Avtolizing... ehtiyot boʻling!

18:01 21 Avgust 2019 Jamiyat
626 0

Psixologlarning fikricha? insonningtoʻkin yashashi omillari sirasiga oʻz shaxsiy uyi, oilasi va farzandlari borligi hamda shaxsiy mashinaga ega ekanligi kirar ekan. Albatta, bular nisbiy tushunchalar boʻlib, baxt va toʻkislikni hamma oʻz dunyoqarashidan kelib chiqib belgilaydi. Ammo bugungi shiddatli zamonamizda koʻpchilik insonlar oʻzi va oilasi uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratishga intilishmoqda. Hatto eng chekka qishloqlarimizda ham shahardagidan kam boʻlmagan sharoitlarga ega uy va oʻz shaxsiy avtomashinasiga ega boʻlish uchun yurtdoshlarimiz astoydil mehnat qilib, ter toʻkishyaptia. Yaxshi yashashga harakat qilgan inson albatta tahsinga sazovor. Boisi xalq toʻq boʻlib, toʻkinchilikda hayot kechirsa, mamlakat taraqqiy etadi, farzandlarimiz farovonlikda voyaga yetadi.

Ana shunday qulayliklar safida turuvchi avtoulovlarga ega boʻlish esa oson emas. Afsuski, orzu-havas bilan avtomobil harid qilish uchun avtosalonga pul toʻlab, keyin mashinasini yillar davomida kutganlar, aldanganlar ham bor oramizda. Hamon bu tizimda uyinlarni davom etayotgani esa juda achinarli... Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga avtolizing “qurboni” boʻlganlar ham murojaat qiladi.Bugun shunday holatlarga toʻxtalamiz.

Har bir yurtdoshimizni hayotdan rozi boʻlish uchun qilinayotgan saʼy-harakatlar jamiyatning ayrim tizimlardagi nohaqliklar sabab sezilmaydi gohida.

Biz tez-tez avtomobil olish uchun shartnoma tuzib, soʻngra uni kutishdan charchaganlar haqida koʻp eshitganmiz. Andijon viloyatida yashovchi M.Temirov Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qilar ekan, u Fargʻona shahridagi “Umid savdo fayz invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan 2018-yilda shartnoma tuzib, DAMAS 3 DLX avtomashinasini buyurtma qilgan.

Shartnomaga binoan MCHJ hisob raqamiga 31 250 000 soʻm boshlangʻich toʻlov amalga oshirilgan. Mashinani oladigan fursat kelib, oʻtib ketsa hamki, avtoulovdan darak boʻlmagan.

Federatsiya tomonidan tushuntirishlar olib borilgandan soʻng 40 kun ichida avtomashina uchun toʻlangan pul qaytarib berilishini zimmalariga olgan “Umid savdo fayz invest” MCHJ oʻz vaʼdasida turmadi.

Federatsiya mutasaddilari ham bu ishni oxiriga yetkazmay qoʻyishmadi. Vaʼda berib bajarmaydiganlar avtomobil uchun toʻlangan boshlangʻich pul mablagʻini egasiga qaytarib berishga majbur boʻldi.

Bunday vaziyatlar Qoraqalpogʻistonda ham koʻp uchramoqda.

Nukus shahri 22 kichik tumani, 9-uy, 33-xonadonda istiqomat qiluvchi Yarashev Qamariddin Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091ishonch telefoni orqali murojaat qilib, “QQAVTOTEXXIZMAT” MCHJ bilan “Damas-2” rusumli avtomobil olish uchun shartnoma imzolagani va shunga muvofiq pul oʻtkazib berganini maʼlum qilgan. Murojaatga avtosalon xodimlari avtomashinani Nukusdan emas, balki Xorazm viloyatidan olishi kerakligini aytgani sabab boʻlgan.

Nukus shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari vaziyatni oʻrganib chiqib, oʻsha kunning oʻzida isteʼmolchiga “Damas-2” avtoulovini Nukus shahrida topshirgan. Qoraqalpogʻistonda yana bir shunday holat yuz berdi.2019-yil 9-yanvar kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining “Ishonch telefoni”gaQoʻngʻirot tumani, Qirqqiz qishlogʻida istiqomat qiluvchi fuqaro I.Uzaqbergenovaning Kegeylida joylashgan “KEGEYLI-AGROTEXSERVIS MTP” avtosalonga “Cobalt” avtomashinasini olish uchun pul oʻtkazganligi va avtosalon xodimlari tomonidan avtomashina kelgani xabar qilgan. Lekin avtomashinani Xorazm viloyatidan olish kerak boʻlayotgani borasidagi norozilik murojaati joʻnatilgan. Ushbu murojaat Kegeyli tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqildi hamda isteʼmolchiga 2019-yil 15-yanvar kuni Kegeyli tumanining oʻzida“Cobalt” avtomashinasini olishiga amaliy yordam koʻrsatildi.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati Kegeyli tumani boʻlimiga tumandagi Aqtuba ovulida yashovchi fuqaro Q.Yusupov murojaat qildi.

