Bahodir Poʻlatov: Bugun quruq gaplarni bir chetga surib, amaliy ishlarga qatʼiy eʼtibor qaratilmoqda

16:42 25 Oktyabr 2018 Siyosat
1570 0

“Xalq davlat idoralariga emas,davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan mazkur ezgu gʻoya mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyatini tashkil etadi. Ayni shu jihatdan kelib chiqib, Harakatlar strategiyasi asosida aholi turmush farovonligini oshirish, ularning bugun baxtli yashashini taʼminlash, ertangi kunini yanadayorugʻ qilish maqsadida davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch hamda imkoniyatlari safarbar etilmoqda. Eʼtiborlisi, roʻy berayotgan oʻzgarishlarning dastlabki natijalari yurtdoshlarimiz hayoti va kundalik turmushida oʻzining yaqqol ifodasini topmoqda.

Yurtboshimiz ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida viloyatlarda boʻlganlarida oddiy odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ularni oʻylantirayotgan masalalarni oʻzlaridan eshitib, hal etmoqda. Bu esa barcha rahbarlar uchun ibrat sifatida xizmat qilayotir. Chunki avvallari mutasaddilar kabinetda oʻtirib ishlagani uchun hududidagi ahvoldan, mavjud vaziyatdan deyarli bexabar edi. Turli hisobotlar, qogʻozda aks etgan koʻrsatkichlarga ishonilib, shundan xulosa chiqarilardi. Vaholanki, haqiqiy holat butunlay boshqacha boʻlgan. Fuqarolar muammolariga yechim topa olmay qiynalgan. Bugun esa rahbarlar kabinetdan tashqariga chiqib, joylarda aholini bezovta qilayotgan dolzarb masalalar, haqiqatan ham, koʻpligiga amin boʻlyapti, ularning amaliy yechimi bilan shugʻullanmoqda. Natijada odamlarning kayfiyati oʻzgarib, ertangi kunga ishonchi ortyapti.

Lekin hali bajariladigan vazifalar juda koʻp. Qabul qilingan qonunlar, Prezident Farmon va qarorlari, hukumat qarorlarida qator chora-tadbirlar belgilab berilgan. Ularning ijrosi katta masʼuliyat talab qiladi. Xoʻsh, bugungi kunda Surxondaryo viloyatida bu boradagi ishlarning ahvoli qanday? Qurilish va obodonlashtirish jarayonlari, tadbirkorlik, turizmni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, aholi bandligini taʼminlash, umuman, ustuvor sohalar boʻyicha nimalar qilinmoqda? Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir POʻLATOV bilan suhbatimiz shu xususda boʻldi.

— Bugun barchamiz katta oʻzgarishlar davrida yashayapmiz, — deya soʻz boshladi Bahodir Baxtiyarovich. — Davlatimiz rahbarining ezgu gʻoyalari, tashabbuslari asosida jonajon Vatanimiz rivojlanishning yangi bosqichiga koʻtarildi. Ana shu jarayonlar butun mamlakatimiz boʻylab, eng olis hududlarni ham qamrab olgani bilan diqqatga sazovordir. Bundan tashqari, yuritilayotgan pragmatik tashqi siyosat tufayli uzoq va yaqin davlatlar bilan doʻstona aloqalar mustahkamlanib, hamkorlikda qator loyihalar roʻyobga chiqarilayotir. Shunga mos ravishda viloyatimizda ham dasturiy vazifalar ijrosi natijasida hudud tobora ravnaq topib bormoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 10-11 fevral, joriy yil 19-20 yanvar kunlari Surxondaryoga tashrifi chogʻida bergan yoʻl-yoʻriq va maslahatlari, topshiriqlari, tavsiyalari viloyat ahlini yanada ruhlantirib, shijoat bilan ishlashga undadi.

Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish dasturiga binoan ishlab chiqarish tarmoqlarini yaratish, xizmatlar koʻrsatish sifatini oshirish, hududlar infratuzilmasini yaxshilash, tabiiy boyliklarni oʻzlashtirishga doir umumiy qiymati 3 trillion 915 milliard soʻmlik 2585 ta loyihani roʻyobga chiqarish koʻzda tutilgan. Bugun ular ijrosiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qolaversa, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, sanoat korxonalarini texnik hamda texnologik yangilash saʼy-harakatlari olib borilyapti.

