Ayollarga qanday imtiyozlar berilgan?

17:44 08 Mart 2020 Jamiyat
1011 0

Bugun 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni. Ushbu bayram bilan muhtarama onaxonlarimiz, qadrli opa-singillarimiz, goʻzal qizlarimizni tabriklagan holda qonunchilikka koʻra ayollarga berilgan ayrim imtiyozlar bilan tanishtirib oʻtamiz. 

Qonunchiligimizda ayollarga bir qator imtiyozlar berilgan boʻlib ularning aksariyati mehnat qilish boʻyicha huquqlarni taʼminlashga qaratilgan.

Xususan:

1. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Homilador ayolni yoki uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayolni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda maʼlum qilishi shart.

2. Mehnat sharoiti noqulay ishlarda, shuningdek yer osti ishlarida ayollar mehnatini qoʻllanish taqiqlanadi, yer ostidagi baʼzi ishlar (jismoniy boʻlmagan ishlar yoki sanitariya va maishiy xizmat koʻrsatish ishlari) bundan mustasnodir.

Ayollarning ular uchun mumkin boʻlgan normadan ortiq yukni koʻtarishlari va tashishlari man etiladi.

3. Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat koʻrsatish normalari kamaytiriladi yoki ular avvalgi ishlaridagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan holi boʻlgan ishga oʻtkaziladi.

Homilador ayolga yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari taʼsiridan holi boʻlgan ish berish masalasi hal etilgunga qadar, u ana shu sababdan ishga chiqmagan barcha ish kunlari uchun oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim.

4. Ikki yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin boʻlmagan taqdirda, bolasi ikki yoshga toʻlgunga qadar avvalgi ishidagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan holi boʻlgan ishga oʻtkaziladi.

5. Homilador ayollarni va oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yoʻl qoʻyilmaydi. Shu bilan birga homilador ayollarni va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sogʻligʻi uchun xavf tugʻdirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.

6. Uch yoshga toʻlmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi.

7. Homilador ayolning, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi) bor ayolning, shu jumladan homiyligida shunday bolasi bor ayolning yoki oilaning betob aʼzosini parvarish qilish bilan band boʻlgan shaxsning iltimosiga koʻra, ish beruvchi tibbiy xulosaga muvofiq ularga toʻliqsiz ish kuni yoki toʻliqsiz ish haftasi belgilashga majburdir.

8. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bitta va undan ortiq bolani (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolani) tarbiyalayotgan yolgʻiz ota, yolgʻiz onaga (beva erkaklar, beva ayollar, nikohdan ajrashganlar, yolgʻiz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga yillik taʼtillar, ularning xohishiga koʻra yoz vaqtida yoki ular uchun qulay boʻlgan boshqa vaqtda beriladi.

10. Oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili uch ish kunidan kam boʻlmagan muddat bilan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil beriladi.

Oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor ayollarga ularning xohishiga koʻra, har yili oʻn toʻrt kalendar kundan kam boʻlmagan muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda taʼtil beriladi. Bunday taʼtil yillik taʼtilga qoʻshib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda undan alohida (toʻliq yoxud qismlarga boʻlib) foydalanilishi mumkin.

11. Ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tugʻilgan hollarda – yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tugʻish taʼtillari berilib, davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqa toʻlanadi.

Homiladorlik va tugʻish taʼtili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tugʻishga qadar amalda bunday taʼtilning necha kunidan foydalanilganidan qatʼi nazar ayolga toʻliq beriladi.

12. Ayolga, uning xohishiga koʻra, bolasi uch yoshga toʻlgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qoʻshimcha taʼtil ham beriladi.

Bolani parvarishlash taʼtillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu taʼtillar mehnat stajiga lekin hammasini jamlaganda koʻpi bilan uch yil, shu jumladan mutaxassisligi boʻyicha ish stajiga ham qoʻshiladi.

13. Ikki yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarga, dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari, bolani ovqatlantirish uchun qoʻshimcha tanaffuslar ham beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda bir marta har biri oʻttiz minutdan kam boʻlmagan muddat bilan beriladi. Ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi boʻlgan taqdirda, tanaffusning muddati kamida bir soat qilib belgilanadi.

Bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va oʻrtacha oylik ish haqi hisobi boʻyicha haq toʻlanadi.

Bolasi bor ayolning xohishiga koʻra, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qoʻshib berilishi yoki umumlashtirilib, ish kunining (ish smenasining) boshiga yoki oxiriga koʻchirilib, ish kuni (ish smenasi) shunga yarasha qisqartirilishi mumkin.

14. Homilador ayollar va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno, bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonun hujjatlarida belgilangan tegishli ijtimoiy toʻlovlar bilan taʼminlagan holda amalga oshiradi.

15. Davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan homilador ayollar, bolani ikki va uch yoshgacha parvarish qilish boʻyicha taʼtilda boʻlgan ayollar, ular ishga chiqqandan keyingi birinchi yil davomida attestatsiyadan oʻtkazilmaydi.

16. Tegishli ish stajiga ega boʻlgan ayollar ellik toʻrt yoshga toʻlganda pensiyaga chiqishi mumkin.

Yurtimizda Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy vazifalari xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi boʻlgan ayollarga moddiy yordam koʻrsatish, xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallashda koʻmaklashish hisoblanadi.

Bundan tashqari, qonunchilikka muvofiq, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar beriladi. Bunda boshlangʻich badal (10%) maxsus fond yoki talabgor ishlayotgan tashkilot tomonidan toʻlab beriladi.

Jinoyat qonunchiligiga koʻra ham ayollarga ayrim jazolarni qoʻllash boʻyicha cheklovlar mavjud.

Xususan, jinoiy jazo tariqasida majburiy jamoat ishlari yoki axloq tuzatish ishlari homilador ayollarga, uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarga nisbatan qoʻllanmaydi.

Bundan tashqari, homilador ayollarga va uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollar ehtiyotsizlik oqibatida yoki qasddan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etsa ularga nisbatan ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo tayinlanmaydi.

Ayolga nisbatan uzoq muddatga (20 yildan ortiq 25 yildan koʻp boʻlmagan) yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin emas.

Shuningdek, homilador ayolning jinoyat sodir etishi jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida baholanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?