Murojaatda taʼkidlanishicha, isteʼmolchi 2018-yil 12-iyun kuni “Umidsavdo-fayzinvest” maʼsuliyati cheklangan jamiyati bilan lizing asosida oq rangli NEXIA-3 avtomashinasini sotib olish uchun shartnoma tuzganligi va 2018-yil 12-iyun kuni 33 400 272 soʻm, shundan 18 826 272 soʻmini plastik kartadan, 14 574 000 soʻm naqd oʻtkazgani, pul toʻlaganiga 250 kun boʻlgan boʻlsa-da, na NEXIAdan va na puldan darak yoʻqligi qayt etilgan.

Ushbu murojaat yuzasidan jamiyat mutaxassislari oʻrganish ishlarini olib bordi. Unga koʻra, haqiqatdan lizing tashkiloti shartnoma shartlarini bajarmagani aniqlandi. Vaholonki, shartnomada pul oʻtkazilgan kundan boshlab 120 ish kunida avtomobilni isteʼmolchiga topshirilishi koʻrsatilgan.

Murojat oʻrganib chiqilgandan keyin 10 kun ichida Q.Yusupov avtomobilga toʻlagan pulini toʻliq qaytarib oldi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasidan murojaat qilgan yana bir yurtdoshimiz Javohir Abdunabiyev “Toʻrtkoʻl Avtolizing” MCHJ korxonasi bilan shartnoma tuzishi orqali “Damas” rusumli avtomobilini lizinga berish toʻgʻrisida kelishadi. Shartnomada belgilangan summa 53 630 000 soʻmni avvaldan toʻlab beradi.

Lekin korxona isteʼmolchiga na avtomashinani yetkazadi va na toʻlangan pulni qaytarib beradi.

Federatsiya mutaxassislari masalani sinchkovlik bilan oʻrganib chiqishadi va isteʼmolchi toʻliq haq ekanligi maʼlum boʻladi. Natijada, “Damas“ uchun toʻlangan 53 630 000 soʻm egasiga qaytarib beriladi. Taassufki, bular dengizdan bir tomchi, xolos.

Buxoroda chuv tushganlar...

Buxoro viloyati Jondor tumani Samonchuq MFY Murgʻak qishlogʻida yashovchi Sharipov Bobur Isteʼmolchilar xuquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 – “Ishonch telefoni”ga murojaat qilgan. Uning murojaatiga koʻra, Gʻijduvon “Avto tex xizmat” avto salonidan “Cobalt” rusumli avto mashinasini sotib olish uchun shartnoma tuzilgan. Kelishuv shartlari bajarilmaganligi sababli Gʻijduvon tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan murojaat sinchkovlik bilan oʻrganib chiqildi hamda “Cobalt” rusumli avtomashina egasiga olib berildi.

Agar avtomashina oʻz vaqtida yetkazib berilmasa, korxona tomonidan har bir kechiktirilgan kun uchun 0,4 foiz miqdorida penya toʻlanishi shartnomada belgilangan. Buxoro tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Vobkent tuman Kulolchi koʻchasi 65-uyda yashovchi Saʼdulla Navroʻzov murojaat qilgan. U oʻz murojaatida “ Sitora-avto savdo” MCHJ bilan Nexia 3 AV-CS16 rusumli avtomashina sotib olish uchun belgilangan toʻlovni amalga oshirib, shartnoma tuzgan. Shartnomaga asosan, 2019-yil 1-yanvarga qadar avtomashina fuqaroga yetkazib berilishi belgilangan boʻlgan. Agar oʻz vaqtida yetkazib berilmasa, korxona tomonidan har bir kechiktirilgan kun uchun 0,4 foiz miqdorida penya toʻlanishi shartnomada koʻrsatilgan. Ammo isteʼmolchiga shartnomada koʻrsatilgan muddatda avtomashina berilmagan.

Murojaat viloyat jamiyatlari mutaxassislari tomonidan oʻrganilib, natijasida fuqaroga Nexia 3 AV-CS16 avtomashinasi olib berildi, shuningdek, isteʼmolchining arizasiga binoan, kechiktirilgan muddat boʻyicha penya hisoblanib, korxona tomonidan fuqaroga oʻn million toʻqqiz yuz oʻn ming toʻrt yuz oʻn sakkiz soʻm penya toʻlandi.

