Bahor yakshanbasi

12:05 08 Oktyabr 2020 Madaniyat
282 0

“Xalq soʻzi” gazetasi yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tahririyat rasmiy veb-sayti Madaniyat rukni ostida «Yosh ijodkorlar gurunggi» ni tashkil etdi. Unda yosh shoir, nosir va tarjimonlarning ijodiy ishlari eʼlon qilib boriladi. Marhamat, oʻqing, bahra oling.

Navbatdagi ijodkor yosh nosir

Sherzod Ortiqov – 1985-yil Margʻilon shahrida tugʻilgan. Fargʻona politexnika institutini tamomlagan. Hikoya, esse, drama yoʻnalishida ijod qiladi. Asarlari Rossiya, Turkiya, Ukraina, Serbiya nashrlari hamda respublikamizning turli adabiy nashrlarida eʼlon qilingan. “Marvarid oʻlkam” adabiy tanlovi gʻolibi.

Bahor yakshanbasi

(Hikoya)

Uch yashar oʻgʻlim issiq non yeyman deb xarxasha qila boshladi. Uni hadeganda tinchlantira olmas, u daqiqa sayin battar injiqlik qilar, qoʻliga qaysi non boʻlagini bermay, uni «issiq emaskan» deb dasturxonga uloqtirardi.

— Koʻzimdan yoʻqot bu tirmizagingni! — dedi buni koʻrib boyadan beri qovogʻini solib oʻtirgan keksa otam tilga kirib.

Bexos bunday soʻz qotganidan angrayib turganimga parvo ham qilmay, u dasturxonda sochilib yotgan non boʻlaklarini yigʻishtirib, qoʻliga hovuchlab oldi va ularni birma-bir koʻzlariga surtdi.

 —Chiqib ket xonadan bolang bilan, — dedi keyingi gal non ushoqlarini dasturxondan terib, kaftiga toʻplarkan yer chizgancha. — Hoziroq!

Otamning ilk marta jiddiy turib gapirgani va vajohati oʻgʻlimni choʻchitib yubordi (oldin bizga nisbatan u hech bunday qilmagandi-da). Oʻgʻlim hiqillab yigʻlashga tushdi. Men uni koʻtarib, oʻrnimdan qoʻzgʻaldim.

— Bola-ku bu, ota! — dedim unga zorlanib. — Bu nimaniyam bilardi. Injiqlik qilsa, qilibdi-da. Oʻzi uyingizga oyda bir zoʻrgʻa kelaman. Shunda ham sigʻdirmang endi.

Otam menga javoban indamadi. Buning oʻrniga non ushoqlarini ogʻziga soldi-da, ogʻir yutindi va piyolasidagi choydan bir-ikki hoʻpladi. Men unga achchiq qilib, dargʻazab holda boshqa xonaga chiqib ketdim. U yerda yostiqqa yuzimni berkitib, hoʻngrab yigʻladim. Shu boʻyi tushlikka ham chiqmadim. Onam, ukam, uning xotini navbat bilan kirib yolvorishdi — natija boʻlmadi. Oʻgʻlimni quchogʻimga olganimcha arazlashni oʻrniga qoʻyib, talqon yutgandek jim oʻtiraverdim. Uning koʻzi ilingach, bir qoʻlida non, ikkinchi qoʻlida kosada ovqat koʻtarib kutilmaganda otam xonaga kirib keldi.

— Qizim, vaqtida ovqatlanib olmasang oshqozoning ogʻrib qoladi, — dedi toʻshak yoniga qoʻltigʻiga qistirilgan durrasini yozib, uning ustiga kosadagi ovqat va nonni avaylab qoʻyarkan. — Keyin oshqozon yarasi paydo boʻladi. Senga aytsam, bu balodan ham ortiqroq balo yoʻq odam bolasi uchun. Biram sanchib ogʻriydiki…

Uning tomirlari boʻrtib chiqqan qoʻllari titrar, nuroniy chehrasidagi ajinlar yanayam koʻpaygandek, ularning orasidan tikilib turgan koʻzlari xira va qisinib boqardi. Men kosadagi ovqatga qoʻlimni uchini ham tekkizmaganimni koʻrib, u boʻshashgancha xona chetidagi kresloga borib oʻtirdi.

— Bugun yakshanba, — dedi u yerdan deraza oldidagi oppoq gullagan oʻriklarga xomush tikilarkan. — Bahor yakshanbasi. Kunlar isib, mana oʻrik daraxtiyam gulladi. Erta-indin aprel keladi. Tabiat yanayam koʻm-koʻklashib, chiroy ochadi. Bahor tarovati oʻz ifori bilan odamni mast qilishga kirishadi.

