“Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan maʼqullandi

15:00 23 Avgust 2019 Siyosat
90 0

Ziyoda Ashurova, Munisxon Karimova/ “Xalq soʻzi”- Online. Ziyoda Ashurova, Munisxon Karimova/ “Xalq soʻzi”- Online. Senat yalpi majlisida “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqilib, maʼqullandi.

Maʼlumki, bugungi kunda butun dunyoda aholi va sanoatda elektr energiyasiga boʻlgan talab tobora ortib bormoqda. Ekspertlarning fikricha, Oʻzbekistonda iqtisodiy taraqqiyot, aholi soni va turmush farovonligining oʻsishi natijasida elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj 2030-yilga kelib 117 milliard kVT soatga yetadi.

Taʼkidlash lozimki, respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslariga boʻlgan ehtiyoji energiyaning qayta tiklanmaydigan manbalaridan foydalanish hisobiga qoplanmoqda.

Xususan, mamlakatimiz energiya manbai sifatida tabiiy gazga qaram, chunki ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 85 foizi aynan tabiiy gaz orqali qoplanadi.

Vaholonki, mamlakatimizda uran xomashyosining ulkan zaxirasi boʻla turib, amalda atom energetikasi salohiyati ishga solinmagan.

Mamlakatimizning amaldagi qonunchiligida atom energiyasidan foydalanishni tartibga soluvchi maxsus norma mavjud emasligi soha rivoji yoʻlida turli qiyinchiliklarni vujudga keltirmoqda.

Bugungi kunda atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bilan bogʻliq munosabatlarni qonun doirasida tartibga solish masalasi oʻta muhim va dolzarbdir.

“Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining asosiy maqsadi atom energiyasidan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.

Ushbu Qonunning maqsadi atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishni taʼminlovchi yangi joriy etilayotgan institutlar

va tizimlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishning huquqiy asoslarini yaratish, atom energiyasi toʻgʻrisidagi normalar va qoidalarni unifikatsiyalash, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishda fuqarolar va yuridik shaxslar xavfsizligini taʼminlashning samarali mexanizmlarini milliy qonun hujjatlariga tatbiq etishdan iborat.

Qonunda atom energiyasini rivojlantirish va undan foydalanish sohasidagi yagona davlat siyosatini va strategik yoʻnalishlarni ishlab chiqish boʻyicha vakolatli davlat organi sifatida Vazirlar Mahkamasi va Energetika vazirligining, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa davlat organlari, tashkilotlari va muassasalarining vakolatlari belgilanmoqda.

Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash, bu sohasidagi ishlarni olib borish huquqi uchun ruxsatnoma berish, davlat nazorati va tekshiruvi, yadroviy qurilmani va saqlash punktinining xavfsizligini davriy baholash, uni joylashtirish hamda barpo etish tartibi joriy etilmoqda.

Shuningdek, Qonunda xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar mansabdor shaxslarining huquqlari va majburiyatlari belgilanmoqda, jismoniy va yuridik shaxslarga, atrof muhitga radiatsiyaviy taʼsir natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash normalari, radiatsiyaviy taʼsir natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, bu sohada xalqaro hamkorlik amalga oshirish tartibi nazarda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?