Aviatsiya yordamida bir inson hayoti saqlab qolindi

18:55 26 Aprel 2019 Jamiyat
376 0

Qashqadaryo viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan xabar qilishlaricha Dehqonobod tumani Oqqishloq qishlogʻida yuz bergan avariya oqibatida jabrlangan fuqaroning hayoti aviatsiya yordamida qutqarib qolindi.

Maʼlum boʻlishicha tumandagi “Oybek” MFYda yashovchi B. Mengliyev haydov traktori bilan dala yoqalab borayotganda traktor tik qiyalikdan sirpanib ketib, boshqaruvni yoʻqotgan. Surunkali yogʻingarchiliklar oqibatida yuzaga kelgan ortiqcha namlik va yerning loyligi oqibatida traktor tepalikka chiqa olmay, ortga qayta harakatlangan. Haydovchi yana harakatda davom etishi natijasida traktor agʻdarilib, 5-6 marotaba dumalab ketgan.

Bundan ogʻir tan jarohati olgan B. Mengliyevga Oqqishloq qishlogʻida joylashgan Qishloq vrachlik punktida birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan. Ammo jarohatning jiddiyligi tufayli jabrlanuvchini Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga yetkazish zarurati paydo boʻladi.

Tuman markazidan 180 km. uzoqlikda joylashgan Oqqishloq qishlogʻiga shu kunlarda texnika yetib bora olmaydi. Sababi, Dehqonobodning togʻ va togʻoldi hududlarida kuchli yomgʻir yogʻishi oqibatida “Koʻkabuloq-Doʻkonxona” avtomobil yoʻlining 6 km.da yoʻlni sel suvlari yuvishi, tepalikdan tuproq va tosh boʻlaklarining oqib tushishi oqibatida avtomobil yoʻli toʻliq zararlanib, transport vositalarining harakati toʻxtab qolgan.

Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Obidjon Hazratqulovning taʼkidlashicha yuqoridagilarni inobatga olib Mudofaa vazirligiga bemorni zudlik bilan evakuatsiya qilish uchun 1 dona vertolyot ajratilishida amaliy yordam soʻrab murojaat qilindi.

Mudofaa vazirining oʻrinbosari Havo hujumidan mudofaa qoʻmondoni general-mayor A.Burxanovning ruxsati bilan havoga koʻtarilgan harbiy qismga qarashli MI-171 vertolyoti ekipaj komandiri podpolkovnik Oʻktam Raxmanov boshchiligida 2 nafar qutqaruvchi, 2 nafar tibbiyot xodimlari voqea joyiga borib bemorni vertolyot yordamida Qarshi shahridagi Xonobod aerodromiga yetkazildi. Olib borilgan tezkor qutqaruv ishlari natijasida bemor maxsus tez tibbiy yordam avtomashinasida soat 16:05 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga yetkazildi hamda bemorning hayoti qutqarib qolindi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali direktori Ravshan Pulatovning bildirishicha bemorga ochiq miya shikastlanishi, bosh miyaning ogʻir darajali lat yeyishi, sub araxnial qon quyilishi, peshona suyagi asosi, gʻalvirsmon suyagida yirtilgan sinish jarohati, umurtqa, chap boldir suyaklarida yopiq sinib siljish tashxisi quyilgan boʻlib, ayni paytda zaruriy ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatilmoqda. Bemor doimiy vrach nazorati ostida.

A. Muhammadiyev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?