U tokchaga tirsagini tirab, ikkinchi qoʻli bilan derazani qiya holatda sal ochib qoʻydi. Men hanuz qovogʻimdan qor yogʻilib oʻtirar, u tomonga qaramaslik uchun oʻzimni uxlayotgan oʻgʻlimning sochlarini silash bilan chalgʻitardim.

— Urush paytida ham bahor shunday kelardi, — davom etdi otam menga bir qarab qoʻyib, kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Uning fusunkor jozibasini his qilarkanman, atrofni bir zum unutardim. Bolaligim yodimga tushar, ota-onam bagʻridagi qisqa oʻtgan baxtiyor kunlarim, oʻz davri ziyolisi boʻlgan otam, sochlarini doim oʻrib yurgan onam, bu yorugʻ olamda toʻrt yilgina yashagan norasida singlim xayolimdan oʻtardi. Oʻzimga kelgach esa bosh kiyimimni toʻgʻrilab, okopdan boshimni chiqarar, atrofda davom etayotgan oʻqlar yomgʻiriga, tanklarning ogʻir qadam olishiga, aeroplanlarning ustimizdan vizillab uchib oʻtishiga, atrofimizdagi yerlarni oʻpirib tushayotgan snaryadlar tovushiga xavfsirab nazar solar va turib-turib qarshi tomondagi nemislarga qarata “nega biz urishyapmiz oʻzi?” deb baqirgim kelardi.

Kuchli alamli nido boʻgʻzimda doim shay turardi. Oʻsha kezlari men nima uchun qoʻlimga qurol olganimni tushunmasdim. Koʻpchilik “vatanni himoya qilyapsan”, derdi. Men bu oddiy javobga koʻnmasdim. U meni mutlaqo qanoatlantirmasdi. Shu bilan birga bu balandparvoz shiorni aytganlarga ichimdagi gaplarni, tafakkurimni qiynayotgan savollarni birdek bera olmasdim. Buning uchun meni xoin sifatida oʻsha zahoti harbiy tribunalda sud qilishib, otib tashlashlari aniq edi.

Ruhimni eng koʻp bezovta qilgan va borligʻimni boshi berk koʻchaga mixlab tashlagan narsa — nima uchun men oʻzim tanimagan va bilmagan, menga ziyon-zahmat yetkazmagan odamlar bilan urishayotganim edi. Shunday kezlarda Karl, Sebastyan, Paul kabi qishloqi nemis yigitlari menga nima yomonlik qilishgandi va oʻz navbatida men ularga nima yomonlik qilgan edimki, qoʻlimizga qurol olib bir-birimizni oʻldiryapmiz, derdim asablarim qaqshab. Axir, men urushgacha Margʻilonda, ular ehtimol Myunxen yoki Drezdenda yashashgan boʻlsa, oramizda kelishmovchilik va ixtilof boʻlmagan, oʻrtamizga nifoq tushmagan, hech nimani talashib-tortishmagan boʻlsak, hatto bir-birimizning ismimizni bilmay turib bunchalar urishayotganimiz meni oxiri mavjud boʻlmagan oʻylar qaʼriga giriftor qilardi.

Dam oʻtmay yuqoridagilardan ham battar oʻydan karaxt ahvolga tushardim. Gitler va Stalin bir-biri bilan chiqisha olmay qolgan ekan, bu shaxsiy nizolarini nega oʻzaro hal qilib qoʻya qolishmagan, toʻrt raundli boks jangi uyushtirib, bir-birini kaltaklab, xumordan chiqsa boʻlardi-ku, shunda ularning kasriga qolgan millionlab odamlar oʻlmasdi, degan savolni oʻzimga berib okopda tong ottirar, kunni kech qilar, qon kechar, dashtu dalalarni yayov kezardim.

Otamdan bu gaplarni birinchi marta eshitib turishim edi. Oldinlari u bilan koʻp mavzularda suhbatlashardim. Bu suhbatlarning koʻpi bolalik va oʻsmirligimda boʻlgandi. Kech farzand koʻrgani uchun (men tugʻilganimda otam ellik yoshdan oshgandi) ukam ikkimizni u yeru koʻkka ishonmas, doim ishdan kelgach, iliq kunlari bizni velosipediga mingashtirib, kechki salqinda koʻcha aylantirardi. Shokoladli muzqaymoqni yalab, shahar markazidagi favvora qarshisida uning latifalarini va hayotida boʻlib oʻtgan qiziqarli voqealarni ukam bilan tinglar, ammo urush mavzusida u hech ogʻiz ochmas, negadir urush haqida menmi yo ukammi mabodo gap boshlasak, gapni darrov kayfiyatni koʻtaradigan boshqa mavzularga burar yoki oʻzi sevgan bogʻdorchilik haqida gapirishni boshlardi.

