Avtomobil transporti infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi

09:12 29 Avgust 2018 Siyosat
339 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 avgust kuni avtomobil transporti sohasida boshqaruvni takomillashtirish, xalqaro xamkorlikni rivojlantirish, transport xizmatlari koʻlamini kengaytirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining 2018 yil 6 martdagi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi qayta tashkil etilgan edi. 2018-2021 yillarda avtomobil transporti infratuzilmasini rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Dastur ijrosi doirasida 57 ta yangi yoʻlovchi tashish yoʻnalishi ochildi, 9 ta yangi avtostansiya qurildi, 82 ta yangi avtobus sotib olindi. Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonga 5 ta xalqaro avtobus yoʻnalishi ochildi.

Yigʻilishda sohadagi islohotlarni davom ettirish, tumanlararo va shaharlararo yoʻnalishlarda, tuman markazi bilan olis qishloqlar oʻrtasida zamonaviy transport xizmati koʻrsatish boʻyicha vazifalar belgilab berildi.

Xususan, joriy yil yakunigacha transport xizmati koʻrsatishda yangi tizim joriy etish boʻyicha topshiriq berildi. Unga koʻra, tuman va yoʻnalishlar boʻyicha transport xizmati koʻrsatish faoliyati davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy operator-dispetcherlarga beriladi. Litsenziyaga ega va tender gʻolibi boʻlgan xususiy operator-dispetcher tegishli hudud yoki yoʻnalishda shartnoma asosida barcha transport xizmati koʻrsatuvchilarni birlashtirib, ular uchun yagona platforma tashkil etadi. Yoʻlovchi kam yoʻnalishlarga transport qoʻyish davlat talabi etib qoʻyiladi. Xizmat koʻrsatuvchilarga “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar –kelajagimiz” davlat dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar beriladi.

Hududlarda transport yoʻnalishlarining 30 foizdan ortigʻi ishlamayotgani, shu bois viloyatlarda 13 ta avtokorxona tashkil etib, ularga bu yil 400 ta, keyingi yil oxirigacha 780 ta “Isuzu” avtobusi sotib olish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda odamlarning oʻz yuk mashinalaridan foydalanib, daromad topishi uchun qulaylik yaratish zarurligi taʼkidlandi. Yuk tashish tizimiga xususiy sektorni jalb qilib, yuk tashuvchilarga litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish, xususiy ekspeditorlik tashkilotlari faoliyatini tashkil etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Tranzit yuk tashishda yurtimiz vakillari ishtirokni kengaytirish, magistral yoʻl infratuzilmasi rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Mamlakatimiz orqali yuk tashishni koʻpaytirish uchun xorijiy davlatlar va yirik kompaniyalar bilan qoʻshimcha bitimlar imzolash, Trans-Afgʻon, Trans-Kavkaz, Trans-Xitoy kabi avtomobil yoʻllaridan foydalanishni jadallashtirish, yuk tashuvchilar bilan hamkorlikda korxonalar tashkil etish, sohaga oid xalqaro hujjatlarga qoʻshilish, tegishli qonun loyihasi ishlab chiqish vazifalari qoʻyildi.

Toshkentda yoʻnalishlarni boshqarish samarasi pastligi, avtobuslar parki 75 foizga eskirgani, bekatlarda avtobuslarning kelib-ketish vaqtini koʻrsatuvchi elektron tablolar, bepul internet, avtobuslarda mobil ilovalar va videokuzatuv moslamalari yoʻqligi tanqid qilindi. Shu bois Toshkent shahrida yoʻlovchi tashish transporti tizimini tubdan yangilash konsepsiyasini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Transport xizmati koʻrsatish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish, yoʻlkira uchun elektron toʻlov tizimini joriy qilish, poytaxtimizda yoʻlovchi tashish tizimi va infratuzilmasini yirik megapolislar darajasida rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?