Baxtli boʻlishga barcha yoshlarning haqqi bor

19:04 29 Iyun 2020 Siyosat
160 0

Har yili mamlakatimizdagi Mehribonlik uylarini 18 yoshga toʻlgan minglab yoshlar tark etadi. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bu oʻgʻil-qizlarimiz mustaqil hayotga qadam qoʻyishlari bilan koʻplab muammolarga duch keladilarki, buni ularning oʻzlari hal qila olmaydi. Oʻz manfaatlarini himoya qilish, xususan, uy-joyga va mehnat qilishga boʻlgan huquqini talab qilish, psixologik qiyinchiliklarni yengish, koʻplab maishiy masalalarni hal qilish shular jumlasidandir.

Mutaxassislar fikricha, davlat qaramogʻida voyaga yetgan yoshlarimiz koʻpincha hayotda toʻgʻri yoʻl topishga qiynaladi. Boisi, aksariyat hollarda ular bunga tayyor boʻlmaydi, chunki mavjud taʼlim-tarbiya tizimi yoshlarning toʻla oyoqqa turishiga qaratilmagan. Vaholanki, ulardan har birining taqdiriga jamiyatimiz befarq emas. Negaki, bu yoshlar respublikamiz uchun ulkan bir salohiyatki, uni roʻyobga chiqarish, eng avvalo, shu bolalarning baxtli boʻlib, hayotda oʻz oʻrnini topishida juda muhim.
 

Shu sababli Oliy Majlis Senati aʼzolari tomonidan ushbu masalaga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, yaqinda Senat ishchi guruhi tomonidan Xlebushkina nomidagi 22-Mehribonlik uyi faoliyati oʻrganib chiqildi. Bunda muassasada oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoit, ijtimoiy soha boʻyicha qilinayotgan ishlar va bitiruvchilar bandligini taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlar inobatga olindi. Oʻrganish jarayonida eng asosiy muammo bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash, oʻqishga joylashtirish hamda uy-joy ajratishdan iborat ekanligi maʼlum boʻldi.

2019-2020 oʻquv yilda ushbu muassasani 22 tarbiyalanuvchi bitirayotir, ularning 10 nafari chin yetim, 6 nafarining esa uy-joyi yoʻq. Shu boisdan Mehribonlik uyi rahbariyati tomonidan hokimliklarga uy ajratish boʻyicha xat yuborilgan. Maʼlumotnomaga koʻra, oxirgi ikki yilda bitiruvchilarning barchasi ish bilan taʼminlangan. Bu, albatta, eʼtiborimizni tortmasdan qolmadi. Avvaliga muassasa rahbarlari tegishli tashkilotlar bilan yaxshi ishlayotgan ekan, degan fikrga bordik. Ammo ulardan baʼzilariga qoʻngʻiroq qilinganimizda, afsuski, ushbu yoshlar qaysi korxona va qanday lavozimda ishlayotganliklarini aniq aytib berisholmadi...

Shu oʻrinda bir mulohaza. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 17-oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan nizomda Mehribonlik uylariga bolalarni qabul qilish tartibi belgilangan, lekin tarbiyalanuvchilarni chiqarish tartibi hamda bandligi taʼminlaganini nazoratga olish, uy-joy ajratilganini va ularning keyingi hayotini monitoring qilish kabilar esa nazarga tutilmagan. Ana shunday dolzarb masalalarda meʼyoriy asos mavjud emasligi shundoq ham ota-ona mehridan mosuvo yoshlarning hayotda koʻplab qiyinchilikka duch kelishiga, ularning oldida oʻzini yoʻqotib, bilib-bilmay jinoyat koʻchasiga kirib ketishi, turli illatlar taʼsiriga tushib qolishiga olib kelyapti. Aslida bu shunchaki muammo emas, katta fojea.