— Ukrainaning Lvov shahri yaqinida asirlikka tushib, poyezdda Polshaning Krakov shahri chetidagi konslagerga olib ketilayotganimda ham bu savollar dilimni tark etmagandi, — u soʻzlashdan toʻxtamasdi. — Osvensim konslageri eng rasvo joy edi. Uni nemislar Aushvis, mahalliy aholi “oʻlim lageri” deyishardi. U uchta turli kolonial boʻlinmaga boʻlingandi. Meni boshqa asirlarga qoʻshib eng ogʻiri boʻlgan — ikkinchi boʻlinmaga olib borishdi. U yerga kelgan yangi asirlarni nemislar darhol toʻrtta guruhga ajratishardi. Birinchi guruhga — ishga yaroqsiz qariyalar, nogironlar, kasalmandlar, vujudi zaif kishilarni kiritishar va ularni toʻgʻri gaz kamerasiga qamab, gaz isi yordamida asfalasofilinga joʻnatishar, soʻng jasadlarini krematoriyda yoqib yuborishardi. Ikkinchi guruhdagilar baquvvat, sogʻlom kishilar boʻlib, ular konslager atrofida qad rostlagan har xil ogʻir sanoat korxonalarida quldek ishlatish uchun asirlar orasidan chertib saralab olinardi. Uchinchi guruhga egizaklar, pakanalar va biror bir notabiiy xususiyati borlarni kirgizishar, ular keyinchalik ustilaridan tibbiy tajriba oʻtkazish uchun «Uchinchi reyx»ning doktorlari huzuriga joʻnatilardi. Toʻrtinchi guruhga asosan chiroyli xotin-qizlar tanlab olinardi. Ular nemis zobitlarining uyida yoki harbiy qismlar kirxonalari va oshxonalarida oqsochlik qilish uchun ommaviy safarbar qilinardi.

Men ikkinchi guruh safiga qoʻshilib, ogʻir sanoat korxonasida ishlash uchun joʻnatildim. Biz ishlaydigan korxona konslager yaqinida joylashgan boʻlib, masofasi yarim soatlik yoʻl edi. Korxonada tanklar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarilar, ish ogʻir va zararligidan, shuningdek havoning doimiy diqqinafasligidan koʻpchilik baquvvat asirlar ham kun yarmiga borib ishga yaramay qolishardi. Ish davomida nemislarning asirlarga nisbatan achchiq haqorati va boʻralab soʻkishlari tinmas, har soatda boshimiz yoki gardanimizga tushadigan kaltak va mushtlardan boshimiz chiqmay quldek ishlardik. Tushlikda yuvindidan farq qilmaydigan (koʻpincha qaynatilgan kartoshka poʻchogʻi) yarim kosa ovqat bilan qora qotgan non nasiba sifatida ulashilar, bu ochqagan qornimizni toʻydirish tugul unga yuq ham boʻlmasdi. Kun botganda esa korxonadan pishiq gʻishtli yotoqxonaga qaytarkanmiz, ayrimlar yoʻlda charchoq vajidan yurolmay safdan ortda qolishar, shunda ularni nemislar achchiqlanib oʻsha joyning oʻzida otib tashlashar, ayrimlar bir amallab yotoqxonagacha yetib, lekin zinalardan ikkinchi qavatga koʻtarilib chiqishga majoli yetmay oʻsha yerda hushlaridan ketishar, tabiiyki nemislar ularni ham kechiktirmay gumdon qilishardi.

Yakshanba kunlari ham ishlardik. Konslagerda hayot va oʻlim oʻrtasidagi mudhish oraliq toʻxtovsiz harakatda boʻlardi. Baʼzan korxona dastgohlari yo ishdan chiqqan boʻlar, yo ularni umumiy taʼmirdan chiqarilar, shunday paytlarda asirlarga majburan yakshanba kunlari dam berilardi. Bunday yakshanbalar koʻpincha bahor va kuz oylarida roʻy berar, oʻsha kuni asirlar yotoqxona oldidagi atrofi simtoʻr bilan oʻralgan katta yer maydonga olib chiqilar, oʻsha yerda yomgʻir chelaklab quyib turgan boʻlsa ham, oftob yerni qizdirayotgan boʻlsa ham zoʻrlab ushlab turilardi.

Osvensimning bu boʻlinmasida toʻrtta gaz kamerasi va shuncha krematoriy mavjud edi. Ular bloklarga ajratilgan yotoqxonalarga yaqin yerda joylashgan boʻlib, shunaqa yakshanba kunlari bir saf qilinib, ular tomonga olib ketilayotgan yangi asirlarni koʻzimiz ilgʻar, ular yaqinlashganlarida koʻplari kattayu kichik yahudiylar ekani diqqatimizni oʻziga jalb qilardi. Ularni sal oʻtib nemislar tiriklayin yoqib yuborishlarini barcha yaxshi tushunardi. Bunga koʻpchilikning shuuri koʻnikib ulgurmay, bir ozdan soʻng krematoriy binosi tomlaridagi moʻrilardan chiqqan noodatiy tutun hididan koʻnglimiz aynirdi. Qoʻshimchasiga krematoriy binosi chetida borgan sari togʻ kabi yuksalayotgan kultepa yuragimizni siqardi. Krematoriyda xizmat qilishga yollangan asirlar u yerga aravachalardagi kullarni ketma-ket toʻkishar, buni kuzata turib shu kullar uyumi inson jasadidan qolgan nishona ekanligiga, ularga aylanishdan oldin shu nishona sohiblari hozirgina koʻz oldingdan safga tizilib, oʻz oyoqlari bilan yurib oʻtishganiga ishonging kelmasdi.

