Aziz Turgʻunboyev, Jaʼfar Irismetov, Shamshod Sarikov va Ilhom Moʻminjonov vaqtincha futboldan chetlashtirildi

13:54 05 Fevral 2019 Sport
670 0

Bir vaqtning oʻzida ikki klub bilan shartnoma imzolashda gumon qilinayotgan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Aziz Turgʻunboyevning mojaroli ishi Futbolchilarning maqomi va oʻtishi boʻyicha qoʻmita tomonidan oʻrganib chiqildi.

Maʼlum boʻlishicha, Turgʻunboyevning “Navbahor” futbolchisi sifatida PFL roʻyxatidan oʻtkazilgan shartnomasi 2018 yilning 30 noyabr kuni oʻz yakuniga yetgan. U Futbolchilarning maqomi va oʻtishi boʻyicha reglament bandlaridan kelib chiqib, shartnomasi yakuniga yarim yil vaqt qolganida boshqa klublar bilan muzokara oʻtkazishi mumkin edi. Uning bu huquqidan “Paxtakor” futbol klubi unumli foydalanishga harakat qilgan hamda Aziz Turgʻunboyev bilan 2018 yilning 5 sentyabr kuni 2 yilga moʻljallangan hamda 2019 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradigan shartnoma imzolagan.

Ishni oʻrganish jarayonida ishtirok etgan “Navbahor” tomoni bu shartnomani mavhum qoldirishga harakat qildi. Biroq Aziz Turgʻunboyevning koʻrsatmasi hamda mavsum yakunlanganidan soʻng PFL bosh direktori nomiga yozgan arizasi orqali maʼlum boʻladiki, “Navbahor” futbolchining Toshkent klubi bilan shartnomasi bor ekani haqida bilsa-da, 2018 yilning 29 noyabr kuni Turgʻunboyevni yangi shartnomaga qoʻl qoʻyishga undagan. Bunda “Navbahor” tomoni Turgʻunboyev bilan 30 noyabr kuni yakuniga yetadigan shartnomani uzaytirmagan, balki futbolchiga yangi shartnoma imzolatgan. Qoʻshimchasiga, Turgʻunboyev vaziyat silliq hal etilishiga ishontirilgan.

Mazkur ish jiddiy tus olishni boshlaganiga qaramay, dekabr oyi ekvatoriga kelib Turgʻunboyev “Paxtakor” bilan navbatdagi shartnomaga imzo chekkan. Oqibatda vaziyat butunlay izdan chiqqan. Bungacha PFL na “Paxtakor” va na “Navbahor” bilan tuzilgan shartnomalarni roʻyxatga olgan. Boisi, Oʻzbekistonda qishki transfer oynasi 17 dekabrga kelibgina ochilgan. Boz ustiga, 2019 yilgi mavsum uchun reglamentda jiddiy oʻzgarishlar qilayotgan PFL yuqoridagi kabi holatlarning oldini olish maqsadida muhim yangilikka qoʻl urgandi. Unga koʻra, futbolchi va klub oʻrtasida imzolanayotgan har qanday shartnoma roppa-rosa 1 oy ichida PFL roʻyxatidan oʻtkazilmasa, tashkilot uning haqiqiyligini tan olmaydi. Mazkur qoida 2019 yilning 1 yanvar kunidan keyin taqdim etiladigan shartnomalar uchun taalluqlidir.

“Paxtakor” aynan 1 yanvar kuni Aziz Turgʻunboyev bilan tuzilgan shartnomani Osiyo Chempionlar ligasiga roʻyxatdan oʻtkazish uchun olib keldi. Bu vaqt ichida “Navbahor” futbolchi bilan tuzilgan shartnomani taqdim etmadi. Namangan klubining Turgʻunboyev bilan tuzilgan shartnomasi OʻFA komissiyasi mazkur ishni oʻrganishni boshlaganidan keyingina koʻrsatildi. Vaholanki, “Navbahor” boshqa klub bilan shartnomasi bor boʻlgan futbolchini Qrimda tashkil etilgan yigʻinga jalb qilgan. “Paxtakor” tomoni esa aynan shundan kelib chiqib PFLga shikoyat arizasi bilan chiqqan.

