Bahosi osmon “arzon” uylar ehtiyojmand oilalar uchun ushalmas orzu boʻlib qoladimi?

12:16 24 Dekabr 2018 Jamiyat
3975 0

Arxiv foto

21 ming... Bu hisobotlarda shunchaki qayd etiladigan oddiy raqam emas. Ochigʻini aytish kerak, ushbu raqam zamirida boʻyi yetgan qiziga sovchi kutayotgan munisa onaning iztirobi, qish chillasida ijarada yashab, uy egasining qosh-qovogʻiga qarashga majbur boʻlgan oilaning tashvishi yoki oy-kuni yaqinlashib qolgan kelinchakning shirin qaygʻusi mujassam desak, xato boʻlmaydi.

Bu ayni paytda ming-minglab yurtdoshlarimizning uy haqidagi orzusi ushalganini anglatuvchi qutlugʻ raqam hamdir. Prezidentimizning Konstitutsiyamizning 26 yilligiga bagʻishlangan maʼruzasida ushbu mavzuga yana bir bor eʼtibor qaratildi. Yaʼni boquvchisini yoʻqotgan shaxslar, ehtiyojmand va nochor oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasi bundan buyon ham dolzarb boʻlib qolishi taʼkidlanib, 2019 yilda yana 15 ming 10 ta arzon uy-joy va kvartira qurilishi rejalashtirilganini, ularning 11 ming 70 tasi aynan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun moʻljallangani aytildi.

Maʼlumki, yurtboshimizning 2017 yil 23 oktyabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan “Oʻzshahar qurilish invest” IK MCHJ, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, bosh loyiha institutlari, boshqa vazirliklar va idoralar tomonidan koʻp kvartirali arzon uylar qurilishi qiymatining asossiz qimmatlashishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha tashkiliy-texnikaviy tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlashi lozimligi aniq belgilab qoʻyildi. Ammo shunga qaramay, bir yil ichida arzon uylarning narxi ikki marotaba oshirildi. (bundan biroz avval 2018 yilning 29 mayidan 42 foizga qimmatlagandi. Yaʼni xonadonlarning bir kvadrat metri uchun 2 million 800 ming soʻmdan 3 million 900 mingga oshirilgan edi.).

Qurilayotgan arzon uy-joylarning narxi yana oshdiyu, ayrim nochor oilalarning uy tashvishi uzoq choʻziladigan boʻldi. Gap shundaki, Toshkent shahrining Sergeli tumanida 2019 yil dasturi doirasida qurilayotgan 156 ta uy joylardagi xonadonlarning davlat ekspertiza xulosasiga asosan, 1 kvadrat metri 4 338 967 soʻm etib belgilandi. Prezidentimizning yuqoridagi qaroriga asosan, kvartiralarni qavatlar boʻyicha taqsimlashda suisteʼmolchilik faktlarining oldini olish maqsadida yosh oilalarga, eskirgan uylarda yashovchilarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boshqa toifadagi fuqarolarga sotish shartlari asosida boshlangʻich badalning tabaqalashtirilgan miqdori amaliyotga tatbiq etila boshlandi. Shunga binoan, boshlangʻich badal miqdorini 20 foizdan 10 foizgacha toʻlash imkoniyati yaratildi. Ammo uyning narxi oshgani koʻpchilikni oʻylantirib qoʻydi. Misol uchun, ayni kunda qurilayotgan 9 qavatli uylarning uchinchi qavatidan 2 xonali 61,18 kvadrat metrlik xonadonni oladigan boʻlsangiz uning boshlangʻich badali (20 foiz) 53 million soʻm atrofida boʻladi. Sakkizinchi qavatidan 59,05 kvadrat metrlik 2 xonali uyning toʻlovi esa 25 million 621 ming soʻm (10 foiz) ni tashkil qilayotir.

Ayni kunda shu miqdorni toʻlashga ham odamlarning qurbi yetmayotgani bor gap. Bir yil davomida navbatda turgan fuqarolarning har uchtadan bittasi uy olishdan bosh tortyapti. Sababi oddiy: boshlangʻich badalni toʻlashga imkoniyati yetmaydi, uyni amallab olgan taqdirda ham bankning har oylik kreditini toʻlab borolmaydi. Toʻgʻri, bu borada davlatimiz tomonidan qulay kreditlash amaliyoti joriy qilingan. Belgilangan tartib boʻyicha arzon uy-joy ajratilgan fuqarolarga 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida ipoteka kreditlari taqdim qilinadi.

Lekin ana shunday keng koʻlamli, xayrli ishga masʼul boʻlgan vazirlik, idora va tashkilotlar oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotgandek nazarimizda. Biz maqolani tayyorlash jarayonida masalaga oydinlik kiritish maqsadida “Oʻzshahar qurilish invest” injinering kompaniyasi mutasaddilari bilan bogʻlanib oʻtirmadik. Chunki oʻtgan gal kompaniya raisi masalani izohlar ekan, qurilish materiallari narxi joriy yilda keskin oshgani, xususan, sement, metall, oddiy gʻisht, import qilinadigan qurilish materiallari va anjomlarning narxi oshib ketgani uy-joy qurilishi narxlarining koʻtarilishiga sabab boʻlganini aytgan edi.

Umuman olganda, hozirgi paytda Sergeli tumanidan qurilayotgan arzon uy-joylar oʻrtacha 256 milliondan 447 million soʻmgacha taklif qilinyapti. Bu narx har qanday odamning ham, jaydari tilda aytganda, belini sindiradi. Aholining ijtimoiy muhofazaga muxtoj qatlamini himoyalashga qaratilgan ezgu islohotlar mohiyatiga soya soladi. Arzon uy haqiqiy muhtojlar qolib toʻlov qobiliyati borlargagina nasib qiladi. Qancha-qancha qoʻli kalta fuqarolarimizning uy orzusi orzuligicha qolib ketaveradi. Mutasaddilar muammoga eng oddiy — yaʼni narxni koʻtarish bilan yechim topmasdan masalaning boshqa jihatlarini ham taroziga solsalar maqsadga muvofiq boʻlardi.

Shohjahon SAIDNABIYEV


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?