Bir kuni (adashmasam, qirq toʻrtinchi yilning apreli edi) shunaqa yakshanbada har bir blokdagi yotoqxonadan barchani maydonga haydab chiqishdi. Barcha och-nahor, yuvindidan farq qilmaydigan ovqatlar va qotgan qora non taʼsirida choʻpdek ozib-toʻzib, koʻzlari kirtayib, qovurgʻasi sanalib ketgan holda zoʻrgʻa oyoq bosib, yuzida xavotir zohir boʻlib tashqariladi. Xavotirga oʻrin bor edi, chunki bu yakshanba nasroniylarning pasxa bayrami edi.

Bayramlarda nemislar albatta, koʻngilxushlik qilishardi. Masalan, koʻp ichgan damlari ular asirlardan toʻrt kishini tanlab olib, ularga maydon atrofi boʻylab uch aylana yugurishni buyurishar, kim birinchi boʻlib kelsa, uni tirik qoldirib, qolgan uch kishini voqea joyidayoq otib tashlashardi (Rojdestvo kuni shunday qilishgandi). Basharti qoʻshiq tinglagilari kelsa, bir necha kishini simtoʻr atrofida saf torttirib, ulardan birini yakkaxon, qolganlarni xor qildirgan holda natsistlarni ulugʻlovchi qoʻshiqlarni ayttirishardi. Eng yomoni — asirlarga simtoʻrning oldigacha «Za Stalinu» deb yugurib kelishni, soʻng u yerda oʻng qoʻllarini baland koʻtargancha «Xayl Gitler» deb ovoz koʻtarib, fyurerni olqishlashni buyurishlari edi. Buni ular alohida ishtiyoq bilan amalga oshirishardi. Krematoriy tarafga yahudiylar olib oʻtilayotganda bu udum keng va tantanali tarzda qoʻllanilar, goʻyoki asirlar ommaviy ravishda «Xayl Gitler» soʻzini baqirib-chaqirib, ularni krematoriyga koʻtarinki ruhda kuzatib qoʻyishlari shart edi. Asirlar oʻng qoʻllarini baland koʻtarishib, bu soʻzni yuz-yuz ellik martalab qaytarishar, kimdir baland ovozda yoki astoydil baqirmayotganini, qoʻlini sal pastroq koʻtarganini nemislar sezib qolgudek boʻlishsa, uni ayab oʻtirishmas va kiprik qoqmay yahudiylarning ketidan oʻtda yoqib yuborilish uchun ravona qilishardi.

Bu safar negadir ular jiddiy koʻrinishardi. Bayramona kayfiyatdan asar yoʻq, yuzlarida sergaklik. Bizni shaxsan komendantning oʻzi kelib tekshirib ketgani ham gʻalati tuyuldi. Avtomatlarini mahkam tutgan SS* askarlari simtoʻr oldida bir-biri bilan hazillashmay, ziyraklikni yoʻqotmay turishardi. Bir payt uzoqdan qora mashina koʻrindi. Konslager komendantining qoʻnalgʻasi yotoqxonamiz roʻparasida boʻlib, mashina ovozi kelgach, u yordamchilarini ergashtirib oʻsha binodan chopib chiqdi. Mashina yurib kelib uning emas, bizning oldimizda toʻxtadi. Kechasi yogʻib oʻtgan yomgʻir natijasida yoʻllar loyqalangani uchun mashina kirlashib, gʻildiragi loyga chaplanib ketgandi. Ertalabdan yerni qizitayotgan quyosh nurlarida bu yanayam yaqqolroq koʻzga tashlanardi.

— Xayl, Gitler! — deyishdi komendant va unga qoʻshilib boshqa zobitu askarlar mashinadan tushgan mehmonga hurmat koʻrsatib.

Mehmon yuqori unvonli kattakon edi. Hatto, komendantdan unvoni ancha yuqori shekilli, konslager xoʻjayini uning oldida xuddi oʻqituvchisi qarshisida turgan maktab bolasiga oʻxshab mulzam tortib qoldi. Kattakon ular bilan qoʻl berib koʻrishgach, koʻzoynagini dastroʻmoli bilan bir artib olib, plashchining tugmalarini yechib qoʻydi-da, atrofni koʻzdan kechirib chiqdi. Krematoriy tomonga, yotoqxonaning pishiq gʻishtlariga, kultepaning haybatiga horgʻin tikildi. Simtoʻr oldiga yaqinlashib, bizni diqqat bilan kuzatdi.

