ozuqa bazasi yetishmovchiligiga, suv havzalarining oʻz holiga tashlab qoʻyilishiga olib keldi.

Toʻgʻri, soʻnggi paytlarda qabul qilingan hujjatlar asosida baliqchilik faoliyatida ilgʻor texnologiyalar qoʻllanila boshlandi. Biroq yer va suv resurslaridan foydalanishning bugungi holati qoniqarli emas. Hamon eski, oʻzini oqlamaydigan, samaradorligi past boʻlgan texnologiyalardan foydalanish ustuvorlik qilmoqda. Buni tasavvur etish uchun ayni paytda atigi 8-9 foiz baliqlar intensiv usulda boqilayotganini aytish kifoya, nazarimizda. Modomiki, tarmoqni taraqqiy ettirmoqchi ekanmiz, bundan buyogʻiga faqat intensiv texnologiyani qoʻllashimiz darkor.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 6 noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida eng asosiy yoʻnalish sifatida xoʻjaliklarni bosqichma-bosqich intensiv usulga oʻtkazish belgilab berilgani diqqatga sazovor.

Klaster — davr talabi
Bugungi bozor iqtisodiyoti sharoiti barcha soha oldiga yangi-yangi talablar qoʻymoqda. Baliqchilik ham bundan mustasno emas. Zero, mavjud imkoniyatlar bilan cheklanib qolmasdan zamon bilan hamnafas ish yuritish, mahsulot yetishtirishning muqobil manbalarini qidirib topish davr talabiga aylangan.

— Baliqchilikda agrar usuldan sanoat usuliga oʻtishimizni hayotning oʻzi taqozo etyapti, — deydi Ruxulla Qurbonov. — Yaʼni havzaga baliq chavoqlarini tashlab, tabiiy holda rivojlanishini kutib oʻtirmasdan, Xitoy, Vyetnam, Vengriya, Germaniya kabi davlatlarda oʻzini oqlagan intensiv usullarni izchil tatbiq qilishimiz zarur. Bunda, asosan, Xitoy usuliga ahamiyat berilyapti. Uning afzalligi shundaki, havzalarni maʼlum darajada kichiklashtirib, aeratorlar qoʻyish oʻrtacha mahsuldorlikni 15 — 20 sentnerdan 65 — 70 sentnerga koʻtarish imkonini beradi. Shu kabi ilgʻor usullar sharofati bilan yaqin yillarda Oʻzbekistonda xaridorgir boʻlgan zogʻorabaliq yetishtirishni 70 foiz oshirish moʻljallanayotgani quvonarli.

Tarmoqdagi yana bir istiqbolli yoʻnalish klaster usuli hisoblanadi. Qarorda 2019 — 2021 yillarda baliqchilik klasterlarini tashkil etishning manzilli dasturi loyihasi ishlab chiqilishi belgilab berildi. Bu baliq chavoqlari yetkazilishidan tortib, uni qayta ishlash uchun xarid qilishgacha boʻlgan jarayonlar tizimli ravishda qamrab olinadi, deganidir.

Qisqacha aytganda, klaster kichik fermer xoʻjaliklari hamda aholiga har tomonlama yordam berishni nazarda tutadi. Bu esa odamlarning baliqchilik bilan shugʻullanish istagini yanada kuchaytiradi.

Ochigʻi, bugun baliqchilik tarmogʻida bajarilgan ishlardan koʻra, hali qilinishi lozim boʻlgan yumushlar koʻp. Bu davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan hujjatlarda ham oʻz aksini topgan. Bular boʻyicha mutasaddi tashkilotlar zimmasiga qator vazifalar qoʻyilganki, ularning ijrosiga jiddiy kirishilmoqda. Samara esa uzoq kuttirmasligiga umid qilamiz.

Binobarin, ushbu maqolada aholining arzon baliq va baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish masalasiga toʻxtaldik, xolos. Uning yetkazib berilishidagi uzilishlar, tez ayniydigan mazkur mahsulotni sotish uchun bozorlardagi, ayniqsa, olis hudud hamda chekka qishloqlardagi real shart-sharoitlar, ixtisoslashtirilgan doʻkon va restoranlar faoliyatidagi kamchiliklar navbatdagi materiallarimizga mavzu boʻladi…
Said RAHMONOV,
Dilshod ULUGʻMURODOV,
“Xalq soʻzi” muxbirlari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?