Buxoro shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Vobkent tumani Yangikent QFY Shirin qishlogʻida yashovchi fuqaro I. Ramazonovning ogʻzaki murojaati roʻyxatga olingan.

Ushbu murojaatda qayd etilishicha isteʼmolchi 2018-yil 6-avgust kuni “Umid savdo fayz invest” MCHJdan NEXIA-3 rusumli avtomashinasi xarid qilish uchun shartnoma tuzgan va isteʼmolchi shartnomada koʻrsatilgan 34 750 000 soʻmni toʻlagan. Ammo avtomashinani oʻz vaqtida yetkazilmaganidan norozi boʻlgan.

Isteʼmolchining murojaati jamiyat xodimlari tomonidan oʻrganilib, isteʼmolchi va tadbirkorning huquqlari tushuntirildi hamda isteʼmolchining toʻliq 34 750 000 soʻm naqd puli qaytarib berildi.

Olot tumani “Denov” MFY Olmazor qishlogʻida istiqomat qiluvchi Oʻtkir Azimov yaxshi niyat bilan Buxoro shahridagi “Umid” avtolizing tashkilotiga “Nexia-3” yevro 2-pozitsiya avtomashinasi uchun shartnoma asosida pul toʻlaydi.

Naqd 38 000 000 (oʻttiz sakkiz million) soʻmni hech qanday eʼtirozlarsiz, oʻz vaqtida topshiradi va avtoulov kelishini kutadi. Buni qarangki, na avtomobildan darak bor, na shartnomadagi vaʼda berilgan shartlardan. Natijada isteʼmolchi Oʻtkir Azimov fuqarolik huquqlari poymol etilganini tushunib yetadi hamda shartnomani bekor qiladi.

Biroq “Umid” avtolizing tashkiloti 38 000 000 (oʻttiz sakkiz million) soʻm pulni qaytarishni paysalga solib keladi.

Sabr kosasi toʻlgan xaridor toʻlagan barcha pulini qaytarib olishda amaliy yordam soʻrab, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi “Ishonch telefoni” 1091 ga murojaat qiladi. Federatsiya mutaxassislari vaziyatni oʻrganib chiqishdi.

Mutasaddilarning harakati bilan Oʻtkir Azimov tomonidan toʻlangan 38 000 000 (oʻttiz sakkiz million) soʻm pul mablagʻi toʻliq qaytarildi.

Uchar tadbirkordan “Neksiya” uchun toʻlangan pul qaytarib olindi

Buxorolik Shoxiddin Axmedov isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga ariza yozib, oʻzini anchadan buyon qiynayotgan muammo yuzasidan murojaat qildi.

Unga koʻra Shoxiddin Axmedov Buxoro shahridagi “Umid avto lizing” korxonasiga “Neksiya 3” avtomobili uchun 2018-yil avgust oyida 34.750.000 soʻm naqd pul toʻlagan. Ammo hozirga qadar avtoulovni ololmaganidan norozi boʻlgan. Federatsiya bunday muammolarga yechim topishga doim harakat qildi. Uchar tadbirkordan isteʼmolchining 34.750.000 soʻm naqd puli olib berildi va uning qonuniy huquqlari tiklanishiga erishildi.

“Umid savdo fayz invest” umidlarni puchga chiqardi...

Fargʻona viloyati Bagʻdod tumani, Nurli yoʻl koʻchasi, 28-uyda yashovchi M.Xoshimovning oʻz arizasida keltirilgan maʼlumotlar oʻrganilganda oʻz tasdigʻini topdi.

Arizada bayon qilinishicha, “Umid savdo fayz invest” MCHJ Fargʻona hududiy filiali va M.Xoshimov oʻrtasida tuzilgan 2018-yil 30-aprel kungi № Gʻ-26-sonli avans toʻlovi toʻgʻrisidagi shartnomaga asosan, “Chevrolet Nexia-3” avtomashinasi buyurtma qilingan boʻlib, M.Xoshimov MCHJ hisob raqamiga 36 025 000 soʻm boshlangʻich toʻlovni amalga oshirishi zarurligi qayd etilgan. Jamiyatga esa avtomashinani belgilangan muddat davomida isteʼmolchiga yetkazib berish majburiyati yuklatilgan.

Isteʼmolchi boshlangʻich toʻlovni amalga oshirgan, lekin shartnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgan boʻlsa-da, jamiyat tomonidan “Chevrolet Nexia-3” avtomashinasi egasiga yetkazib berilmagan. Oxir-oqibat avtomashina yetkazib berilmaganligi uchun shartnomani bekor qilib, toʻlov qilingan summa qaytarilishini soʻrab MCHJga ariza bilan murojaat qilgan. Biroq shartnomada koʻrsatilgan toʻlovning qaytarilish muddati oʻtsa ham, toʻlangan mablagʻ qaytarilmagan.