U qirq besh-ellik yoshlardagi, oʻrta boʻy, sochlari bir tekisda taralgan, uzunchoq yuzli, yelkalari keng kishi edi. Tasodifan menga koʻzi tushgach, oldiga imlab chaqirdi. Uni men bilan gaplashmoqchi ekanini payqab, zobitlar va askarlar bilan birga sukut saqlab turgan lagerdagi tilmoch yigit simtoʻr oldiga yaqinlashdi.

— Yahudiymisan? — soʻradi kattakon boshdan oyoq meni koʻzdan kechirib.

Tilmoch uning har bitta gapini ruschaga oʻgirib turdi.

— Yoʻq… Oʻzbekman, — dedim unga qaramaslikka urinib.

— Manavi mashinani koʻryapsanmi? — dedi u ortidagi mashinani koʻrsatib.

— Xuddi shunday.

— Shuni yarim soatning ichida yuvib, tozalab qoʻy. Vaqt ketdi…

Ochlikdan sillam qurigani uchun dastlab uning oxirgi gapini tushunmadim, tilmoch ikkinchi marta tushuntirgach, boshimni tushundim degandek qimirlatib qoʻydim. Uning semiz haydovchisi bitta SS askari bilan omborxonadan ikkita chelakda suv, momiq doka topib chiqdi va kelib dokani qoʻlimga tutqazdi.

Men asta mashinani yuvishga kirishdim. Umrimda ilk marta uni roʻparamda koʻrib, temir kuzovini ushlab turishim edi (bungacha uning fotosuratini koʻrgandim, xolos). Bolaligimda otamning karvonsaroyi boʻlardi. Sobir Mirzaning karvonsaroyi degan uning mashhur nomi bor edi. Oʻsha yerda onda-sonda qoʻqon aravalari va rus askarlari yuradigan foytunlarga koʻzim tushardi. Uni kollektivlashtirish davrida otamdan tortib olishgach, ularni ham boshqa uchratmay qoʻygandim. Men yuvayotgan mashina oʻsha aravalarga oʻxshab ketardi. Faqat gʻildiragi toʻrtta, kuzovi temirdan, atrofi oyna bilan oʻralgan, ichidagi oʻrindiqlari yumshoq, ruli va boshqa moslamalari bor edi. Kuzovning orqasiga “Mersedes” degan yozuv boʻrtma harflar bilan oʻyib yozilgandi.

Uni yuvarkanman, ochlik sillamni quritib koʻz oldim tinib ketayotganiga eʼtibor bermaslik uchun bolaligimda onam oʻrgatgan milliy qoʻshiqni xirgoyi qilib oʻzimni chalgʻitardim. Haydovchi sigaret chekib bir chetda turar, chelakda suv tugagach, har safar uni boshqatdan toʻldirib kelar, SS askarlari va tilmoch yigit asirlar bilan birgalikda ishimni qiziqish aralash kuzatishardi. Koʻp oʻtmay mashina top-toza holatga keldi. Dokani chayqab va suvini siqib tashlab, uning kuzovini yana bir marta artib chiqqanimdan soʻng, u quyosh nurlarida yaraqlay boshladi.

Ishni nihoyalagach, asirlar orasiga qaytib keldim. Yerga choʻkkanimcha sim devorga suyanib oʻsha qoʻshiqni xirgoyi qilaverdim. Kattakon komendant hamrohligida bino ichidan qaytib chiqqach, bir muddat mashina oldida qoʻllarini beliga tiraganicha toʻxtab qoldi. Kuzovidan tortib gʻildiraklarigacha uni obdon tekshirdi. Koʻrsatkich barmogʻi chetini kuzovga tekkizib koʻrgach, mamnun holda yonida turgan komendantga soʻz qotdi. Komendant SS askarlaridan oʻziga eng yaqin turganini chaqirib, unga tegishli koʻrsatma bergach, kattakon mashinaga chiqishga shoshilmay, uning kuzoviga suyangancha choʻntagidan sigaret qutisini oldi.

Boyagi askar oshxona tarafdan oʻrtacha hajmdagi likopchada non koʻtarib chiqqanida u sigaretni labiga qistirib, tutunini ichiga torta boshlagandi. Askarning qoʻlidagi non toʻla likopchaga koʻzi tushib, simtoʻr oldiga keldi-da, qoʻli bilan yana meni imlab chaqirdi. Gandiraklab ketmaslik uchun oʻzimni qoʻlga olib, sekin-asta yurib oldiga bordim. Yelkamga u bir-ikki qoqib qoʻygach, askarning qoʻlidagi likopchani koʻrsatdi va doimgidek tilmoch yordamida undagi narsa endi meniki ekanligini tushuntirdi.

