Badbo‘y maydonga aylangan tarix. Xorazmda sayyohlik obyekti qarovsiz qolmoqda

10:52 19 Iyul 2018 Jamiyat
645 0
Foto: “Xalq so‘zi”.

Yurtimizga kelayotgan xorijiy sayyohlarning bir qismi Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarimizni, ajdodlarimizning bemisl bunyodkorlik salohiyatini namoyish etuvchi qadimiy obidalarni, noyob osori atiqalarni tomosha qilish maqsadida tashrif buyursa, bir qismi O‘zbekistonning musaffo tabiati, boy o‘simlik va hayvonot olami bilan tanishish istagida kelishadi.

Foto: “Xalq so‘zi”.

Xorazm viloyatidagi uch ming yillik tarixga ega Qalajiq qal’asi esa tarixiy va ekoturizm imkoniyatlari uyg‘unlashgan ajoyib maskanlardan biri. Qoraqum barxanlari orasida joylashgan qal’aning janubiy qismida mo‘jizaviy ko‘l mavjud bo‘lib, uning suvi shifobaxshligi bois har yili iyul-avgust oylarida bu yerga 10-15 ming nafar dam oluvchilar tashrif buyuradi. Kimdir tabiat qo‘ynida oila a’zolari bilan dam olib, hordiq chiqarsa, yana birov ko‘l suvi va balchig‘idan turli xastaliklarga davo istab keladi.

Foto: “Xalq so‘zi”.

Ammo dam olish maskanining bugungi ahvoli, sanitariya holati dilni xijil qiladi. Dam oluvchilar uchun mo‘ljallangan o‘tovlardan atigi 10 metr uzoqlikda o‘rnatilgan maxsus idishlardagi maishiy chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmagani bois kunning jazirama issig‘ida atrofga taralayotgan badbo‘y hid har qanday dam oluvchini bu maskandan tezroq uzoqlashishga undaydi. Bir vaqtlar ko‘lda cho‘miluvchilar uchun kiyinish bo‘lmalari, ichimlik suvi ta’minoti, tibbiyot xizmati tashkil qilingandi. Afsus dam oluvchilarga ko‘rsatiladigan xizmat turlari ko‘payish o‘rniga borlari ham yo‘qolib ketibdi. Dam olish maskanidagi noxush manzaralar esa tashrif buyuruvchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Foto: “Xalq so‘zi”.

Qadimiy qal’a va uning atrofidagi turistik imkoniyatlardan foydalanib, hududni nafaqat mahalliy sayyohlar, balki xorijliklar ham tashrif buyuradigan maskanga aylantirish mumkin. Buning uchun zarur tibbiy, maishiy, madaniy va savdo xizmatlarini zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yish lozim. Qal’a devorlarini restavratsiya qilish, unga olib boruvchi yo‘llar va atrofini obodonlashtirish, hunarmandlar rastalari, do‘kon, oshxona, hojatxona va boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, muzey tashkil etib, unda arxeologik topilmalarni joylashtirish orqali bu yerga keladigan sayyohlar oqimini bir necha barobar ko‘paytirish mumkin.

Foto: “Xalq so‘zi”.

Mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishga iqtisodiyotni yuksaltirishning asosiy omillaridan biri sifatida qaralayotgan bir paytda Qalajiq dam olish maskanida tabiatning bebaho ne’matiga bunday munosabatni qanday tushunish mumkin?

Odilbek ODAMBOYEV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?