Oʻrganishlar natijasida Aziz Turgʻunboyevning ikki klub bilan shartnoma imzolagani aniqlandi. Bu esa Futbolchilarning maqomi va oʻtishi boʻyicha reglamentning 5.43 bandiga ziddir. Shuningdek, Turgʻunboyev bir vaqtning oʻzida PFL vakillariga ham ikki xil istagini bildirgan. Xususan, u 2018 yilning 3 dekabr kuni “Paxtakor”da oʻynashni istayotgani, biroq uning bu qaroriga “Navbahor” tomonidan bosim boʻlayotgani haqida oʻz qoʻli bilan ariza yozib ketgan. 2019 yilning 1 yanvar kuni esa “Paxtakor” bilan tuzilgan 5 sentyabr sanasidagi shartnomani bekor qilishni soʻrab ariza yozgan. Shu yilning 2 fevral kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda esa bosim “Paxtakor” klubi vakillari tomonidan qilingani borasida koʻrsatma bergan.

Aziz Turgʻunboyevning milliy terma jamoa futbolchisi ekani, bunday mojaroli ishga birinchi bor aralashib qolayotgani hamda boshqa bir qator omillar hisobga olinib, futbolchiga nisbatan yengilroq jazo tayinlandi. Endilikda u 2019 yilning 9 iyul sanasiga qadar futbolga aloqador barcha turdagi faoliyatdan diskvalifikatsiya qilinadi. Mazkur vaqt davomida Turgʻunboyev Superliga hamda Pro-liga “A” klublari bilan shartnoma imzolay olmaydi.

Mazkur masala oʻzbekistonlik qolgan futbolchilar uchun ham saboq boʻlishi kerak. Bundan buyon yuqoridagi kabi holatlar jiddiy oʻrganib chiqiladi va reglamentga zid ish qilganlar yanada jiddiyroq jazolarga tortiladi. Aziz Turgʻunboyev ishidagi qolgan detallar, klublarning bu mojarodagi ishtiroki va roli, ular tomonilan yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar yuzasidan komissiya oʻz qarori quyida maʼlum qilinadi.

Murabbiy Ilhom Moʻminjonov 1 yilga futboldan chetlashtirildi

2018 yilning katta qismida “Navbahor” bosh murabbiyi sifatida ishlab kelgan Ilhom Moʻminjonov futbolga aloqador barcha turdagi faoliyatdan 1 yilga diskvalifikatsiya qilinadi. Bu haqdagi qaror Intizom va odob-ahloq qoʻmitasi tomonidan qabul qilindi.

Qayd etish kerak, Turgʻunboyev mojarosini faqatgina Futbolchilarning maqomi va oʻtishi boʻyicha komissiyagina hal qila olmasdi. Voqeaga aloqador boʻlgan barchaga odilona sanksiyalar qoʻllash uchun OʻFA Intizom va odob-ahloq qoʻmitasini ham ishga jalb qildi. Mazkur qoʻmita Ilhom Moʻminjonov tomonidan yoʻl qoʻyilgan hamda kasb etikasiga toʻgʻri kelmaydigan bir qator jarayonlarni aniqladi.

