Avtotransport vositalari oldi-sotdisi va boshqa yirik miqdordagi bitimlar boʻyicha hisob-kitoblarni bank orqali amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratish topshirigʻi bajarilmagan

15:32 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
74 0

2019-yil 29-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi hamda Davlat statistika qoʻmitasi faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishini baholashning asosiy mezonlarida belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha 2019-yilning toʻqqiz oyida amalga oshirilgan ishlari muhokama qilindi.

Majlisda Qoʻmita aʼzolari, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi rahbar xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishini baholashning asosiy mezonlarida belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Taʼkidlanganidek, soliq qonunchiligiga rioya etilishi va davlatning iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishi sohasidagi nazoratni taʼminlash boʻyicha respublika davlat boshqaruvi organi sifatida Davlat soliq qoʻmitasi bir qator muhim masalalarni hal qilish uchun masʼul. Xususan, 2019-yilda uning zimmasiga 38 ta vazifa yuklatilib, ulardan 20 tasining joriy yilning toʻqqiz oyida bajarilishi belgilangan. Ushbu topshiriqlarning asosiy qismi oʻz vaqtida bajarilganligi majlisda alohida qayd etildi.

Xalqaro valyuta fondi bilan hamkorlikda xalqaro talablarga mos keladigan soliqqa tortish tizimini yaratishga qaratilgan soliq organlarining besh yillik strategiyasini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish, import qilingan tovarlar hisobotlarining elektron tarzda shakllanishini taʼminlash uchun Davlat bojxona qoʻmitasi maʼlumotlar bazasini soliq organlariga toʻliq integratsiya qilish kabi topshiriqlar shular jumlasidan.

Shuningdek, ayrim tovarlar uchun identifikatsiya markirovka qilishining yagona tizimini joriy qilish muddati 2020-yil 1-avgust, elektron tijorat faoliyatini nazorat qilish mexanizmini joriy qilish topshirigʻi muddati Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga asosan 2019-yil 1-noyabr qilib belgilangan.

Shu bilan birga, joriy yilning uchinchi choragiga belgilangan koʻchmas mulk obyektlari va avtotransport vositalari oldi-sotdisi va boshqa yirik miqdordagi bitimlar boʻyicha hisob-kitoblarni bank orqali amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratish topshirigʻi bajarilmagan.

Majlisda Davlat soliq qoʻmitasi faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy takliflar bildirildi.

Oliy Majlis Senati Qoʻmitasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining joriy yilning oʻtgan davridagi faoliyati ham muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, ushbu tuzilmaga davlat statistikasi sohasidagi yagona siyosatni amalga oshirish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirib borish va tartibga solish, statistika kuzatuvi shakllarini tasdiqlash, moliya, bojxona, soliq idoralaridan, banklar va boshqa tuzilmalardan statistika hisobotlarini olish kabi vakolatlar berilgan. Ular doirasida joriy yilda Davlat statistika qoʻmitasi zimmasiga 29 ta topshiriq yuklatilgan. Ushbu vazifalarning 14 tasi boʻyicha joriy yilning toʻqqiz oyi davomida ijrosini taʼminlash vazifasi yuklatilgan boʻlib, oʻtgan davrda bir qator asosiy yoʻnalishlarda muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Maʼlumotlarni tarqatishning maxsus tizimiga oʻtish va statistik koʻrsatkichlarning sifatini yaxshilash boʻyicha XVF va OTBning texnik koʻmagini jalb qilish choralarini koʻrish vazifasi oxiriga yetkazilmagan.

Statistik-metodologik asoslarni takomillashtirish, faoliyatni rivojlantirish boʻyicha turli tadbirlarni amalga oshirish, AKT imkoniyatlaridan amaliyotda keng foydalanish, xalqaro hamkorlik va axborot almashinuvi masalalari, mamlakat miqyosida amalga oshiriladigan yirik tadbirlarni tashkil etish, tizimning ilmiy va kadrlar salohiyatini oshirib borish tadbirlari shular jumlasidan. Har bir yoʻnalish oʻz navbatida bir nechta muhim masalalar va ularning yechimidan iborat.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida tizim oldiga belgilab berilgan vazifa, yaʼni zamonaviy Milliy hisoblar tizimi qoidalarini amaliyotga joriy qilish uchun avvalo zamonaviy milliy hisoblar tizimining (MHT-2008) talablari, unga kiritilgan yangilik va oʻzgartirishlar koʻrib chiqildi. Natijada, amaliyotda boʻlgan uslubiy qoʻllanmalarning 5 tasi takomillashtirilgani, 32 ta yangi uslubiy qoʻllanma ishlab chiqilgani, 17 ta davlat statistika kuzatuvlari shakllariga jami 32 ta turli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgani eʼtirof etildi.

Shuningdek, mamlakatimizda zamonaviy Milliy hisoblar tizimi qoidalarini amaliyotga toʻliq joriy qilish maqsadida joriy yilning 19-avgustida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan amaliy chora-tadbirlar kompleksi tasdiqlanib, uning ijrosini taʼminlash mazkur yoʻnalishdagi asosiy dastur boʻlib xizmat qiladi. Bu borada, xalqaro tashkilotlarning ham texnik koʻmaklari jalb etildi. Xususan, Xalqaro valyuta fondi, Osiyo taraqqiyot banki, MDH Statistika qoʻmitasi, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ekspertlarni jalb etish va tavsiyaviy-texnik koʻmak missiyalarini tashkil etishda Davlat statistika qoʻmitasi bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Shuningdek, majlisda Davlat statistika qoʻmitasi faoliyatidagi ayrim kamchiliklar ham muhokama qilinib, ushbu tuzilma ishini yanada takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar bildirildi.

Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi majlisida muhokama etilgan masalalar boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?