— Agrar soha mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim oʻrin tutadi. Bugun mazkur tarmoqni rivojlantirish boʻyicha ham talab mutlaqo boshqacha. Masalan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashni yoʻlga qoʻyishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Sababi, bu moddiy jihatdan ham, aholi bandligini taʼminlash nuqtai nazaridan ham ayni muddaodir. Shunday ekan, viloyatda ushbu yoʻnalishda qanday amaliy ishlar qilinmoqda? Aniq misollar bilan gapirib bersangiz.

— Surxon zaminida yil davomida ochiq usulda uch martagacha hosil olish mumkin. Tabiatning bunday saxovatidan omilkorlik bilan foydalanish evaziga viloyatda har yili ikki million tonnadan ortiq meva, poliz va sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi. Afsuski, bu mahsulotlarning, bor-yoʻgʻi, 11 foizigina oʻzimizda qayta ishlanadi. Endilikda mahsulotni yetishtirishdan tortib, uni isteʼmolchiga yetkazib berish, eksport qilishda ham zamonaviy yondashuvlarga eʼtibor berilmoqda. Yirik loyihalar hayotga tatbiq etilyapti. Masalan, “Gold Agro Fresh” agrofirmasida tashkil qilingan 100 gektar maydondagi issiqxonada pomidor, gulkaram, brokkoli, rukkola va yalpizning xaridorgir navlari parvarishlanib, yiliga 30 million AQSH dollarilik mahsulot tashqi bozorga chiqarilayotir. Shuningdek, “ASG Group” korxonalar uyushmasi tarkibidagi 6 ta korxona viloyatimizda tashkil etilgan. Joriy yilda mazkur korxonalar tomonidan 150 million dollarlik mahsulotni eksport qilish moʻljallangan.

Hozirgi kunda yana bir istiqbolli loyiha, yaʼni “Jarqoʻrgʻon meva-sabzavot eksport” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan kartoshkani Fransiya texnologiyasi asosida yetishtirish yoʻlga qoʻyilmoqda. U toʻla amalga oshgach, 1500 ta ish oʻrni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari koʻrsatmalariga binoan, viloyatda toʻqimachilik klasteri faoliyatini yoʻlga qoʻyish, paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlash boʻyicha ham saʼy-harakatlar olib borilyapti. Xususan, 2017 — 2019 yillarda Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 365 million dollarga teng 15 ta zamonaviy toʻqimachilik va yengil sanoat korxonasini ishga tushirish koʻzda tutilgan. Bu orqali 4 mingta qoʻshimcha mehnat joyi ochiladi.

— Surxon zaminida Mendeleyev jadvalidagi deyarli barcha element uchraydi. Bundan tashqari, toshkoʻmir, gaz, neft, marmar, osh tuzi, kaliy tuzi, ohak, granit tosh... Bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ana shu tabiiy boyliklardan unumli foydalanish, sanoatni rivojlantirish boʻyicha nimalar qilinyapti?

— Darhaqiqat, bunday tabiiy zaxiralarning mavjudligi katta imkoniyatdir. Ulardan mamlakatimiz ravnaqi yoʻlida foydalanish boʻyicha qator chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Misol sifatida aytib oʻtsam, Rossiya Federatsiyasi ishbilarmonlari hamkorligida Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida loyiha qiymati 5 milliard dollardan ortiq boʻlgan, yiliga 4 milliard kub metr gazni qayta ishlash, 289 ming tonna polipropilen, 211 ming tonna polietilen va 293 ming tonna oltingugurt ishlab chiqarish quvvatiga ega gaz-kimyo majmuasini qurish ishlari boshlab yuborildi. Sariosiyo tumanidagi “Shargʻun koʻmir” konini modernizatsiya qilish evaziga yiliga 900 ming tonna, Boysundagi “Toʻda” koʻmir konida esa 450 ming tonna koʻmir ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Istiqlolimizning 27 yilligi arafasida Sherobod tumanida loyiha qiymati 212,8 million dollarga teng sement zavodi foydalanishga topshirildi. Yiliga 1,5 million tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega mazkur korxonada mingdan ortiq kishilarning bandligi taʼminlandi. Shuningdek, Termiz shahrida yiliga 7 ming tonna kalava ip tayyorlanadigan “Amudar Teks” Oʻzbekiston — Angliya qoʻshma korxonasiishga tushirildi.Koʻzda tutilgan loyihalar koʻp. Ularni hayotga toʻlaqonli tatbiq etish harakatidamiz.

— Prezidentimiz yuqori iqtisodiy oʻsishga erishish va kuchli ijtimoiy himoyani taʼminlashda investitsiyalarning muhimligini qayta-qayta taʼkidlab kelmoqda. Bir necha bor oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishlarida bu borada hududlardagi ahvol, xorijiy investitsiyalarni jalb etishdagi sustkashliklar qattiq tanqid qilindi. Surxondaryoda bundan tegishli xulosa chiqarildimi?

