Auditorlik faoliyatiga oid qonun loyihasi qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi

12:17 11 Mart 2020 Siyosat
288 0

Avval xabar qilinganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi boʻlib oʻtmoqda. Deputatlar yangi tahrirdagi “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda muhokama qildilar.

Qayd etilganidek, xalqaro prinsip va ilgʻor tajribalar asosida auditorlik faoliyatini tartibga solishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmini yaratish, auditorlik faoliyatini litsenziyalash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini soddalashtirish va auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qogʻoz shakldagi litsenziya berishni bekor qilish qonun loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi.

Deputatlar mana shu masalalardan kelib chiqib, ushbu hujjatni sinchiklab koʻrib chiqdilar. Qonun loyihasi eskirgan, havolaki meʼyorlarni qayta koʻrib chiqish va toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan yangi normalarni joriy qilishga yoʻnaltirilgan.

Taʼkidlanganidek, yurtimizda 2019-yilning 1-aprel holatiga 100 ga yaqin auditorlik tashkilotlari faoliyat koʻrsatmoqda. Auditorlar soni esa, 584 kishini tashkil qiladi.

Deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasida taklif qilinayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar auditni tartibga solish sohasidagi sinovdan oʻtgan xalqaro amaliyot prinsiplariga asoslangan.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi auditorlik faoliyatini tartibga solish, auditning xalqaro standartlari asosida mustaqil audit oʻtkazish amaliyotini tatbiq etish, auditorlik tashkilotlarining xizmatlari sifati va raqobatbardoshligini oshirishda muhim huquqiy asos boʻladi. Majlisda ayrim deputatlar tomonidan qonun loyihasidagi ayrim normalariga eʼtirozlar bildirildi. Ushbu hujjatga talabchanlik bilan eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi. Misol uchun, auditorlik xizmatini litsenziyalash, majburiy aʼzolik badali masalalari qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Auditorlar palatasi auditorlar manfaatlarini qay darajada himoya qilayotgani, ham sertifikat berib, ham ularni tekshirish koʻzda tutilayotgani qay darajada toʻgʻri, degan savol oʻrtaga tashlandi.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng qonun loyihasi deputatlar tomonidan konseptual jihatdan maʼqullandi.
Ziyoda ASHUROVA, "Xalq so'zi"

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?