Avtomobil eksporti achchiq qalampir eksportini deyarli yetib oldi

16:55 20 Avgust 2019 Jamiyat
318 0

Agar mayda achchiq qalampir eksporti avtomobil eksportidan uch barobar koʻpaygan boʻlsa, iyulda vaziyat oʻzgardi.

Xabaringiz bor, 2018-yil boshida hukumat tomonidan Oʻzbekistonda xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishga oid qaror qabul qilindi.

Oʻshanda Indoneziyadan urugʻ olib kelish va qalampir ekish uchun 17117 gektar maydon ajratilishi rejalashtirilgan edi. Bu maydondan 200 ming tonna hosil yigʻib olishi kutilgandi.

“Oʻzbekoziqovqatxolding” qoshida “Qalampir” kompaniyasi tashkil etildi. Uning vazifasi achchiq qalampir yetkazish bilan shugʻullanadigan fermerlar, qishloq va boshqa xoʻjaliklarni shartnoma asosida moliyaviy-texnik resurslar bilan taʼminlashdir. Oʻz navbatida ushbu kompaniya achchiq qalampirni qayta ishlash va uni eksport qilish bilan ham shugʻullanadi.

Oradan 1,5 yil oʻtib, yaʼni 2019-yil iyun oyida achchiq qalampir eksporti keskin ortgani maʼlum boʻldi. 2019-yilning yanvar-may oylari yakunida Oʻzbekiston 51 mln. AQSH dollarilik qalampir sotdi. Bu oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 13,4 foiz koʻpdir. Boz ustiga, ushbu mahsulot eksporti yengil avtomobillar eksporti(18,6 mln. dollar)dan bir necha barobar oshib ketdi.

Yozga kelib mazkur farqni qisqartirishga erishildi. Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, joriy yil yanvar-iyul oylari yakuniga koʻra achchiq qalampir eksporti 69,4 mln. dollarni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 15,5 barobar ziyoddir.

Avtomobil eksporti esa keskin koʻpayib, 52,7 mln. dollar(oʻsish 2,1 barobar)ga yetdi.

Iyunda “Oʻzavtosanoat” yil boshidan buyon 1930 ta yengil mashinani chetga sotgani maʼlum boʻlgandi. Ularning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasi hissasiga toʻgʻri keladi. Oʻshanda kompaniya ushbu koʻrsatkichni 150 mln. dollarga yetkazish rejalashtirilayotganini aytib oʻtgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?