Avstriyalik milliarder boshchiligidagi kompaniya Oʻzbekistonda kichik mehmonxonalar tarmogʻini qurish uchun sarmoya kiritishga qiziqish bildirdi

15:34 07 Mart 2020 Iqtisodiyot
210 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov “C-Quadrat Investment Group” investitsion kompaniyasining bosh direktori Aleksandr Shus boshchiligidagi Avstriyaning bir guruh tadbirkorlari bilan uchrashdi.

Avstriya delegatsiyasi turizm sohasini rivojlantirish, turistik mahsulotni diversifikatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, shuningdek, infratuzilma loyihalari uchun yaratilgan sharoitlar, imtiyozlar va preferensiyalar bilan tanishdilar. Oʻz navbatida, Aleksandr Shus “C-Quadrat Investment Group” tomonidan investitsion va moliyaviy loyihalarda, eng ilgʻor gʻarbiy boshqaruv standartlarini joriy etgan holda davlat tashkilotlari va obyektlarini isloh qilishda faol ishtirok etish uchun Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha vakolatxona ochilishi masalasi koʻrib chiqilayotganini maʼlum qildi. 
Xorijiy sayyohlar oqimining tobora koʻpayib borayotganini hisobga olgan holda, tadbirkorlar, shuningdek, respublikada kichik mehmonxonalar tarmogʻini qurish uchun sarmoya kiritishga qiziqish bildirmoqda. 
Maʼlumot uchun: “C-Quadrat Investment Group” Vena shahrida 1991-yilda tashkil etilgan. Ayni paytda ushbu guruh 10 milliard yevrodan ortiq qiymatdagi investitsiya aktivlarini boshqaradi. Kompaniyaning Vena, Parij, Frankfurt, Madrid, Syurix, Jeneva, Yerevan va Tbilisi shaharlarida ofislari mavjud boʻlib, ular Yevropa va Osiyoning 21 mamlakatida faoliyat yuritadi.

A. Shus Avstriyaning eng obroʻli tadbirkorlaridan biri hisoblanadi, uning shaxsiy boyligi 7 milliard dollarga teng boʻlib, “Deutsche Bank”ning Kuzatuv kengashi aʼzosidir. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?