Likopchaga oppoq buxanka non bir tekisda kesilib, yigirmaga yaqin boʻlakka ajratilib, ustma-ust tartibda terilgandi. Oppoq nonni koʻrmaganimga qancha boʻlgandi-aniq esimda yoʻq. Non toʻla likopchani qoʻlimga olganimda yuragim hapriqib, tez-tez urdi, bir necha daqiqa oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Oʻzimga kelgach, yuzimga qon yugurdi va likopchani mahkam quchoqlab ortimga oʻgirildim. Shunda ellikdan ortiq qora koʻzlar menga ham javdirab, ham havas bilan tikilib turganining shohidi boʻldim. Ularning qarshisida oʻzimni noqulay his qildim. Parvo qilmaslikka intilib, tezroq non boʻlaklarini ogʻzimga solishni, rohat bilan chaynashni, koʻzlarimni yumib ularni yutishni, qornimni toʻygʻazishni oʻyladim. Ammo shunda ichimda nimadir uzilgandek qirs etdi. Chetga oʻtib qornim toʻyguncha non isteʼmol qilish oʻrniga ularning oldiga bordim.

— Ol, Umar! — dedim birinchi boʻlib Toshkentlik hamyurtim Islombekovning oldiga borib.

U avvaliga ikkilanib menga termulib turdi. Qoʻlini uzatishga istihola qildi. Picha oʻtib, bir boʻlakni olib, uning yarmini qoʻrqa-pisa sindirib ogʻziga soldi-da, qolgan yarmini likopchaga qaytarib qoʻydi.

— Oppoq non, — dedim borgan sari ozib ketayotgan tojik yigiti Choriyevning oldiga borgach.- Navfal, tatib koʻr!

U ham yarim boʻlakni olib, ogʻziga soldi. Qolganlar ham shunday yoʻl tutishdi. Shu tariqa likopchada non boʻlagi deyarli qolmadi. Oxirgi yarim boʻlakni qozoq yigiti Niyazovga berdim. U boshida qaysarlik qilib unamadi, oldimda xijolat boʻldi. Yoʻq degandek ichiga botib ketgan qisiq koʻzlarini yumib oldi. Ammo qornim toʻqligini unga qayta-qayta bildirib, nonni majburlab yedirdim. Likopchani boʻsh holicha askarga qaytarib berayotganimni koʻrib, kattakon menga yaqinlashdi.

— Esing joyidami? — dedi sigaretini torta-torta koʻzlarimga tik qarab.- Mashinani zoʻr yuvganing uchun nonni senga mukofot tariqasida bergandim. Sen boʻlsa qorningni toʻygʻazib olish oʻrniga uni boshqalarga boʻlib berding. Nega bunday qilding?

Men unga darhol javob qaytarmadim. Koʻz oldimdan asirlikka tushishidan oldin farzandli boʻlgan Islombekovning xotini, Navfal koʻp gapiradigan keksa onasi, Niyazovning bir oyogʻi yoʻq otasi va boshqa asirlarning yaqinlari bir-bir oʻtdi.

— Nega bunday qilding? — dedi kattakon boshimni egib, jim turganimni koʻrib yana.

— Chunki ularning vatanida kutadigan odamlari bor, — dedim nihoyat boshimni koʻtarib, bir unga va bir tilmoch yigitga boqarkanman. — Meni esa yoʻq. Ota-onam oʻlib ketishgan. Otamdan qolgan uyimni ham amakim yaqinda sotib yuboribdi.

Gapimni eshitib, kattakon ogʻir xoʻrsinib qoʻydi. Horgʻin yuziga zimdan koʻz tashlarkanman, unda hali insoniylik unsurlari butkul yoʻqolmaganini kichkina koʻzlarining maʼyus va rangsizligidan taxmin qildim. Xayolga choʻmgan paytim u sigaretini birdan yerga tashlab, tovoni bilan qattiq ezgʻiladi. Plashchining tugmalarini ketma-ket qadab biz asirlarga, yonidagi zobit va askarlarga, komendant va uning yordamchisiga, krematoriy va kultepaga qararkan “Got vergib uns, wir sind alle Geshopfe”** deb pichirladi. Shundan soʻng komendantga asabiylashib qatʼiy koʻrsatmalar berdida, barcha bilan quruq xayrlashib mashinaga oʻtirdi. Ketayotib men tomonga qarab qoʻyib, tilmoch yigitga alohida gapirdi. Uning mashinasi olislagach, avtomatini boʻyniga osgan SS askari tilmochning iltimosiga binoan meni orqa tomonga yetaklab ketdi. Ortimdan asirlar xayrixoh nigohlarini achinish aralash menga tikkancha, kattakon bergan nonni oʻzim yemay, ularga boʻlib berganim uchun chakkamdan otib tashlashga hukm qilinganimni chamalab, oʻzlarini ayblagancha simtoʻr yaqinidan keta olmay qolishdi.