Jumladan, Moʻminjonov Aziz Turgʻunboyevni 2018 yilgi mavsumda ham “Navbahor” sharafini himoya qilishga koʻndiradi. Biroq keyinchalik undan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalana boshlaydi. Birlamchi, Moʻminjonov oʻz shogirdini futbol agentlari bilan tanishtiradi. Yaʼni, Turgʻunboyev Moʻminjonovning tavsiyasiga koʻra Aleksandr Mitrofanov boshchiligidagi agentlar bilan hamkorlik qila boshlaydi. Mitrofanov nomidan bitimni oʻzbekistonlik Rustam Shoymardonov imzolaydi. Suhbat davomida Turgʻunboyev Mitrofanovni umuman tanimasligini, shartnomani Shoymardonov bilan tuzganligini aytdi. Moʻminjonov esa bu haqda Turgʻunboyevdan yaxshiroq maʼlumotga ega. Biroq asosiy detallarga kelganda, u koʻp narsadan bexabar ekanligini qayd etmoqda. Mazkur bitimdan Moʻminjonov moddiy manfaat koʻrganmi yoki yoʻq degan savolga murabbiy rad javobini berdi.

Ikkinchidan, Moʻminjonov oʻzi boshchilik qilayotgan “Navbahor” klubining chempionlik yoʻlidagi prinsipial raqibi boʻlgan “Paxtakor” qaramogʻiga Turgʻunboyevni oʻzi olib boradi. Bunda futbolchi bilan koʻp yillik emas, bir yillik shartnoma tuzilgani, endi esa futbolchi yangi jamoaga erkin agent sifatida yoʻl olishi kabi masalalar yotibdi. Yaʼni, “Navbahor” oʻz kashfiyotining ortidan hech qanday moliyaviy foyda koʻrmaydi. Moʻminjonov yuqoridagi kelishuvdan qandaydir manfaat koʻrgani borasidagi savolga ham rad javobini berdi. Biroq murabbiy oʻzi uchun raqib boʻlgan klub manfaatlariga nima uchun xizmat qilib yurganini izohlay olmadi.

Uchinchidan, Moʻminjonov “Navbahor”da futbolchilar bilan aynan oʻzi hisob-kitob qilgani aniqlandi. Murabbiyning asl vazifasi futbolchilarning sport formasi bilan ishlash boʻlsa-da, Moʻminjonov klubda hisobchi ham boʻlgan va homiylar tomonidan berilgan mablagʻlarni oʻzi bilganicha taqsimlayvergan.

Etika qoʻmitasining daʼvosiga koʻra, yuqoridagilarning barchasi odob-ahloq normalariga toʻgʻri kelmaydi. Oʻzi pul topayotgan klub manfaatlariga xizmat qilish oʻrniga, uning ichida turib boshqa klub bilan oldi-beri qilishni afzal koʻradigan murabbiy vaqtinchalik boʻlsa-da futboldan chetda yurgani maʼqul deb topildi va Moʻminjonov 1 yilga futboldan diskvalifikatsiya qilindi.

Shamshod Sarikov va Jaʼfar Irismetov 6 oyga diskvalifikatsiya qilindi

Reglamentda belgilab qoʻyilgan talablarni pisand qilmaydigan, ulardan yaxshi xabardor boʻlmasligi oqibatida, oʻz klublari shaʼniga putur yetkazadigan kadrlar ikki qoʻmita oʻzaro kelishuvi bilan6 oyga futboldan chetlashtirdi.

“Paxtakor” sport direktori Jaʼfar Irismetov oʻzi faoliyat olib borayotgan klub Aziz Turgʻunboyevning transferi masalasi yuzasidan “Navbahor”ga rasmiy chiqish qilmagan boʻlsa-da, futbolchining oʻzi, jamoa murabbiyi Ilhom Moʻminjonov hamda futbol agentlari bilan bemalol ish olib boravergan. Yaʼni, Turgʻunboyevning “Navbahor” bilan shartnomasi yakuniga 6 oydan koʻproq vaqt boʻlsa-da, Irismetov reglamentga zid ravishda klubni rasmiy ogohlantirmay, u bilan aloqaga chiqavergan. Suhbat davomida Irismetov buni oʻzi tan oldi.

