Baxmalda tumanni “Qizil” hududdan chiqarish masalalari muhokama qilindi

14:09 07 Oktyabr 2020 Jamiyat
290 0

Xalq deputatlari Baxmal tuman Kengashining navbatdagi oʻn ikkinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Sessiyada tumanni 2020-2021-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish orqali “qizil” hududdan chiqarish masalasi muhokama qilindi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida” qarori qabul qilingan edi. Qarorga koʻra reyting koʻrsatgichlari asosida mamlakatimiz hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish darajasini baholash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilingan edi.

Joriy yilda qaror ijrosini taʼminlash uchun 2019-yil statistik koʻrsatgichlar reytingi hisoblandi va Baxmal tumani “qizil” hudud toifasiga kirganligi qayd etildi.

Sessiyada tumanning “qoniqarsiz” hududlar qatoriga tushib qolishiga quyidagi masalalar asosiy sabab sifatida koʻrsatildi.

Birinchidan, iqtisodiy rivojlanish va samaradorlik koʻrsatkichlari boʻyicha yillik eksport prognozi 820,1 ming dollar belgilangan boʻlib, amalda 807,8 ming dollar yoki rejaga nisbatan 98,2 foizga bajarilgan. Biroq ushbu koʻrsatkich aholi jon boshiga hisoblanganda 16 dollardan toʻgʻri keladi.

Ikkinchidan, iqtisodiyotning raqobatbardoshligi va diversifikatsiyasi koʻrsatkichlari boʻyicha eksportbop sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati oʻtgan yilning 4-choragida yoʻlga qoʻyilganligi natijasida 2 ta korxona tomonidan 24,2 ming dollar sanoat mahsulotlari eksportga yoʻnaltirilgan. Bu esa reyting koʻrsatkichini pasayishiga sabab boʻlgan. Shuningdek, qishloq xoʻjaligida suvni tejash texnologiyalarini joriy etish boʻyicha tumanda 30,7 ming gektar yer maydondan 27 gektar maydonda tashkil etilgan, xolos. Natijada mazkur masala ham reytingga salbiy taʼsir qilgan.

Uchinchidan, ishbilarmonlik muhiti va tadbirkorlikni rivojlantirish sifati koʻrsatkichlari boʻyicha Xorijiy investorlarni jalb qilish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritilmagan. Bundan tashqari roʻyxatga olingan 490 ta tadbirkorlik subyektlaridan 306 tasi (62,0 foizi) yillik hisobotlar topshirmaganligi natijasida faoliyat yuritmagan tadbirkorlik subyektlari deb baholangan.

Toʻrtinchidan, bank-moliya sohasining moliyaviy mustaqilligi va rivojlantirish koʻrsatkichlari boʻyicha 2016-2019-yillarda mol-mulk va yer soliqlari tushumining taqqoslanishi natijasida 2016-yilda 3,2 milliard soʻm tushum yigʻilgan boʻlsa, 2019-yilda 2,6 milliard soʻm tushum boʻlgan. 2016-yilda statistikadagi mavjud raqamlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Biroq bu maʼlumotlar reyting koʻrsatkichiga katta taʼsir qilgan.

Shuningdek, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish jon boshiga Respublikada 1673,0 ming soʻmga, viloyatda 2509,9 ming soʻmni, sanoati rivojlangan tumanlarda 9054,8 ming soʻmni tashkil qilgan bir paytda tumanda bor yoʻgʻi 445,0 ming soʻmni tashkil qilgan.

Joriy yilning 1-sentyabr holatiga tumanda 784 ta tadbirkorlik subyekti roʻyxatga olingan boʻlib, shundan 545 tasi yoki 69,5 foizi faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, 239 tasi yoki 29,5 foizi turli sabablarga koʻra faoliyat koʻrsatmasdan kelmoqda.

Jumladan, tumanda jami roʻyxatga olingan 3610 ta yuridik shaxsdan 1342 tasi (37.0%), 2151 ta jismoniy shaxslardan 1445 tasi (67%) faoliyat koʻrsatmayapti. Shu bilan birga, joriy yilning oʻtgan davrida 20 ta tadbirkorlik subyekti oʻz faoliyatini butunlay tugatgan.

