Badiiy kengashdan oʻtmagan kliplar. Ularni namoyish etishdan kim manfaatdor?

10:01 28 Noyabr 2018 Jamiyat
1113 0

Yaxshi qoʻshiq insonning kayfiyatini, ruhiyatini koʻtaradi, badiiy didini, maʼnaviy olamini boyitadi. Shu bois bugun sanʼat rivojiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Yurtimizning koʻplab hududlarida yangi musiqa maktablari ochilmoqda, sanʼat koshonalari qad koʻtaryapti.

Biroq mavjud sharoit hamda koʻrsatilayotgan eʼtiborga qaramasdan sanʼatkorlarimiz tomonidan yaratilayotgan asarlarning barchasini ham xalqimiz didi, mentaliteti, maʼnaviy darajasiga mos, deb boʻlmaydi. Yengil-yelpi qoʻshiqlar hamon konsertlarda ijro etilmoqda, tele va radiokanallar orqali efirga uzatilayotir.

Qofiyasiz, turoqsiz, toʻmtoq, koʻcha tiliga yaqin boʻlgan soʻzlardan iborat qoʻshiqlar ham kuylanmoqda. Bir ayol xonandaning “Olmali aymoqcha” deb nomlangan qoʻshiq matnida shunday soʻzlar keltirilgan: “Olmali aymoqcha, lablari qaymoqcha, shu bolani soʻrasangiz, hammasidan boʻlakcha”. Boshqa ayol xonandaning bir qoʻshigʻidagi mana bu soʻzlarga nima deysiz: “Buncha shirin oʻzga bogʻning olmasi...” Buni aytish toʻgʻrimi?

2017 yil 3 avgust kuni Prezidentimizning mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan boʻlgan uchrashuvida aynan sanʼat ahliga murojaat qilindi hamda bu yoʻnalishdagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yoʻllari aniq-tiniq belgilab berildi.

Ushbu uchrashuvdan soʻng “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi qoshida Qoʻshiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash boʻyicha Badiiy kengash tashkil etish gʻoyasi ilgari surildi. Joriy yilning fevral oyidan Badiiy kengash oʻz faoliyatini boshladi. Maʼnaviyat targʻibotchilari, shoirlar, klipmeykerlar, sanʼatshunoslar, bastakorlar va xonandalardan iborat kengash tomonidan shu yilning oʻtgan toʻqqiz oyida xonandalar taqdim etgan jami 165 ta videoklip koʻrib chiqildi. Ijodiy ishlarning 32 tasi butunlay rad qilindi.

— Keyingi paytlarda ayrim xonandalar tomonidan ijro etilayotgan maʼnosiz qoʻshiqlar hamda ularga ishlangan kliplar xususida turli eʼtirozlar bildirilmoqda, — deydi “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi masʼul xodimi, Badiiy kengash aʼzosi Matluba Temur qizi. — Tanqidlar oʻrinsiz emas. Badiiy kengash nizomida qator talab va shartlar belgilangan. Jumladan, videokliplarda milliy mentalitetimizga xos boʻlmagan, yoshlarning ruhiy-maʼnaviy olamiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan, “ommaviy madaniyat” unsurlari, yaʼni oʻarbga taqlid qilish hollari, urush hamda giyohvandlik sahna tasvirlari, ochiq-sochiq kiyimlar, behayo xatti-harakatlar oʻrin olmasligi kerakligi qatʼiy belgilab berilgan. Eng asosiysi, qoʻshiq matni, yaʼni sheʼr mazmun-mohiyatiga alohida eʼtibor qaratish lozimligi har bir ijrochiga uqtirib kelinyapti. Qolaversa, bizga taqdim etilayotgan videokliplarning ayrimlarida qoʻshiqning mazmuni boshqayu undagi tasvirlarning maʼnosi umuman boshqa ekanligini koʻramiz. Bachkana xatti-harakatlar, umuman, keraksiz gap-soʻzlar... Kengash aʼzolari mana shunday qusur va kamchiliklarni bartaraf qilish yoʻlida jiddiy ish olib boryapti.

Taassufki, shuncha chora-tadbirlar koʻrilayotganiga qaramay, efir orqali baʼzan maʼno-mazmunsiz, badiiy jihatdan sayoz qoʻshiq va kliplar namoyish etilyapti.

Yaqinda efir orqali bir xonandaning yangi qoʻshigʻiga olingan klipga koʻzim tushib qoldi. Klip epizodida xonanda toʻyda kelin obrazida bir dasta gulni teskari turgan holda kelin dugonalariga otib yuboradi. Qizlar esa uni ilib olish uchun tashlanadi. Maʼlumki, oʻarbga xos bu anʼana orqali qizlar biz ham tezroq erga tegaylik qabilida ish tutadilar. oʻarbning bu boradagi qarashlarini tushunsa boʻlar. Chunki ularning oʻziga xos madaniyati, urf-odatlari, oʻzlari amal qiladigan rasm-rusumlari, odatlari bor. Biz esa sharqona mentalitetga ega xalqmiz. Klipdagi holatlarni koʻrib, bizning qizlarda oʻzbekona ibo-hayo, iffat tushunchalari qayerda qoldi, degan xayolga borasiz.

