Avstriya va Germaniyada katta qiziqish uygʻotgan ixtirolar bizga kerak emasmi? Nega ular qogʻozda qolib ketmoqda?

16:58 13 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
759 0

Iqtisodiyot rivoji fan va texnika bilan chambarchas bogʻliq. Chunki ilm sohasida erishilgan yutuqlar tarmoqlar samaradorligini oshirish, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi.

Shu bois ilm-fan hamda texnika sohasiga katta ahamiyat berilib, koʻplab dissertatsiyalar himoya qilinayotgani, ularning amaliyotga izchil tatbiq etilganligi eʼtirof etiladi. Ammo, afsuski, buning samarasi oʻlaroq, biron-bir yangi sanoat tarmogʻi oʻzlashtirilganligi, borlarining takomillashtirilgani, yaratilgan mahsulotning ishlab chiqarishga joriy etilganligi orqasida erishilgan iqtisodiy samaradorlik haqida deyarli hech narsa bilmaymiz. Chunki fan-texnika taraqqiyotiga sarflangan mablagʻlar-u, ulardan keladigan iqtisodiy samaradorlik haqida deyarli maʼlumotlar eʼlon qilinmaydi.

Bunga fan-texnika taraqqiyotiga ajratilgan mablagʻlar samaradorligi pastligiga baʼzi hollarda uni taqsimlovchi tashkilotlarning bunga javobgarligi yoʻqligi sabab boʻlayotgan boʻlsa ajab emas. Bizningcha, ajratiladigan grantlar, birinchi navbatda, katta iqtisodiy ahamiyatga ega tadqiqot ishlariga yoʻnaltirilishi kerak. Biroq har doim ham bunday boʻlavermaydi. Misol uchun, 2008 yildan boshlab Namangan davlat universiteti Ekologiya kafedrasida sugʻorishda suvni tejash va sugʻormasdan hosil olish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Nafaqat ekologik, balki katta iqtisodiy ahamiyatga ega ish bir necha marta grantga taqdim etildi. Ammo grant berish lozim topilmadi. Natijada ish NamDU doktoranti S. Abdurahmonov tomonidan 2011-2016 yillarda oʻz mablagʻi hisobidan fermer xoʻjaliklari yordamida bajarib kelindi. Natijalar esa Rossiya, Avstriya va Germaniya nashrlarida qiziqish uygʻotib, ularda chop etildi. Bu vaqt mobaynida kichik maydonlarda oʻtkazilgan tajribalar ijobiy samara berib, ular asosida S. Abdurahmonov doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi.

Tajribalarni kattaroq maydonda sinash uchun, tabiiyki, mablagʻ kerak. Shu bois 2018 yilda Fan va texnologiyalar agentligiga yana ariza berildi. Lekin javob yoʻq. Yangi tashkil etilgan Innovatsion rivojlanish vazirligi sal qiziqqanday boʻldi, lekin natijasiz.

Bu borada alohida qayd etish lozimki, respublikamizda fan-texnika yutuqlarini joriy etuvchi alohida tashkilot yoʻq. Fan va texnologiyalar agentligi toʻgʻrisidagi Nizomning 8-bandi, d kichik bandi, 5-xatboshisida agentlikka “davlat ilmiy-texnik dasturlari natijalarini joriy etish” yuklatilgan. Biroq bunga eʼtibor negadir juda ham sust. Shu sababli boʻlsa kerak, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy oʻquv yurtlarida anchagina iqtisodiy samaradorlikka ega katta-kichik ixtirolar, takliflar joriy etilishini kutib yotibdi. Bu kichik ixtirolar uchun ham katta muammo sanaladi. Masalan, NamDU Ekologiya kafedrasining uy tomlarida oʻrnatilgan maxsus idishlardagi suvni quyosh nurida isitib, issiq suv taʼminotini yoʻlga qoʻyish, issiqxonalar ishini yilning iliq davrida toʻxtatib, ulardagi yoqilgʻi xarajatlarini keskin kamaytirish boʻyicha taklifi matbuotda eʼlon qilinganligiga qaramay, soha vakillarini qiziqtirmayapti. Bunday misollar boshqa oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlarida ham koʻplab topiladi, albatta.

Ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirishning asosiy manbasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisoblanadi. Ular esa chegaralangan. Shuning uchun qoʻshimcha manba sifatida quyidagilarni taklif etish mumkin.

Masalan, ixtiro va ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarishni xoʻjalik hisobi asosida yoʻlga qoʻyish. Buning uchun ularni joriy etuvchi tashkilotlar zarur. Ular ixtiro va ilmiy-tadqiqot ishlarini, ularni joriy etishdan kelgusida keladigan foydani hisoblab, banklardan imtiyozli kredit hisobiga moliyalashtirishlari mumkin. Bunda ixtirochining huquqlari katta ahamiyatga ega. Misol uchun, chet elda yaratilgan ixtironing har bir qoʻllanilishida ixtirochiga (uning merosxoʻrlariga), nashr etilgan kitobi sotilganda uning muallifiga (merosxoʻrlariga) muntazam gonorar kelib turadi. Bu qoidani qonun sifatida qabul qilish ixtirolarni va ularning joriy etilishini keskin koʻpaytiradi.

Bundan tashqari, manba sifatida ilmiy-tadqiqot ishlariga oliy oʻquv yurtlari talabalarini keng jalb qilish bilan birga, ulardan yigʻilgan kontrakt mablagʻlarining 4-5 foizini ajratishni koʻrsatish mumkin. Bitiruvchi diplomini olishi uchun kamida bitta iqtisodiy yoki ijtimoiy samaraga ega ixtiro qilishini yoki oʻzi oʻtkazgan eksperiment natijalariga yoxud statistika maʼlumotlariga asoslangan ilmiy-tadqiqot ishini bajarishini shart qilib qoʻyish kerak. Agar bu ishni oʻqish davomida ulgura olmasa, ularga diplom oʻrniga fanlardan olgan baholari koʻrsatilgan maʼlumotnoma berishni, ixtiro yaratganlaridan soʻnggina diplomlarini berishni yoʻlga qoʻyish lozim. Chet ellarda bunday talab hatto kollej bitiruvchilarga nisbatan ham qoʻllaniladi. Natijada ularda ixtirochilar ham, ixtirolar ham koʻp.

Qolaversa, hozir falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini olish uchun koʻplab dissertatsiyalar himoya qilinmoqda. Ammo koʻp hollarda diplom qoʻlga olingandan keyin ilmiy-tadqiqot va ixtirochilik faoliyati butunlay susayib ketadi. Buning oldini olish uchun diplomlarning taʼsir davrini, misol uchun, 5 yil qilib belgilash kerak. Shu davr ichida diplom egasi oʻz ilmiy darajasiga mos keladigan yangi bir ilmiy muammoni hal qilishi, ixtiro qilishi, shogird sifatida falsafa yoki fan doktorini yetishtirishi lozim. Bizningcha, bu orqali respublikamizni janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari, ayniqsa, Xitoy va Janubiy Koreyada kuzatilayotgan tez taraqqiyotga olib kelishida asosiy omil boʻlishi mumkin.
Bahodir KAMOLOV,
Namangan davlat universiteti ekologiya kafedrasi professori.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?