Tumanda tadbirkorlik subyektlarining yashovchanlik koʻrsatkichi viloyat boʻyicha past darajani tashkil etmoqda. Xususan, tumanda faoliyat koʻrsatayotgan 784 ta yuridik shaxslarning faqat 423 tani yoki 53 foizigina uch yildan ortiq davr mobaynida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Ishbilarmonlik muhiti va tadbirkorlikni rivojlantirish sifat koʻrsatkichlari boʻyicha xorijiy investorlar uchun investitsiyaviy jozibadorlik borasida asosiy kapitalga kiritilgan umumiy investitsiyalar hajmi 25 mlrd 74 mln soʻmni tashkil etib, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 3 mlrd 540 mln soʻmni tashkil etgan holda, umumiy investitsiya hajmidagi ulushi 14,1 foizni tashkil etgan.

Shuningdek sessiyada ayni kunlarda tumanni “qizil” hududdan chiqarish masalasida ishlar qizgʻin davom etayotganligi, meva-sabzavotlarni yetishtirish, qayta ishlash va eksportini amalga oshiruvchi “BAXMAL NATURAL JYUS” MCHJ klaster korxonasi yiliga 20 ming tonna olma mevasini qayta ishlab, 3,5 ming tonna konsentrat ishlab chiqarishi va 3,5 million AQSH dollarlik eksport amalga oshirish loyihasi ishga tushirildi.

Italiyaning “OPERA SRL” kompaniyasi va “BMB OPERA ZAFFERANO” MCHJ shaklidagi Oʻzbekiston — Italiya qoʻshma korxonasi tomonidan umumiy qiymati 34,4 million AQSH dollarlik (24,4 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya) boʻlgan zaʼfaron oʻsimligini yetishtirish, qayta ishlash va eksportini amalga oshirish yoʻlga qoʻyilmoqda va ayni kunda zaʼfaronning Italiyadan olib kelingan piyozlari ekilmoqda.

Joriy yilda 1,5 million AQSH dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritish hisobiga 200 nafar doimiy va 7000 nafar mavsumiy ish oʻrinlari yaratish rejalashtirilgan.

Tumanning geografik joylashishi oʻta investitsion, turistik jozibador va ichki imkoniyatlari juda katta. Bu borada olib borayotgan ishlar ham oʻta qoniqarsiz ekanligi taʼkidlandi. Chyet elllik investorlar, sayyohlarni (turistlarni) tumanga jalb qilish, tarixiy, tabiati goʻzal goʻshalarga, diqqatga sazovor joylarda ularga shart-sharoitlar yaratish boʻyicha yetarli ish olib bora olmayotganligi tanqid qilindi. Turizmning eko, agro, sogʻlomlashtirish, sport, alpinizm turizm sohalarida koʻplab ishlarni amalga oshirish mumkin. Xizmat sohasi boʻyicha koʻplab ish oʻrinlari yaratish imkoniyati mavjud.

Baxmal tumanining qoloq hududga tushib qolishida tumanning toʻrtta sektori rahbarining aybi katta ekanligi, kelgusi chorakda mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanishini taʼkidladi va xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida tuman sektor rahbarlari butun Baxmal xalqidan kechirim soʻradi.

Sessiyada soʻzga chiqqan tuman hokimi Musa Anorboyev “Aholining yaxshi yashashga haqqi bor. Buning uchun biz rahbarlar bilvosita ham, bevosita ham masʼulmiz. Yil oxirigacha tumanni “qizil” hudud toifasidan chiqarilishiga vaʼda beraman. Sektor rahbarlari va oʻrinbosarlarim bilan deputatlar va faollar koʻmak, taklif va istaklariga asosan oʻzgarish qilaman deb, xalqimni va muhtaram Prezidentimizni ishontiraman” deb vaʼda berdi.

Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari Xolida Alimova va Sanobar Suyarova, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev ishtirok yetdi.

Tolibjon ERGASHEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?