Ayol nega ikkinchi marta qamaldi?!

18:52 19 Fevral 2019 Jamiyat
266 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Respublikamizda inson manfaati, qadr-qimmati hamma narsadan ustun. Shu bois hatto mavjud qonunlarga boʻysunmay jazoga mahkum etilganlarni ijtimoiy muhofaza qilishga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

Qorasuvlik Qizlarxon Soliyeva ham oʻzining nooʻrin xatti-harakatlari bilan bir necha bor jinoyat ostonasini xatlab oʻtgan. Shu bois Xoʻjaobod tumani sudining 2016 yil 19 oktyabrdagi hukmiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismining “b” bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati Zangiota tuman sudining oʻtgan yil 4 iyundagi ajrimiga koʻra belgilangan jazoning oʻtalmagan 3 yil 1 oy 29 kuni JKning 74-moddasi tartibida har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirish belgilangan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi.

Biroq u insonparvarlik tamoyillariga asoslangan mazkur ajrimga bepisandlik bilan yondashib, tayinlangan jazoni oʻtashdan boʻyin tovladi. Aslida unga berilgan imkoniyat sodir etgan salbiy qilmishlarini amalda oqlashi uchun yagona vaziyat edi. Afsuski, ayol bundan oʻziga tegishli xulosa chiqarmadi.

— Qoʻrgʻontepa tumani ichki ishlar boʻlimi mutasaddilari ayolning jamiyatdagi oʻrni, mavqeini egallashi, boshqalar qatori fuqarolik huquqlaridan foydalanishi uchun alohida eʼtibor qaratdi, — deydi tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Sanjarbek Solijonov. — Eng avvalo, doimiy ish oʻrni taklif etildiki, buning oqibatida ijtimoiy holatini yaxshilash sharoitiga ega boʻlar edi. Biroq Qizlarxon mehnat qilib, pul topishni oʻziga ep koʻrmadi. Spirtli ichimliklar isteʼmol qilib, koʻpchilikning koʻnglidan qoldi. Natijada maʼmuriy ishlar boʻyicha Qoʻrgʻontepa tumani sudi tomonidan oʻtgan yili jarima jazosi belgilandi. Shu bilan bir qatorda, tayinlangan 3 yil 28 kun axloq tuzatish ishlari jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilishini soʻrab, jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻrgʻontepa tumani sudiga taqdimnoma kiritildi.

Sud Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 423, 541, 542-moddalariga amal qilib avval belgilangan jazoni shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish xususida ajrim chiqardi. Ayol sudning bu galgi hukmidan oʻziga tegishli xulosa chiqarib olsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?