Avtobusga puli yoʻqligi uchun maktab direktori unga velosiped sovgʻa qilgandi. Bugun dunyoning eng kuchli hujumchilaridan biri

09:12 02 Oktyabr 2020 Sport
574 0

Romelu Lukakuga “millionlar oʻyini” begona emas. Otasi Roje Belgiyaning turli klublarida toʻp surgan. Onasi Adolfina esa farrosh edi. Romelu futbolchi boʻlish fikriga kelganida otasi faoliyatini yakunlagandi. Eng achinarlisi, oila juda kambagʻal edi. Boz ustiga ota-onasi ishlab topgan daromadning bir qismini Kongo Respublikasida yashovchi turmushi yana-da ogʻir qarindoshlariga joʻnatishardi. Uyda baʼzan haftalab chiroq va issiq suv boʻlmasdi. Stolda esa faqat sut va non turardi.

Lukakuning maktabga borishi uchun avtobusga puli yoʻq edi. Bundan xabar topgan rahmdil maktab direktori oʻz hisobidan unga velosiped sovgʻa qildi. Ota-onasi esa yegulikni qoʻshni doʻkon egalaridan qarzga olishardi. Lukaku umumtaʼlim maktabidan tashqari sport maktabiga ham bora boshlagach, otasini oʻsha dargohga yoshlar jamoasi murabbiyi sifatida ishga olishdi.

6 yoshga kirganida u kichik klublardan birining futbol akademiyasiga qabul qilindi. Texnikasi yuqori, gavdali bolakay tez orada «Lers» klubi aʼzosiga aylandi. Qizigʻi, qayerga bormasin oʻzi bilan birga tugʻilganlik guvohnomasini olib yurardi. Chunki koʻp holda bu boʻydor bolaning yosh toifasi shubha-gumonlarga sabab boʻlardi. ”Lers”ning yoshlar jamoasida u 68 oʻyinda 68 ta gol kiritdi.2006 -2009-yillarda u «Anderlext»ning yoshlar jamoasi safida 88 ta uchrashuvda 121 ta gol yoʻlladi. 16 yoshga kirganida bir paytlar hatto avtobus yoʻlkirasiga ham puli boʻlmagan yigitchaning transfer narxi 10 million yevro deya baholandi. ”Manchester Yunayted”, “Chelsi”, “Milan”, “Arsenal” singari Yevropaning yetakchi klublari uni oʻz saflariga qoʻshib olish harakatiga tushdilar. Lekin har qanday choʻqqiga ham pastdan chiqiladi. Shuni yaxshi anglagan qahramonimiz "Anderlext"da qolib, 2009/10 yilgi mavsumda chempionatning eng kuchli toʻpurariga aylandi, jamoasining chempionlik unvoniga sazovor boʻlishiga koʻmaklashdi. Bunaqangi muvaffaqiyat aksariyat yosh futbolchilarning boshini aylantirib qoʻyganiga dunyo koʻp bor guvoh boʻlgan. Ammo Lukaku yutuqni xotirjam qabul qildi. Jamoa gʻalabani bayram qilayotgan pallada imtihonga tayyorgarlik koʻrgani uyiga yoʻl oldi.

2011-yilda uning kelajagi qanday kechishini butun Yevropa kuzatib turdi. ”Voyaga yetgach, boshqa bir nomdor jamoaga oʻtaman”, degandi. Shu fursat yetib keldi. Londonning “Chelsi” klubi uni 20 million yevro evaziga oʻz safiga qoʻshib oldi. Klub rahbariyati unga besh yil muddatga moʻljallangan ajoyib shartnoma taklif qildi. Bundan tashqari, oilasiga Londondan shohona uy ajratdi. Baxtga qarshi, u “Chelsi” asosiy tarkibidan oʻrin ololmadi. Avvaliga bosh murabbiy Andre Villash-Boash, keyin esa Roberto Di Matteo markaziy himoya chizigʻida Didye Drogba va Fernando Torresni oʻynatishni maʼqul koʻrishdi. Shunga qaramay, Lukaku jamoa bilan Angliya kubogini qoʻlga kiritdi. Mavsumning oxirgi oʻyinida “Blekbern”ga qarshi maydonga tushib, golli pas berdi. Oradan 7 kun oʻtib esa “Chelsi” Chempionlar Ligasining Myunxenda boʻlib oʻtgan finalida gʻalaba nashidasini surdi. Biroq qahramonimiz oriyatli yigit ekanini koʻrsatib qoʻydi. Bu gʻalabaga mening hissam qoʻshilgani yoʻq, deb kubokni boshi uzra dast koʻtarishni xohlamadi. Keyingi mavsumni esa "Vest Bromvich Albion“da ijarada oʻtkazdi. Bu jamoa safida u 17 ta gol kiritdi. Eng esda qolarli gollarini esa ”MYU" darvozasiga yoʻlladi. Bu afsonaviy murabbiy ser Fergyusonning “MYU” ustozi sifatidagi oxirgi oʻyini edi. ”Vest Bromvich” 1:4 hisobida yengilib turgan pallada Lukaku zaxiradan maydonga tushdi va xet-trikka erishdi. Jamoa oʻsha oʻyinda nomdor raqibidan ochko (5:5) tortib olishga muvaffaq boʻldi.

