Bahodirjon Sidiqov: “Oʻzbekneftgaz” AJ muammolarini hal qilishimiz uchun gaz narxini ikki baravar oshirishimiz kerak edi”

15:51 12 Iyul 2019 Iqtisodiyot
312 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Energetika vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻztransgaz” AJ rahbar xodimlari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda mutaxassislar Prezidentimizning 2019-yil 9-iyuldagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, neft-gaz tarmogʻini moliyaviy sogʻlomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mohiyati va ijrosi yuzasidan maʼlumot berdi.

Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, 2018-yil 13 milliard kub metr gaz eksport qilingan. Bugungi kunda Oʻzbekistonda yiliga 61 milliard kub metr gaz qazib olinadi. Shundan 35-40 milliard kub metrini “Oʻzbekneftgaz” AJ qazib oladi. Isteʼmolchilarga 35 milliard kub metr gaz yetkazib berilmoqda. Respublikaning ichki isteʼmoli esa 39-40 milliard kub metrni tashkil etadi. Qarorga koʻra, tabiiy gazni qazib olish hajmini keyingi yil 41 milliard kub metrga, 2024-yilda esa 42,3 milliard kub metrga olib chiqish rejalashtirilgan.

– Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 2 milliard dollar atrofida qarzimiz bor, – dedi “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Bahodirjon Sidiqov. – Ushbu kreditni oʻz vaqtida toʻlab boryapmiz. “Oʻzbekneftgaz” AJ 2017-2018-yillar zarar bilan chiqdi. Agarda bu yil sohada katta islohotlar boʻlmaganida aksiyadorlik jamiyati yana moliyaviy zarar koʻrardi. Bugungi kundagi “Oʻzbekneftgaz” AJ muammolarini hal qilishimiz uchun gaz narxini ikki baravar oshirishimiz kerak. Shundagina muammolar ijobiy hal etiladi.

“Bu taklifni muhtaram Prezidentimizga olib kirdik. Qattiq tanbeh eshitdik. Endilikda oʻz imkoniyatimizdan kelib chiqib, yuqoridagi muammolardan qutilish yoʻlini izlayapmiz. Buning uchun davlat tomonidan bizga katta yordam berilmoqda. Mavjud muammoning 20 foizini tariflar oshirilishi orqali, qolgan 80 foizini davlatning moliyaviy yordami orqali hal qiladigan boʻldik. Ishlab chiqilayotgan tariflarda katta oʻzgarishlar boʻlmaydi. Bu inflyatsiya darajasida boʻladi”, deya Bahodirjon Siddiqovning soʻzlaridan iqtibos keltiradi OʻzA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?