— Chindan ham, investitsiya boʻlmasa, rivojlanish ham boʻlmaydi. Yurtboshimiz bu masala xususida qayta va qayta toʻxtalishlari bejiz emas. Biz shundan toʻgʻri xulosa chiqarib, astoydil harakat qilishimiz, xorijlik biznes vakillari, ishbilarmonlarni Oʻzbekiston bozoriga qiziqtirishimiz lozim. Chunki ular uchun hamma imtiyozlar joriy qilingan, erkin ishlashga imkoniyatlar yetarli. Buni tushuntira bilishimiz zarur.

Shu yilning 31 iyul — 3 avgust kunlari viloyatimiz delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Sichuan provinsiyasida boʻldi. Yirik kompaniya vakillari va sarmoyadorlar bilan amaliy muloqot qildik. Tashrifimiz chogʻida taʼlim, sanʼat va madaniyat, qishloq xoʻjaligi, qurilish hamda oziq-ovqat sanoati kabi yoʻnalishlar boʻyicha investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar oʻtkazdik. Tashrifimiz yakunlari boʻyicha 257 million AQSH dollari qiymatidagi 6 ta memorandum imzolandi. Xitoyning Shimoli-Sharqiy universiteti Ipak yoʻli arxeologiya markazi bilan Boysun tumanida arxeologiya muzeyi qurilishi boʻyicha kelishuvga erishildi.

Nafaqat Xitoy Xalq Respublikasi, balki Yevropaning bir qator rivojlangan davlatlari hamda Rossiya, Turkiya sarmoyadorlari bilan hamkorlikni kengaytirish, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish boʻyicha muayyan ishlar olib borilyapti. Binobarin, Prezidentimizning joriy yil 19 iyuldagi qaroriga koʻra, viloyatga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishni jadallashtirish dasturi ishlab chiqildi. Uning asosida, 2018 — 2020 yillar davomida Surxondaryoda umumiy qiymati 869 million dollarga teng jami 33 ta hududiy loyiha roʻyobga chiqariladi. Hozirgi kungacha ayni maqsadda 20 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻnaltirilgan xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi.

2019-2020 yillarda Turkiyaning “Etka Co Enerji A.S” kompaniyasining 500 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyasini jalb etish orqali Boysun tumanida shamol elektr stansiyasini barpo etish hamda Buyuk Britaniyaning “Shefra Energy Limited” kompaniyasi tomonidan 220 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya oʻzlashtirilishi evaziga Sherobod tumanida fotoelektr quyosh panellarini ishlab chiqarish loyihalari bajariladi.

Janubiy Koreyaning “Naturayn Ko LTD” kompaniyasi tomonidan Angor tumanida umumiy loyiha qiymati 18 million dollarga teng boʻlgan bioorganik mineral oʻgʻit ishlab chiqarish korxonasi tashkil qilinadi. Tojikistonning “Yevro invest Soxtmon” kompaniyasi tomonidan Sherobod tumanida umumiy loyiha hajmi 175 million dollarga teng sement zavodi barpo etiladi.

Shuni ham aytish kerakki, viloyatning shahar va tumanlarida sektor rahbarlari tashabbuslari bilan hududlarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida xorijiy investorlar bilan olib borayotgan oʻzaro kelishuvlar asosida umumiy qiymati 450,7 million dollarga teng 53 ta istiqbolli loyiha yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.

— Bugun Termizda juda katta qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. Koʻplab uy-joylar barpo etildi. Bu jarayonlar odamlar kayfiyatiga qanday taʼsir qilyapti?

— Albatta, har kim yaxshi sharoitda, barcha imkoniyat mavjud boʻlgan muhitda baxtli-saodatli yashashni istaydi. Bunday ezgu orzu-istakni roʻyobga chiqarish uchun Yurtboshimiz barcha saʼy-harakatni yoʻnaltirmoqda. Tashabbuslarning joylardagi ijrosini toʻlaqonli taʼminlash esa oldimizda turgan eng ulkan vazifadir.

Bugun quruq gaplarni bir chetga surib, amaliy ishlarga qatʼiy eʼtibor qaratilayotgani odamlarda davlatga ishonch tuygʻusini mustahkamlamoqda. Misol uchun, qanchadan-qancha oilalar oʻz uy-joyiga ega boʻlyapti. Ularning chehrasidagi mamnunlikka qarab, koʻp narsani anglash mumkin. “Boʻlar ekan-ku”, “Baraka topinglar”, degan samimiy gaplar odamga kuch bagʻishlaydi.