Ayrim kliplarimizda qoʻshiqchilarning tashlandiq joylardagi devorlarda aks ettirilgan, axloqiy meʼyorlarga toʻgʻri kelmaydigan rasmlardan iborat strit-art yozuvlari yonida yoki qurilishi chala inshootlar ichida turib qoʻshiq kuylayotganini qanday izohlash mumkin? Maqsad — bunday yozuv va rasmlarni targʻib qilishmi? Yoki bu orqali “original” boʻlib koʻrinishmi?! Bizningcha, bu saviyasizlik, xorij filmlari hamda kliplariga koʻr-koʻrona taqlid qilish, ulardan andoza olishdan boshqa narsa emas. Sanʼatning maʼnaviyatimizni boyitadigan kuchli vosita ekanini hisobga olsak, bu holat yoshlar tarbiyasi va dunyoqarashiga salbiy taʼsir koʻrsatishi aniq.

Baʼzan telekanallar orqali “Oʻzbekkonsert” badiiy kengashi muhokamasidan oʻtmagan qoʻshiq hamda kliplar ham efirga uzatilmoqda. Sababi baʼzi xususiy telekanallar efir orqali buning evaziga moʻmay daromad topadi. Xonanda esa falon million soʻmga tayyorlangan “ijod mahsuli” besamar ketmaganidan, uni reklama qilganidan xursand.

“Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi masʼul xodimlarining bu masalaga oydinlik kiritishicha, ayrim talabga javob bermaydigan qoʻshiq va kliplar telekanallarda “koʻrinish” berayotganining asosiy sababi ular Badiiy kengash tuzilguniga qadar kanallarga taqdim etilgan. Shu bois ular hamon “isteʼmolda”. Rad qilingan kliplarning oynai jahonda efirga uzatilishining oldini olish uchun tashkilot har bir telekanal masʼullariga kengashdan oʻtmagan “ijod mahsullari” roʻyxatini bergan. Bu esa ayrimlar uchun “ayni muddao” boʻlmoqda.

— Taassufki bugun ayrim xonandalar tomonidan kuylanayotgan qoʻshiqlarga oʻzbekona ohanglar yetishmayapti, — deydi Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist, “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi qoshida Qoʻshiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash boʻyicha Badiiy kengash raisi Azim Mullaxonov. — Agar buning oldi olinmasa, ertaga qoʻshiqlarimizda oʻzbekona ohang qolmaydi, boshqa xalqlarning musiqalari aralashib, bizning milliy kuy-musiqamiz yoʻqolib ketadi. Shuning uchun Badiiy kengash yigʻilishlarida bastakorlar, musiqiy sayqal beruvchilarga, qoʻshiq har qancha zamonaviy boʻlmasin, kerakli joylariga oʻzbekona ohangni ham qoʻshishni qattiq uqtiramiz.Yangi bir kengash tuzilsa-da, ushbu kengashda televideniye va radio vakillari ham boʻlsin. Ushbu kengash vakillari kliplarni ham, qoʻshiqlarni ham, sheʼrlarni ham saviya jihatidan muhokama qilishsin, urf-odatlarimizga, millat tabiatiga toʻgʻri kelmaydigan qoʻshiqlar hamda kliplar sanʼat darajasidami yoki yoʻqmi, shuni koʻrib chiqishsin. Shundagina televideniye va radio vakillari ham bu masalada masʼuliyatni yanada chuqurroq his etgan boʻlar edi.

Bunday muammolarning urchib ketishida oʻzimiz ham aybdormiz. Deylik, toʻy-hashamlarda toʻrtta-beshta qoʻshiqqa ogʻzini qimirlatib, moʻmay pul olib ketadigan “birrovchi”lardan Maʼmurjon Uzoqov, Murodjon Ahmedov, Tavakkal Qodirov, Kamoliddin Rahimov singari ustoz sanʼatkorlarning mashhur qoʻshiqlarini aytib berishlarini talab qilmaymiz! Toʻgʻri, estrada qoʻshiqchilari qanday qilib bunday mumtoz ashulalarni aytadi, ularning yoʻnalishi boshqa-ku, deyishingiz mumkin. Xalqimiz qalbining toʻridan joy olgan, bunday dargʻalar ijodidan mutlaqo bexabarlarni sanʼatkor, deb boʻlmaydi. Bir-ikki marotaba ana shunday talablarni bajara olmay, xalq oldida izza boʻlgan odam keyingi safar toʻyga borishdan oldin yana bir bor xijolat tortmaslikka harakat qiladi. Zero, qoʻshiq — maʼnaviy mulk. Isteʼmolchi sifatida unga nisbatan talabni kuchaytirmas ekanmiz, sifatsiz, maʼno-mazmunsiz kuy-qoʻshiqlarning tinglovchisi boʻlib qolaveramiz.

Shahzod AFFOROV.

Tahririyatdan: muallif maqolada qoʻshiqchilik sanʼatida ijro mahorati, musiqiy kliplar xususida eʼtiborga molik fikrlarini bayon etgan. Unga qoʻshilish yoki qoʻshilmaslik ham mumkin. Tahririyat zamonaviy estradamizning bugungi koʻrinishiga nisbatan taklif-mulohazalaringizni kutib qoladi. 
Zero, haqiqat koʻpchilikning xulosalari orqali aniqlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?