Baliq mahsuloti sanoat usulida qayta ishlanadi

11:41 11 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
188 0

Inson salomatligi uchun baliq mahsulotining oʻrni va roli beqiyos. Shu bois mamlakatimizda baliq mahsuloti yetishtirishda sanoat usulidan foydalanish, mahsulotni chuqur qayta ishlagan holda ichki bozor hamda eksportga yoʻnaltirish yuzasidan qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Baliq yetishtirish bilan shugʻullanuvchi korxonalar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar, ularning huquq va manfaatlarini himoyalash oʻzining ijobiy samarasini bermoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-avgustdagi “Baliqchilik tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori baliq mahsulotini sanoat usulida yetishtirish, qayta ishlashda tarmoq korxonalari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Unga koʻra, baliq mahsuloti yetishtirish bilan shugʻullanuvchi qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan suv isteʼmoli uchun toʻlanadigan soliq turlarida imtiyozlar berilmoqda.

Samarqand viloyatida aholini sifatli va arzon baliq mahsuloti bilan taʼminlash, uning turini koʻpaytirish, chetdan keltiriladigan baliq chavoqlarini mahalliy usulda yetishtirish yuzasidan ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.

«Oʻzagroinspeksiya»ning Samarqand viloyat boshqarmasi matbuot xizmati bergan maʼlumotga koʻra, bugungi kunda viloyatda 458 ta baliqchilik xoʻjaliklari mavjud boʻlib, ularga 8 ming 972 gektar suvli maydonlar ajratilgan, shundan 7 ming 479 gektari tabiiy va 1 ming 493 gektari sunʼiy suv havzalari hisoblanadi.

Joriy yilda viloyat boʻyicha 30 ming tonna baliq yetishtirish, 45 milliard 445 million soʻmlik 30 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan boʻlib, ayni vaqtda 3 ta loyiha ishga tushirilishi evaziga 8 ta yangi ish oʻrinlari yaratilgan. 

Jumladan, Samarqand tumanidagi “AGRO LINE SB” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi qoshida 11 gektar yer maydonida 35X5 hajmidagi 7 ta hamda 20 ta yopiq usuldagi suv havzalari tashkil etildi. Ayni kunlarda bu yerda 14 ming dona baliq chavoqlari parvarishlanmoqda.

Loyihaning eʼtiborli jihati shundan iboratki yopiq usuldagi suv havzalarida chetdan keltiriladigan baliq chavoqlari parvarishlanishi rejalashtirilgan. Shu maqsadda Turkiya, Rossiya davlatlarining zamonaviy uskunalari keltirib oʻrnatilishi moʻljallanmoqda. Bundan tashqari 500 million soʻmlik kredit mablagʻi evaziga suvda kislorod miqdorini taʼminlashga xizmat qiluvchi zamonaviy uskuna xarid qilish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Urgut va Kattaqoʻrgʻon tumanlaridagi baliqchilik xoʻjaliklariga ajratilgan suv havzalariga 130 tadan jami 260 ta, Ishtixon tumanida esa 200 ta qafas (sadok) oʻrnatish, Toyloq tumani 4 ta, Kattaqoʻrgʻon, Oqdaryo va Samarqand tumanlarida 1 tadan hamda Pastdargʻom tumanida 2 ta, jami 9 ta yopiq suv aylanma tizimi (UZV) qurish rejalashtirilgan.

Shuningdek, joriy yilda Payariq tumanida baliq mahsulotlarini qayta ishlash va omuxta yem ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?