Bahor mushoirasi

13:57 04 Mart 2020 Madaniyat
902 0

Ayol qalbini tushunish qiyin. Siz buni tushunmassiz, shu qadar nozikki, faqat mehr bilan tushunish mumkin. U ona – beshikni quchib kelajakni tasavvur qiladi, koʻngil rohibasi – muhabbati bilan dunyoni poklaydi, oʻqituvchi, shifokor, tadbirkor, rahbar, hokim, senator...

Tarixda ham ayollarimiz davlat ishlarida faol boʻlgan. Xalqning dardini tinglab, yechim topgan malikalarimizning yashab oʻtgan hayot yoʻllari ibratli. Eʼtiboringizga oʻz davrining yetuk shoiralari sheʼrlaridan saralangan bahor mushoirasini havola etamiz.

ZEBUNNISO 

ISMIM ZEBUNNISO

Layli zotidan esam-da, dilda majnuncha havo,
Togʻu tosh kezgum kelur, lekin yoʻlim toʻsgay hayo.

Mendan oʻrgandi-yu boʻldi gulga bulbul hamnishin,
Mengadur parvona ham shogirdu ishqimdur raso.

Zohirimdur gʻozarang, ammo nihonim qon erur,
Oʻz ichiga saqlagandek qip-qizil rangni hino.

Baski qoʻydim men falakning yelkasiga gʻam yukin,
Kiydi motam toʻnini-yu, boʻldi qaddi ham duto.

Shoh qizi boʻlsam-da, qildim faqr yoʻlin ixtiyor,
Bas, menga bu zebu ziynatkim, ismim Zebunniso.

NODIRABEGIM

FIGʻONKIM…

Figʻonkim, gardishi davron ayirdi shahsuvorimdin,
Gʻamim koʻp, ey koʻngul, sen bexabarsen holi zorimdin.

Gʻuborim ishq vodiysida barbod oʻldi andogʻkim,
Biyobonlarda Majnun toʻtiyo izlar gʻuborimdin.

Qizil qondur sirishkim, zaʼfarondur chehrai zardim,
Meni kim koʻrsa farq etmas, xazon birla bahorimdin,

Buzuldi roʻzgorim, xonai ayshim xarob oʻldi,
Na rohat koʻrgamen emdi buzulgʻon roʻzgorimdin.

Biyobonlarni izlab topmadim yorim soʻrogʻini,
Berurman jon, sabo nogah xabar keltursa yorimdin.

Diyorim ahli mendin yorsiz begona boʻlmishlar,
Ki men ham yorsiz ozurdamen yoru diyorimdin.

Gahi yirtib yaqo, gah qon yutub, gohi figʻon ettim,
Nalar oʻtdi bu axshom, Nodira, joni figorimdin.

JAHONOTIN UVAYSIY


MENDIN OʻRGANDI…



Ki bulbul nola, afgʻon aylamakni mendin oʻrgandi,
Vujudin shamʼi soʻzon aylamakni mendin oʻrgandi.

Borib sahroga, qon bagʻrimdin izhor ayladim bir kun,
Falak bagʻrin qizil qon aylamakni mendin oʻrgandi.

Shafaq xun boʻlgʻusi, dil, yor mehri gar nihon boʻlsa,
Samo gulguni domon aylamakni mendin oʻrgandi.

Koʻrub abroʻ hiloling, jon fido qildim jamolingga,
Ul oy husniga qurbon aylamakni mendin oʻrgandi.

Figʻonkim, gʻam tarogʻi xasta koʻnglum resh-resh etti,
Sanam zulfin parishon aylamakni mendin oʻrgandi.

Seni izlarman andoqkim, quyosh diydorin izlarda,
Kezib tun-kun, shitobon aylamakni mendin oʻrgandi.

Qanoat qildi Vaysiy, topti dildin gavhari nazmin,
Sadaf ham durri gʻalton aylamakni mendin oʻrgandi.

DILSHODI BARNO

QALAM TEKKIZMA…


Qalam tekkizma qoshingga, buzilmasun bu xat,
Falakdin oy misoli uzilmasun bu xat.

Ikki chiziqda mujassam yosin ayladi pay,
Bu ikki mast qoʻyilmay tuzilmasun bu xat.

Koʻshingni koʻrsatib oygʻa, xijolat etma ani,
Yuzingda doira shakli soʻzilmasun bu xat.

Yuzungga boqsam oʻqurman mashaf oyatini,
Ilohi ishqim oʻtidek qoʻzilmasun bu xat.

Mujgon oʻqi hamisha qoshinggadur mahram,
Qiyomat oʻlgʻucha hargiz toʻzilmasun bu xat.

Toq uzra tut hamisha ikki qamar yangʻligʻ,
Jahon nuri yogʻurmish ezilmasun bu xat.

“Val-layli val-qamar” oyat yozar ermish Barno,
Xurufi oyat uzra birdek tizilmasun bu xat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?