Bayraming muborak boʻlsin, ONAJON!

17:45 07 Mart 2020 Madaniyat
367 0


Onajon! Gʻunchadek yuz ochdi tilak,

Umidlar tik tutdi bu horgʻin qadni.

Koʻksingga bosasan begʻubor goʻdak—

Bodom gullariga aylangan Martni.

Oʻtmishga tik boqib tuyasan nogoh

Qurt yegan olmaning oʻkinchlarini.

Tuyasan tunlar ham bezovta, ogoh,

Qaygʻusi, tashvishi, sevinchlarini.

Men esa jilgʻaga aylanib sizgum,

Yurtim togʻlarining yonoqlarida.

Oʻzimda oʻrikdek gullashni sezgum

Hayratli kunlarning quchoqlarida.

Maysaga aylandim, gulga aylandim,

Saharlar yigʻlatdi meni hayajon.

Tabiat tilida shivirladim jim:

Bayraming muborak boʻlsin, ONAJON!

Istam IBROHIMOV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?