— Islombekov, Choriyev, Niyazov… barchalaring mendan rozi boʻlinglar, — dedim ortimga oʻgirilib, ularga yuragim ezilib qararkanman ichimda. — Men ham sizlardan roziman.

Askar bilan yonma-yon ketayotib, u meni qayerda otarkin, omborxonaning oldidami yoki kultepani aylanib oʻtibmi, deb oʻyladim. Yoʻl boʻyi bolaligimda oʻrgangan istigʻforni kalimaga qoʻshib tinmay takrorlar, boshqa tomondan baribir orqamdan yigʻlab qoladigan hech kimim yoʻqligi oʻlimni boʻynimga olishimni bir muncha osonlashtirardi. Lekin u meni negadir oshxona tomonga yurishimni qoʻli bilan koʻrsatdi. Hech nimaga tushunmay, uning aytganini qildim. Oshxonaga kirgach, stolga oʻtirishimni soʻradi. Kalovlanib oʻtirdim. Sal oʻtib u yerda kuymalanib yurgan oshpaz ayol oldimga likopchada bir nechta boʻlak non, kattaroq mis idishda bifshteks va finjonda oʻrik sharbati qoʻydi. Hech nimaga tushunmay, mum tishlab turganimda roʻparamga tilmoch yigit kelib oʻtirdi.

— Brigadenfyurer*** seni ovqatlantirishimizni buyurdi.

Demak, kattakonning unvoni shunday ekan-da. Oʻsha lahzada bunga aytarli eʼtibor qaratmadim. Sababi, fikru zikrim roʻparamdagi tiriklik neʼmatlarida edi. Men koʻzlarimga ishonmasdim. Qoʻllarim qoshiqni ushlash-ushlamaslikni bilmas, tilim tanglayiga yopishib qolgandek uni hech qimirlata olmasdim. Bir amallab ovqatlanishni boshlaganimni koʻrgach, tilmoch yigit choʻntagidan yon daftarchasini olib uning ichidagi bir ayolning suratini tomosha qila boshladi.

— Non shirin ekanmi? — soʻradi orada yon daftarchasidan boshini koʻtarib.

Men boshimni qimirlatib, unga shundayligini taʼkidladim. Nonni avaylab tishlab, sekin chaynar, ovqatni lablarim titrab yutinardim. Boshqa tomondan oshqozonim ogʻrishdan tin olib borar, tanamga quvvat kira boshlagani bois koʻz oldim ortiq qorongʻulashmasdi.

— Hijolat boʻlmay tanovul qilaver, — dedi u iymanib ovqatga qoʻl urayotganimni koʻrgach. — Tushlikka yaqin qoldi. Sheriklaringga ham yaxshiroq ovqat beriladi endi. Brigadenfyurerning buyrugʻi shunday. Komendant uning talabini xoʻjalik boʻlimi rahbariga yetkazdi. Bugundan sizlarga kartoshka poʻchogʻini emas, mahalliy aholidan yigʻishtirib olingan qora polyak kartoshkasini qaynatib berishadi.

Men qoshiqni likopchaga qoʻyib, hayratlanib unga tikildim. U bunga eʼtibor bermay, meni savolga tutishda davom etdi.

— Isming nima?

Birinchi bor uni yaqindan razm solib kuzatdim. U xuddi men kabi yigirma besh yoshlar atrofidagi, qiziquvchan, sermushohada, xushsurat nemis yigit edi.

— Ismim Odil, — dedim unga javoban.

— Meniki Rixard. Rus tilini Berlindagi universitetda oʻrganganman. Ming nadomatkim, oʻqishim chala qolib ketdi. Oʻttiz sakkizinchi yilda armiyaga chaqirilib, shu boʻyi urush ichida yuribman.

Ovqatlanishimni bir pas kuzatib oʻtirgach, u shaxdam oʻrnidan turdi va nogoh eshik tarafga yoʻnaldi. U yerdan ortiga oʻgirildi. Menga va devordagi natyurmortga teran maʼyuslik bilan boqdi.

— Brigadenfyurer Leningrad qamali haqida bayonot berib ketdi, — dedi soʻng tomogʻini qirib olgach, siniq ovozda. — Stalingrad jangidan soʻng Gitler bu strategik jangni ham boy berishga yaqin turibdi… Bir tomonda Stalinning ittifoqchilari Fransiya janubidagi Normandiyada qimirlab qolishdi… Hademay siznikilar qamalni yorib oʻtib, bu yergacha yetib kelishadi. Oz qoldi… Urush tugaydi…

Eshikni tutqichidan ushlab ocharkan, u boshini bilinar-bilinmas sarak-sarak qilib qoʻydi. Shu boʻyi yoʻlakdan uning ovozi keldi.

