Ayollarning ishbilarmonlik qobiliyati – taraqqiyot uchun muhim resurs

13:33 04 Avgust 2020 Siyosat
260 0

Xotin-qizlar orasida tadbirkorlikni rivojlantirish jahon miqyosida davom etayotgan muhim jarayonlardan biri hisoblanadi. Jumladan, klaster usulidagi ayolar biznesiga alohida eʼtibor berilayotgan mamlakatlarda kichik va oʻrta bizning YAIMdagi ulushi sezilarli ortmoqda.

Mutaxassislarning fikriga koʻra, aynan xotin-qizlar tadbirkorligining salohiyati jahon yalpi ichki mahsulotini ikki barobarga oshirishi mumkin. Boston Consulting Group kompaniyasi ekspertlari ham aynan shunday xulosaga keldi. Ular oʻtkazgan tadqiqot maʼlumotlariga koʻra, agar ayol tadbirkorlar soni erkak biznesmenlar soniga teng boʻlganida, jahon iqtisodiyoti hajmi 2,5 trillion dollardan 5 trillion dollarga oshgan boʻlardi.

Keyingi yillarda davlatimiz rahbariyati tomonidan ayollar iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va gender tengligini taʼminlash uchun qonunchilik negizini mustahkamlash, shuningdek, institutsional bazani shakllantirish borasida muhim qadamlar qoʻyildi.

Bugungi kunda ayollar yurtimizning mehnatga layoqatli va iqtisodiy jihatdan faol aholisining katta qismini tashkil etilishini inobatga olib, Oʻzbekiston Hukumati xotin-qizlar tadbirkorligini mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti uchun eng muhim resurslardan biri sifatida koʻrib chiqmoqda.

Ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan biznes, yaʼni bolalar va yoshlarni har tomonlama rivojlantirish va ularga taʼlim berish sohasidagi loyihalarning 90 foizi aynan xotin-qizlar tomonidan amalga oshirilayotgani muhim jihat hisoblanadi. Iqtisodiyotda xotin-qizlar tadbirkorligi ulushini oshirish uchun ayollarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar berilmoqda. Shuningdek, ayollar tadbirkorligini moddiy va tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatlashda hamkorlik olib borilmoqda. Mamlakatimiz mehnatga layoqatli aholisining yarmidan koʻpini ayollar tashkil qilishiga qaramay, ularning kichik biznes va xususiy tadbikorlikdagi ulushini aniqlash qiyin. Boisi – ayollar biznesining rivojlanishiga oid aniq maʼlumot mavjud emas. Xususan, bugungi kunda sodir boʻlayotgan hududiy va global integratsion jarayonlar, milliy ehtiyojlar va ustuvor maqsadlarni hisobga olgan holda, ayol tadbirkorlarning turli taraqqiyot yoʻnalishlariga qoʻshgan hissasiga baho berish, ayollar tadbirkorligini yana-da rivojlantirish kerak boʻlgan sohalarni aniqlash mumkin emas.

Tadbirkorlik sohasida gender statistikasi mavjud emasligi sababli xotin-qizlar tadbirkorligining salohiyatiga baho berish va uni boshqa mamlakatlarda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish trendlari bilan taqqoslash mumkin emas. Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston koʻp yillardan beri Ayollar tadbirkorligi global indeksida ishtirok etmayapti.

Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga kompleks yondashuvni ishlab chiqish, ayollar tomonidan boshqariladigan korxonalarni qoʻllab-quvvatlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, ularga axborot, bozor, taʼlim va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatini berish va biznes faoliyatini ayollar orasida faol ommalashtirish maqsadida Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi Kengash tuzildi.

Ushbu tuzilma doimiy faoliyat yurituvchi maslahat organi boʻlib, davlat va xususiy sektor oʻrtasida hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish hamda taraqqiyot boʻyicha hamkorlar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha ochiq muloqotni taʼminlash maqsadida ekspertlik, axborot va maslahat taʼminoti uchun tashkil etildi.

Kengashning asosiy maqsadlari davlat dasturlariga gender yondashuvlarini joriy etish yoʻli bilan gender tenglikka koʻmaklashish va qonun ijodkorligi faoliyatining barcha bosqichlarida gender tahlilini amalga oshirish, shuningdek, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha takliflar kiritishdan iborat. Qolaversa, ishbilarmon ayollarni qoʻllab-quvvatlash borasida ochiq muloqot, ilgʻor tajriba, siyosat va dasturlar almashinuviga koʻmaklashish, ayol tadbirkorlar mavjud muammolari, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishdagi maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan takliflarni oʻrganish, tahlil qilish, umumlashtirish ham uning faoliyati yoʻnalishlaridan hisoblanadi.

Shuningdek, ayol tadbirkorlarning aniq ehtiyojlarini, shu jumladan, kapital resurslardan, bozorlardan foydalanish, ustozlik qilish, oʻqib-oʻrganish, yetakchilik va aloqalar oʻrnatish bobidagi xabardorligini va tushunchasini oshirish, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishni tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik gender ekspertizasini oʻtkazish bilan ham shugʻullanadi. Yangi tuzilma ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish va ayol tadbirkorlarni davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirishda va davlat xaridlari tizimida qatnashishini taʼminlash borasida ham ish olib boradi.

Yangi tuzilmada ishtirok etishga mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar, xotin-qizlar tashkilotlari vakillari, tadqiqot institutlari va boshqa manfaatdor tomonlar taklif etiladi. Kengash aʼzolari xotin-qizlar tadbirkorligi muammolari va ayollar iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha ochiq muloqotni kuchaytirishga koʻmaklashadilar.

Shunisi eʼtiborliki, Kengash majlislari videokonferensiya shaklida har chorakda kamida bir marta barcha aʼzolarning kamida 70 foizi ishtirokida oʻtkaziladi.

Joriy yilda esa ushbu Kengash “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini tayyorlash jrayonida “ayollar tadbirkorligi” tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash, YETTB dasturining Oʻzbekistonda gender yondashuvlarini hisobga olgan holda, investitsion muhitni tahlil qilish boʻyicha bazaviy tadqiqotni oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifini koʻrib chiqish va Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha Milliy Dasturni ishlab chiqishni rejalashtirgan. Oʻz navbatida, Davlat statistika qoʻmitasi hamkorligida tadbirkorlik sohasida gender nuqtayi nazaridan tabaqalashtirilgan maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilish va ularni keyinchalik www.gender.stat.uz saytida eʼlon qilish imkoniyatlarini koʻrib chiqish, Markaziy Bank koʻmagida Moliyaviy maqbullikni taʼminlash va moliyaviy savodxonlikni rivojlantirish boʻyicha Milliy strategiya ishlab chiqishda gender tenglikni ilgari surish masalasini muhokama qilish har koʻzda tutilmoqda.

Nosirbek ABDULLAXONOV,
Oliy Majlis Senati
Xotin-qizlar va gender tenglik
masalalari qoʻmitasi

raisi oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?