Federatsiya xodimlarining saʼy-harakati bilan “Chevrolet Nexia-3” avtomashinasi uchun toʻlangan summa egasigatoʻliq qaytarib berildi.

Avtomobil vaqtida yetkazib berilmasa, puli qaytariladimi?

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Nukus shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro J. K murojaat qildi. U oʻz murojaatida Nukusda joylashgan avtosalondan “Cobalt” avtomashinasini olish uchun shartnoma tuzganligi shartnoma shartlariga koʻra avtomashina kechiktirilayotganidan noroziligini bildirgan.

Murojaat jamiyat mutaxassislari tomonidan oʻrganilib, asosli ekanligi isbotlandi va isteʼmolchiga “Cobalt” avtomashinasi yetkazilib, kechiktirilgan 30 kun uchun 219 582 soʻm (penya) isteʼmolchi foydasiga undirib berildi.

Toʻrtkoʻl tumanidagi “Toʻrtkoʻl Avtolizing” MCHJ korxonasi rahbari A.Radjapbayev tomonidan Toʻrtkoʻl tumani Ullibogʻ OFY 114- xonadonida yashovchi Qabulov Jahongir Azamat oʻgʻli bilan 2019-yil 8-yanvar kuni tuzilgan №01/01-sonli “SPARK” rusumli avtomobilini lizinga berish toʻgʻrisida tuzgan shartnoma shartlarini bajara olmaganligi sababli, isteʼmolchi Qabulov Jahongir toʻlagan 19 999 000 (oʻn toʻqqiz million toʻqqiz yuz toʻqson toʻqqiz ming) soʻm lizing asosiy toʻlovi, 3 332 000 (uch million uch yuz oʻttiz ikki ming) soʻm lizinga xizmat koʻrsatish toʻlovini – jami 23 331 000 (yigirma uch million uch yuz oʻttiz bir ming) soʻmni toʻliq naqd pulda qaytarib toʻlab berdi. Shuningdek Lizing shartnomasining 6.3-bandi boʻyicha shartnoma oʻz vaqtida bajarilmaganligi uchun lizing obyekti qiymatining 2% miqdorida 1 334 000 (bir million uch yuz oʻttiz toʻrt ming) soʻm penya ham toʻladi.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida yashovchi fuqaro Ilhom Boymurodov “Oriyent Avto Lizing” korxonasi xizmatidan norozi ekani haqida murojaat qildi.

Ilhom Boymurodov avtomashina sotib olish uchun mazkur korxona bilan shartnoma tuzgan. Ammo oradan 7 oy muddat oʻtgan boʻlsa-da, fuqaroga “Neksiya-3” avtomashinasi yetkazib berilmagan. Vaholonki, mijoz korxonaga 51 184 000 soʻmni oldindan toʻlab qoʻygan. Avtomobilni yetkazib bermagani uchun mijoz korxona rahbarlaridan toʻlangan pulni qaytarishini soʻrab murojaat qilgan. Ammo uning murojaatlari javobsiz qolgan.

Murojaat mutaxassislar tomonidan oʻrganilganida, haqiqatdan “Oriyent Avto Lizing” korxonasi tomonidan isteʼmolchi huquqi buzilganligi maʼlum boʻldi. Korxona rahbarlariga Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning tegishli bandlari talablari tushuntirildi. Natijada fuqaroga 51 184 000 soʻm mablagʻi kaytarib berildi. “Oriyent Avto Lizing” korxonasi rahbarlariga kelgusida bu kabi kamchiliklarga yoʻl qoʻyilsa, Qonunda belgilangan tartibda chora koʻrilishi tushuntirildi.

Biz yuqorida Qorqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro va Fargʻona viloyatlaridaavtosalon va lizing xizmatlariga aldangan yurtdoshlarimizni murojaatlari, uchrayotgan muammolar yuzasidan qisqacha maʼlumotlar keltirdik. Bu kabi jamiyatimiz ogʻriqlari tugamas ekan, isteʼmolchilar huquqlarini toʻla taʼminlash qiyin masalaga aylanib boraveradi.

Binobarin, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi bu kabi holatlarga qarshi qattiq kurashmoqda. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilib, aldanib vaqt yutqazgan insonlarga (penya) undirib berish uchun ham harakat qilishmoqda.

Muxtasar aytganda, lizing xizmatlaridan foydalanishdaogoh boʻling!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?