Ikkinchi manzilda buning aksini koʻrdik. Oʻzbekiston “SOS-Bolalar Mahallasi” uyushmasi Toshkent shahar filiali bolalari boshqa muassasada tarbiyalanayotgan tengdoshlaridan har tomonlama farqlanib turardi. Mazkur muassasaning boshqa Mehribonlik uylaridan farqi shundaki, bu yerda bolalar kichik oilalarda tarbiyalanadi. Bir nafar ona-tarbiyachiga 4-6 tagacha bola biriktiriladi va ular alohida kottejda yashaydi. Shunisi eʼtiborga molikki, mahallada tarbiyalanayotgan har bir bola uchun alohida shaxsiy rivojlantirish rejasi ishlab chiqilgan. Tarbiyalanuvchilar 16 yoshga toʻlgach “SOS-Bolalar Mahallasi” qoshidagi “Yoshlar uyi”ga koʻchib oʻtadi. Hozir Yunusobodda qizlar uchun, Chilonzor tumanida yigitlar uchun alohida-alohida “Yoshlar uyi” faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yerda ular kamida 4-5 yil davomida, toki butunlay oyoqqa turgunicha yashaydi. Xalqaro amaliyotda bu usul uzoq muddatli vasiylik deb nomlanadi.

Qizlar uchun moʻljallangan “Yoshlar uyi” rahbari Maqsud Qayumovning soʻzlariga koʻra, bu yerda asosiy eʼtibor tarbiyalanuvchilarning soniga emas, tarbiya sifatiga qaratiladi. Qizlar nafaqat oʻrta-maxsus va oliy taʼlim oladi, balki psixologiya, turli hunar sirlarini ham oʻrganadilar. Ayniqsa, ularni oilaviy hayotga tayyorlash, boʻsh vaqtini unumli oʻtkazish, zamonaviy axborot-texnologiyalaridan koʻnikmasini oshirish doimiy diqqat markazida. Yigit-qizlar oʻz qiziqishidan kelib chiqib, kasb-hunar kolleji, akademik litsey hamda oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshiradi. Bitirishidan bir yil avval rahbariyat tuman bandlik boʻlimiga ularni mutaxassisliklar boʻyicha ishga joylashtirish haqidagi murojaat qiladi. Qarabsizki, hammasi oʻz ish joyiga ega boʻladi. Yigit-qizlarni mustaqil hayotga kuzatish bir necha mezonlar asosida amalga oshiriladi. Yaʼni kasb egallashi va psixologik jihatdan mustaqil hayotga tayyorligi, uy bilan taʼminlanganlik darajasi shular jumlasidan. Bulardan birortasi boʻlmagan taqdirda, tarbiyalanuvchi mustaqil hayotga kuzatilmaydi.

Tabiiyki, bularning barchasi bizni quvontirdi. Ammo boshqa jihat oʻyga toldirdi. Gap shundaki, bolalar mahallasidagi oilalar bitta doimiy ona-tarbiyachi va birga yashaydigan yetti nafardan koʻp boʻlmagan bolalardan iborat, ota esa yoʻq. Vaholanki, bola tarbiyasida va jamiyat talablariga moslashuvida otaning oʻrni beqiyos. Shu maʼnoda, mutasaddilar bu masalani ham oʻylab koʻrsalar, nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi.

Umuman, “SOS-Bolalar Mahallasi” uyushmasi tajribasini Respublika hududidagi barcha Mehribonlik uylariga tatbiq qilinsa, natijalar shunga yarasha boʻlardi. Eng asosiysi, bitiruvchilar juda erta, tegishli koʻnikmaga ega boʻlmay turib mustaqil hayotga roʻbaroʻ kelmaydi. Zero, ushbu yoshlarimiz ham yurtimizda barkamol avlod vakillariga yaratilayotgan shart-sharoitdan bahramand boʻlish va pirovardida baxtli hayot kechirishga haqlidirlar.

Malika QODIRXONOVA,
Oliy Majlis Senati aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?