YPX xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan avtomobil o‘g‘risi 11 yilga qamaldi

09:38 31 May 2018 Jamiyat
268 0
Illyustrativ foto

Sud YPX xodimiga bo‘ysunmagan avtomobil o‘g‘risini 11 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Manba bergan xabarda qayd qilinishicha, davlat raqami “70 Z 578 DA” bo‘lgan “Matiz” avtomobilining olib qochilgani haqidagi xabar bir zumda barcha YPX postlariga kelib tushgan. Barcha nazoratchilar qatori YPX brigadasining 3-divizioni mobil guruhi inspektori – safdor Dilshod Jo‘rayev “Nazarbek” postidan o‘tayotgan mashinalarni sinchiklab tekshirar ekan, qidiruvdagi mashinani darrov payqagan va unga to‘xtash buyrug‘ini bergan.

Biroq, YPX xodimiga bo‘ysunmagan jinoyatchi tezlikni oshirib, harakatni davom ettiradi. Shunda inspektor avtomobil kapot ustiga o‘zini otadi, biroq sodir etgan jinoyatining jazosidan qo‘rqqan qonunbuzar mashina rulini turli tomonga burib, xodimdan qutilmoqchi bo‘ladi. Mashinaning qisqa burilishlari oqibatida yiqilib tushgan xodimimiz esa tan jarohatini oldi. Biroq jinoyatchi boshqa xizmatdoshlar tomonidan baribir qo‘lga olingan.

Ushbu holat yuzasidan, Toshkent shahar Uchtepa tuman prokuraturasi tomonidan muqaddam sudlangan, 1985 yilda tug‘ilgan Sh.Shukur.ga (ismlar o‘zgartirilgan) nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator, jumladan, 105, 219, 267, 122 va 226 – moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan 11 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?