Bahodir Jalolovning raqibi oʻzgardi. U sobiq MMA jangchisiga qarshi chempionlik kamari uchun jang qiladi

11:25 10 Aprel 2019 Sport
209 0

Professional boksning oʻta ogʻir (+90,7 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Bahodir Jalolov (5-0, 5 KO) 10 aprel kuni oʻzining navbatdagi jangini oʻtkazishi haqida xabar bergandik.

GoSport.uz xabariga koʻra, jang boshlanishiga bir kun qolganda Jalolovning raqibi oʻzgargan. Reja boʻyicha u avvaliga Donni Palmerga (10-2-1, 9 KO) qarshi ringga chiqishi lozim edi. Ammo raqib oʻzgardi va Jalolov shu kuni boshqa bir amerikalik bokschi Brendan Barrettga (7-2-2, 5KO) qarshi ringga chiqadi. Ahamiyatli tomoni, shu kuni mazkur jang Shimoliy Amerika boks federatsiyasining (NABF) ikkinchi darajali kamari NABF Junior kamari uchun kechadi. Jang 6 raunddan iborat boʻlishi koʻzda tutilgan. Maʼlumot uchun mazkur toifadagi kamarni yarim oʻrta vazn (-66,68 kg) bir yil muqaddam Sanjarbek Rahmonov (11-2-1) qoʻlga kiritgan, keyinchalik magʻlubiyat sabab bu kamarini boy bergandi.

Mazkur toʻqnashuv, oldin xabar berganimizdek, Nyu-Yorkdagi “Sony Hall” saroyida boʻlib oʻtadi. Bahodir Jalolov 8 raundlik jang oʻtkazishni rejalashtirgan. Ushbu boks oqshomida oʻzbekistonlik boshqa bir bokschi Xurshidbek Normatov ham ringga koʻtariladi.

Jang oldidan bokschilarning tarozidan oʻtish marosimida Bahodir Jalolov 245 funt (111 kg) vaznda qayd qilingan boʻlsa, raqib Barrett 235 (106,5 kg) tosh bosgan. Maʼlumot uchun 37 yoshli Barrettning boʻyi 178 sm boʻlib, u Jalolovdan roppa-rosa 20 sm pastroq sanaladi.

Qiziq tomoni, Brendan Barret uzoq yillar davomida Aralash jang sanʼati (MMA) bahslarida ishtirok etib kelgan. MMAda 19ta jang oʻtkazib, 10ta gʻalaba, 8 magʻlubiyat va 1 durang natija qayd etgan. Uncha nufuzli boʻlmagan bir qancha yoʻnalishlarda chempionlik kamarini ham qoʻlga kiritgan.

Eslatib oʻtamiz, Bahodir Jalolov soʻnggi marta 15 mart kuni amerikalik boshqa bir bokschi Villi Harveyni (3-2-1, 3 KO) ikkinchi raundda texnik nokaut evaziga magʻlubiyatga uchratgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?