Fikrimizga asos sifatida aniq raqamlarni keltirsak. Oʻtgan yili 42 ta koʻp qavatli uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Buning uchun 326 milliard soʻm sarflandi. Joriy yilda esa viloyatimiz markazida jami 91 koʻp qavatli turarjoy bunyod etilmoqda. Jumladan, ularning 62 tasi tijorat banki kreditlari hisobidan, 10 tasi arzonlashtirilgan 7 qavatli 420 xonadonli uy-joy, 19 tasi esa “Qishloq qurilish invest” IK MCHJ mablagʻlari hisobidan qurilayotgan 3 qavatli 342 xonadonli koʻp qavatli uydir.

Termiz shahar bosh rejasiga binoan, hududda 30 ta yetti qavatli uy barpo etilishi belgilangan edi. Prezidentimiz viloyatimizga tashrifi chogʻida bunga qoʻshimcha yana 32 ta yetti qavatli uy qurish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Bunday ulkan gʻamxoʻrlikdan, albatta, aholi juda quvondi.

Viloyat markazining oʻzi haqida toʻxtalsak, bugun Termiz deyarli qaytadan qurilmoqda. Yaqinda 700 oʻrinli sanʼat saroyi, 3000 tomoshabinga moʻljallangan amfiteatrning foydalanishga topshirilishi Surxon eliga katta tuhfa boʻldi.

— Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Oʻzbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo — bosh ustuvor yoʻnalish” tamoyili mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhitni yaratib, asrlar davomida qon-qardosh boʻlib yashab kelgan, qadriyatlari oʻxshash xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga zamin yaratmoqda. Bunday ijobiy tendensiyalar allaqachon chegara hududlarida yashovchi odamlar hayotida koʻzga yaqqol tashlanayotir. Shunday emasmi?

— Buni Afgʻoniston misolida aytadigan boʻlsak, ikki davlat xalqlari azaldan bir daryodan suv ichib, doʻst va birodar boʻlib hayot kechirgan. Bugun Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʻtarildi. Bunda ikki davlat rahbarlari oʻrtasida muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi uchrashuvlar muhim asos boʻlib xizmat qilmoqda. Oʻzbekiston qoʻshni mamlakatda tinchlik va osoyishtalik taʼminlanishi tarafdoridir. Buning uchun amaliy qadamlar tashlayapti. Xususan, oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili tayinlangani, Toshkent va Kobul oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovi yoʻlga qoʻyilgani, shuningdek, Termiz tumanida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzurida Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi tashkil etilgani buning yaqqol tasdigʻidir.

Joriy yil mart oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Afgʻoniston boʻyicha Toshkent xalqaro konferensiyasi ushbu mamlakatda tinchlik oʻrnatish, barqaror rivojlanishni yangi bosqichga koʻtarish istiqbollarini belgilab berdi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 18 sentyabrdagi Farmoniga muvofiq, chegaradosh mamlakatlar, xususan, Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy va transport-logistika aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi.

Bugun nafaqat Afgʻoniston Islom Respublikasi, balki Tojikiston, Turkmaniston respublikalari bilan ham hamkorligimiz kuchayib boryapti.

— Yana aholi bilan muloqot mavzuiga qaytsak. Odamlarni oʻylantirayotgan masalalarni oʻrganish, ularga yechim topish borasida qilinayotgan ishlar haqida ham toʻxtalsangiz.

— Davlatimiz rahbarining 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga doir ustuvor chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida sektorlar ishini faollashtirmoqdamiz. Har bir hududda aniqlangan kamchiliklar boʻyicha “Yoʻl xaritasi” shakllantirilib, uning ijrosi bosqichma-bosqich taʼminlanmoqda. 5 ta jamoatchilik nazorati guruhi tashkil etilgan boʻlib, ular shahar va tumanlar kesimidagi mahalla va qishloqlar, aholi xonadonlarida boʻlib, sektorlar faoliyati ustidan muntazam jamoatchilik nazoratini amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, keng aholi qatlamining talab va istaklarini oʻrganish, murojaatlarini qayd etib borish maqsadida ijtimoiy tarmoqlardan ham unumli foydalanyapmiz. Aholi turmush farovonligi yoʻlidagi bunday saʼy-harakatlar izchil davom ettiriladi.

“Xalq soʻzi” muxbiri Ilhom RAHMATOV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?