Shuningdek, Irismetov “Navbahor” bilan ikkinchi shartnomaga qoʻl qoʻymaslik, bu reglamentning buzilishi boʻlishi haqida Turgʻunboyevni toʻgʻri ogohlantirgan. Biroq sport direktori sifatida oʻzi yuqoridagi xatoga yoʻl qoʻygan, shuningdek, “Paxtakor” tarkibiga kelib qoʻshilmasa, futbolchini 2 yil futboldan chetlashtirib yuborish bilan qoʻrqitgan. Vaholanki, bu ishni u OʻFA orqali hal qilishi mumkin edi. Futbolchiga boʻlgan bosim esa ortiqcha.

“Navbahor” vitse-prezidenti Shamshod Sarikov esa Turgʻunboyev ishini silliq qilib yuborish borasidagi puch yongʻoq bilan futbolchining qoʻynini toʻldirib, uni ikkinchi shartnomaga undagan hamda unga qoʻl qoʻydirgan. Shuningdek, PFL roʻyxatdan oʻtkazgan boshqa klub futbolchisini hech kimni ogohlantirmay, Qrim yigʻiniga olib ketgan. Reglamentni yuqoridagi kabi masalalari unga tushuntirilganda, Sarikov ulardan bexabarligi, boshqa narsadan umid qilgani, boshqacha oʻylagani kabi vajlarni keltirdi. Shundan kelib chiqib, OʻFA Sarikovga ham futbol borasidagi bilimlarini oshirib olish uchun imkoniyat berishga qaror qildi va uni ham Irismetov kabi 6 oyga futbolda chetlatdi. Qoʻshimchasiga, futbol haqida yetarlicha tasavvurga ega boʻlmagan, oʻz vazifasiga noloyiq deb topilgan “Navbahor” bosh direktori Rusal Akromov ham futboldan 6 oy “dam oladi”. U mazkur masalalarni oʻz nazoratiga olmagani, reglament haqida tasavvuri yoʻqligini tan olib oʻtdi.

Bu ikki tarafning oʻyinlari sabab huquqiy savodi yetarlicha boʻlmagan bir futbolchi aziyat chekdi. Shuning uchun ham faqatgina Turgʻunboyevning diskvalifikatsiya boʻlib ketishi adolatdan boʻlmasdi. “Paxtakor” va “Navbahor” rahbariyati oʻz sport direktoriga, vitse-prezidentiga ishonib ish koʻrgan va voqeaning barcha tafsilotlaridan boxabar boʻlmagan. Yuqoridagilarni inobatga olib, Aziz Turgʻunboyev bilan tuzilgan har qanday shartnomalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topiladi. Yaʼni, 9 iyulga qadar Turgʻunboyev hech bir klub bilan aloqaga chiqmaydi, ammo shu sanadan eʼtiboran erkin agentga aylanadi. Turgʻunboyev bilan kelishish vaqtida hozir boʻlgan, biroq uning boshiga ish tushgan vaqtda himoya uchun kelmagan futbol agentlari bilan hamkorlik davom etishi yoki etmasligini uning oʻzi hal qiladi. OʻFA esa oʻzbekistonlik futbolchilarni bu kabi ishlarda shoshilmaslikka va oʻylab qaror chiqarishga chaqiradi.

“Bundan buyon shartnomalar, futbolchi va murabbiylarning etika masalalari jiddiy nazoratda boʻladi va har kim qilmishi uchun javob beradi. Futboldan chetlashtirilgan shaxslar bilan aloqaga oʻrnatgan, ulardan futbolga oid ishlarda foydalangan har qanday tarafni jiddiy sanksiyalar kutadi. Shuningdek, futbolga aralashgani aniqlansa, yuqoridagi shaxslar bundan ham ogʻirroq sanksiyalarga duchor boʻladi” deyiladi OʻFA xabarida.

OʻFA “Paxtakor” va “Navbahor” futbol klublarini yuqoridagi kabi masalalarga jiddiy eʼtiborda boʻlishga chaqiradi. Keyingi safar klublar katta jarimalarga tortilishi yoki futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazish huquqidan mahrum qilinishi mumkin. Yuqoridagi qarorlar ikki qoʻmita aʼzolari tomonidan belgilangan tartibda qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?