Bahor kuychisiga ehtirom

17:15 28 Fevral 2020 Madaniyat
530 0

Xalqimiz bahor faslini shoira Zulfiya Isroilovaning tavallud topgan kuni bilan boshlashni ezgu anʼanaga aylantirgan. Har yili ijodiy tashkilotlar vakillari, shoir va yozuvchilar, tarjimonlar hamda yosh ijodkorlar tomonidan sadoqat kuychisining qabriga gul qoʻyilib, shoir haykali poyida adabiy tadbir oʻtkaziladi. Qolaversa, Zulfiya tavalludi yurtimiz boʻylab katta adabiyot bayrami sifatida keng nishonlanishi sir emas.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida buyuk oʻzbek shoirasi Zulfiya tavalludining 105-yilligiga bagʻishlangan “Sen bahorni sogʻinmadingmu?” nomli adabiy-badiiy kechada ham ushbu xususiyatlar toʻgʻrisida alohida soʻz yuritildi. Tadbirda Qoʻmita masʼullari, A.Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Yozuvchilar uyushmasi vakillari, talabalar, yosh ijodkorlar va OAV xodimlari ishtirok etdi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Zulfiya jahon minbarlarini koʻrgan shoira, shu bilan birga, goʻzal tarjimon ham edi. U oʻzining boy adabiy merosi, faol ijodkor sifatidagi faoliyatida oʻzbek ayollarining salohiyati naqadar yuksak ekanini koʻrsatib berdi. U latif ijodi bilan sharq ayollari qalbiga ezgulik, muhabbat va sadoqatdan saboq bera oldi. U qoldirgan boy merosda jahon sheʼriyatidan qilingan tarjimalar, xususan, Pushkin, Qaysin Quliyev, Ukrainka, Gabriela Mistral kabi jahon sheʼriyatining nodir ijodkorlaridan qilingan tarjimalar oʻzbek adabiyoti xazinasidan munosib oʻrnin oldi. Bu bilan, nafaqat adabiyotga, balki oʻzbek xalqining turli millatlar oʻrtasidagi xalqaro doʻstlik rishtalari, adabiy aloqalarning mustahkamlanishiga-da ulkan hissa qoʻshdi.

Tadbirda shoira Zulfiya Isroilovaning shu kabi xislatlari toʻgʻrisida ham soʻz yuritildi. Talabalar shoira sheʼrlari va turli tillarga oʻgirilgan tarjimalardan namunalar aytib berdi.

 

Yulduz OʻRMONOVA,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?