— Nega Stalin va Gitlerning oʻzi urushib qoʻya qolmaydi-a? Ularning oʻrniga boshqalar urishishi va it azobini koʻrib oʻlib ketishidan maʼno bormi, Xudoyim?! Ming laʼnat ikkisiga ham.

Toʻqqiz oydan keyin — qirq beshinchi yilning yanvar oyi oxirlariga kelib qizil armiya askarlari konslagerni ozod qilishdi. Islombekov bu kunni koʻrmadi. Oʻn sakkiz yoshida uylanib, oʻn toʻqqiz yoshida urushga kelgan yigitcha, bir yil oʻtib koʻz oldimda ichterlamadan qazo qildi. Navfal kech kuzda yotoqxonada oʻzini osib qoʻydi. Ulardan tashqari men nonni boʻlishib yegan asirlarning yarmidan koʻpi ogʻir mehnat sharoitini sogʻligʻi koʻtarmay, azob-uqubatda Osvensim bagʻrida mangu qoʻnim topishdi. Men, Niyazov va kam sonlilargina oʻsha dorilamon kunlarga eson-omon yetib keldik…

Oradan koʻp yillar oʻtgan boʻlsa-da, oʻsha kunlar xuddi kecha boʻlgandek esimda turadi. Ayniqsa, bahor kelib oʻrik gullaganida shu yerda uning gullariga tikilib, oʻsha qirq toʻrtinchi yil bahorining iliq va serquyosh yakshanbasini, mahzun “oppoq non” voqeasini, nemislarning sutrang likobchasidagi nonning isini, uning hatto yarimta boʻlagini qoʻliga olib shodlangan — asirlikda qorni hech toʻymagan, koʻpi konslagerda hayot bilan vidolashgan, choʻpdek ozgʻin, sodda va samimiy, bir olam orzusi boʻlgan shoʻrlik jonlarni, ularning yutoqib non chaynashlarini bir lahza xotiramda jonlantiraman, dushmanim boʻlgan boʻlsa-da, bir kun dushmanligini unutib odamgarchilik qilgan koʻzoynakli brigadenfyurerni va ismi Rixard boʻlgan tilmoch yigitning jon kuydirib aytgan gaplarini bot-bot yodga olaman.

Zero, oʻsha kuni bir buxanka non “biz nima uchun urishyapmiz oʻzi” degan savolim bilan nemislar ham hech boʻlmaganda bir kun, bir soatgina yashashi mumkinligiga meni ishontirgandi. Ularning ayrimlari xuddi men kabi shu savolni oʻzlariga har kuni yoki oyda bir boʻlsin pinhona berishar, nega urishayotganliklarini goho tasavvur qila olmay gʻussaga choʻmishar, lahta-lahta toʻkilayotgan qonlar orasida vijdonlari dam-badam uygʻonib ayovsiz azob ichida qolishar, aks holda bitta mashinani qoʻl uchida yuvganim uchun likopchada toʻla non berib, oshxonada qornimni toʻygʻizishmas yoki asirlarga berilayotgan ayanchli ovqat ratsionini oʻzgartirishmasdi…

Otam gapirishdan toʻxtagach, oʻrnimdan turdim. Kosadagi ovqat sovub boʻlgan, unga qoʻl tekkizmagandim. Bir muddat nima qilishimni bilmay turgach, qiya ochiq turgan derazadan kirayotgan yelvizakni oldini olish uchun borib derazani yopib qoʻydim. Deraza oldidan ketgim kelmadi. Otamga nimadir degim keldi. U oʻrik daraxti tomonga qaraganicha qotib qolgan, kreslo chetini ushlagan qoʻllari dagʻ-dagʻ titrardi.

— Meni kechiring, — dedim oxiri oʻzimni tutolmay.

Otam tokchaga tirab turgan qoʻlimni qaltirayotgan qoʻli bilan tutdi. Men uning bagʻriga oʻzimni shitob urdim. Uning koʻzlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi.

— Shunchaki… bilasanmi… shunchaki qayerda tishlanganmi, siniqmi, qotganmi non boʻlaklarini koʻrmay, ularni haliyam konslagerdagi oʻsha sheriklarimga ilinaman. Shunday qizim, ilinaman. Menga ularning qorni haliyam ochdek tuyulaveradi…

Izohlar:

*SS- nemis maxfiy politsiyasi.

**Got vergib uns, wir sind alle Geshopfe (nemischa)- Yaratgan egam, biz hayvonlarni oʻzing kechir.

***Brigadenfyurer- bizning harbiy unvonlardan general-mayor unvoniga yaqin boʻlgan nemislarning harbiy unvoni.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?