“Chelsi”ga qaytgan belgiyalik hujumchining yana omadi yurishmadi. Jamoaning oʻsha paytdagi bosh murabbiyi Joze Mourinyoga uning oʻyin uslubi va... koʻp gapirishi maʼqul kelmadi.

— Odamlar seni maydonda koʻrishni xohlashadi, — degandi intervyularidan birida Lukaku. — Shu uchun “Chelsi”ni tark etdim. Men “Ey, bu mashgʻulotlarda juda zoʻr” deyishlarini eshitishni xohlamayman. Oʻyinlarda oʻzingni koʻrsata olishing muhim. Premyer – ligani milliardlab odamlar tomosha qilishadi. Ular seni mashgʻulotlar chogʻida koʻrishmaydi.

Romelu "Everton“da avval ijara asosida oʻynadi. Keyin esa klub uning haq-huquqini toʻliq sotib oldi. Bu jamoada ham u oʻzining toʻpurarlik qobiliyatini namoyish etib, muxlislarning suyumli futbolchisiga aylandi. Ammo yuragining bir chetida Yevropa Chempionlar Ligasida qatnashadigan jamoada oʻynashim kerak, degan niyat bor edi. Shu boisdan 2017-yilning yozida qahramonimiz ”Manchester Yunayted“ safiga oʻtdi. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, bu transfer uchun ”MYU" 75 million funt sarflagan.Shu jamoa safidagi dastlabki 9 ta oʻyinda u 10 ta gol kiritib, afsonaviy Bobbi Charlton oʻrnatgan rekordni yangiladi.

Tabiiyki, uning “MYU”dagi faoliyati xususida uzoq soʻz yuritish mumkin. Ammo 2019-yilning avgustiga kelib, Lukaku 74 million funt sterling evaziga Italiyaning "Inter" klubi safiga yoʻl oldi. Bu Milan klubi tarixidagi eng qimmatbaho xarid sanaladi.

Biz Lukakuning Belgiya terma jamoasidagi oʻyinlari toʻgʻrisida toʻxtalishni lozim topmadik. ”Millionlar oʻyini”dan xabardor har qanday muxlis yaxshi biladi: hozir tarkib jihatdan bu terma jamoa dunyoning eng kuchli komandasi sanaladi. Azar, Kevin De Bryuyne kabi yulduz futbolchilarga ega bu jamoada Lukakuning ham oʻz oʻrni bor. Belgiyaliklar 2018-yilgi jahon chempionatida 3-oʻrinni egallashgani yodimizda, albatta. Oʻshanda Lukaku 6 oʻyinda 4 ta gol kiritgandi.

Qahramonimiz tugʻma markaziy himoyachidir. Chapaqay. Boshi bilan yaxshi oʻynaydi. Tezligi yuqori. Jismoniy jihatdan juda baquvvat. Bularning bari unga raqib himoyachilari bilan tengma-teng kurasha olishiga imkon beradi.

— Har tongda uygʻonib, birinchi qiladigan ishim ibodatdir, — deydi u.—Keyin ota-onam bilan suhbatlashaman. Qanday masala boʻlmasin ularga yordamim kerak-kerakmasligini soʻrayman. Shundan soʻng mashgʻulotlarga yoʻl olaman.

Lukaku turizm sohasida bakalavr diplomiga ega. U poliglot, yaʼni koʻp tilni biladi. Ingliz, fransuz, golland, nemis, lingal, portugal va italyan tillarini oʻzlashtirgan. Shaxsiy yutuqlari koʻp. Bittasini aytish bilan cheklanmoqchimiz: 27 yoshli hujumchi 40 ta gol bilan Belgiya terma jamoasi tarixidagi eng kuchli toʻpurar boʻlib turibdi.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?