Avtomobillarning oynalarini qoraytirishga oid yangi nizom qabul qilinadi

11:15 23 Noyabr 2018 Jamiyat
940 0

Nizom xorijiy davlatlarning oynalari tusi qoraytirilgan avtomobillarining Oʻzbekiston hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun majburiy yigʻimlarni undirish tartibini belgilaydi.
“Xorijiy davlatlarning oynalari tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun majburiy yigʻimlarni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida“gi loyiha Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Mazkur Nizom xorijiy davlatlarning oynalari tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalarining Oʻzbekiston hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun majburiy yigʻimlarni undirish tartibini belgilaydi.

Nizomda xorijiy davlatlarning oynalari tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalari deganda, xorijiy davlatlarning roʻyxatga olish idoralarida roʻyxatda turgan, yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 tadan oshmaydigan, toʻla vazni 3,5 tonnagacha boʻlgan, old, yon va orqa oynalaridan biri yoki bir nechtasining (tomidagi lyuk oynasi bundan mustasno) tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) avtotransport vositalari tushuniladi.

Xorijiy davlatlarning oynalari tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalarining Oʻzbekiston hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun Davlat byudjetiga tushadigan 15 $ miqdorida yigʻim undiriladi.

Oʻzbekiston hududiga vaqtinchalik kirgan yoki tranzit harakatlanishida boʻlgan chet el rasmiy delegatsiyalarining oynalari tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalariga tadbiq etilmaydi.

Xorijiy davlatlarning oynalari tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalari haydovchilaridan yigʻimlarni undirish milliy valyuta “soʻm“da Markaziy bankning toʻlov kunidagi kursi boʻyicha naqd pulsiz shaklda yoki tijorat banklari tomonidan naqd pul shaklida, bevosita bojxona postlarida amalga oshiriladi.

Davlat bojxona qoʻmitasi chegara bojxona postlari:

  • Oʻzbekiston hududiga vaqtincha kirish va tranzit harakatlanish uchun chegara bojxona postidan oʻtayotgan xorijiy davlatlarning oynalari tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalarini aniqlaydi;
  • ushbu avtotransport vositalarining haydovchilarini majburiy yigʻimlarni toʻlashi uchun chegara bojxona postidagi bank kassalariga yoʻnaltiradi.

Chegara bojxona postlaridagi bank kassalari:

  • xorijiy davlatlarning oynalari tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalari haydovchilaridan majburiy yigʻimlarni qabul qiladi;
  • majburiy yigʻim qabul qilinganligi haqida xorijiy davlatlarning oynalari tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgisini koʻrsatgan holda kvitansiya rasmiylashtiradi va uning bir nusxasini haydovchiga beradi.

Xorijiy davlatlarning oynalari tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalari haydovchilaridan undirilgan yigʻim mablagʻlarini tijorat banklari orqali Davlat byudjetiga yoʻnaltiriladi.

Loyiha rad etilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki oʻzgartirilishi mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?