“Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida

09:24 14 Mart 2019 Hujjatlar
224 0

Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 30 noyabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2019 yil 28 fevralda maʼqullangan

1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996 yil 27 dekabrda qabul qilingan “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi 353–I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 yil, № 2, 52-modda; 2003 yil, № 9–10, 149-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006 yil, № 10, 536-modda; 2013 yil, № 4, 98-modda; 2017 yil, № 9, 510-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:

1) 2-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi”;

2) 4-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

4-modda. Fuqarolarning atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari

Fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:

oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun qulay atmosfera havosidan foydalanish;

atmosfera havosining holati hamda uni muhofaza qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida tegishli davlat organlaridan oʻz vaqtida va ishonchli axborot olish;

atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlar chiqarilishi hamda unga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatishi tufayli oʻz sogʻligʻiga va mol-mulkiga ziyon yetkazilgan hollarda zararning oʻrni qoplanishi;

atmosfera havosini muhofaza qilish masalalari boʻyicha jamoatchilik fikrini oʻrganishni va jamoatchilik ekologik ekspertizasini amalga oshirishda ishtirok etish.

Fuqarolar:

atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;

atmosfera havosining ifloslanishiga, kamayishiga va unga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatishiga olib keluvchi harakatlarni sodir etmasligi shart”;

3) quyidagi mazmundagi 5154-moddalar bilan toʻldirilsin:

51-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;

atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishini hamda amalga oshirilishini taʼminlaydi;

atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishi va unga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatishini tartibga soluvchi texnik reglamentlarni tasdiqlaydi;

atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida nazoratni amalga oshirish tartibini belgilaydi.

52-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya
va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:

atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni taʼminlaydi;

atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;

atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi.

53-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:

atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;

tegishli hududda atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi.

54-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining atmosfera havosini muhofaza qilishni taʼminlashda ishtirok etishi

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari:

atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;

atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshiradi;

aholi oʻrtasida fuqarolarning atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi huquqiy savodxonligini va ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tushuntirish ishlarini amalga oshirishda ishtirok etadi”;

4) 8-moddaning:

nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

8-modda.Doimiy ifloslantiruvchi manbalarning atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatishi normativlari”;

uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlar chiqarishning yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlarini, doimiy ifloslantiruvchi manbalar fizikaviy omillarining atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatishining yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlarini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;

5) 9-modda chiqarib tashlansin;

6) 11-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

11-modda. Doimiy ifloslantiruvchi manbalarning atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarishini tartibga solish

Doimiy ifloslantiruvchi manbalarning atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarishiga davlat ekologik ekspertizasining natijalariga koʻra belgilanadigan ifloslantiruvchi moddalar chiqarishning yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlariga muvofiq yoʻl qoʻyiladi”;

7) 13-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

13-modda. Atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatilishini cheklash, toʻxtatib turish yoki tugatish

Atmosfera havosiga doimiy va koʻchma ifloslantiruvchi manbalardan ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlarini buzish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat mahalliy davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining vakolatlariga muvofiq ularning qarori bilan cheklanishi, toʻxtatib turilishi, zararli taʼsir koʻrsatish sabablarini bartaraf etish mumkin boʻlmagan taqdirda esa, tugatilishi mumkin. Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish (bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib turish hollari mustasno) yoki tugatish sud tartibida amalga oshiriladi”;

8) 14-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

14-modda. Yoqilgʻi va yonilgʻi-moylash materiallariga doir talablar

Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalaniladigan yoqilgʻi va yonilgʻi-moylash materiallarining barcha turlari Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan standartlar, texnik reglamentlar talablariga mos boʻlishi lozim”;

9) 18-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻsimliklarni himoya qilish vositasi, ularning oʻsishini tezlashtiruvchi omil, mineral oʻgʻit va boshqa preparatlar sifatida kimyoviy moddalarni ishlatishga qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini himoya qilish vositalarini qoʻllash reglamentiga muvofiq yoʻl qoʻyiladi”;

10) 19-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Obyektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlashda, xoʻjalik va boshqa faoliyatni amalga oshirishda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ozonni buzuvchi moddalardan, tarkibida ozonni buzuvchi moddalar mavjud boʻlgan uskunalar va texnik qurilmalardan foydalanish hamda qoʻllashni tartibga solishga doir chora-tadbirlarga rioya etishi lozim.

Tarkibida ozonni buzuvchi moddalar mavjud boʻlgan buyumlardan foydalanuvchi va ularni taʼmirlovchi korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar bunday moddalar hisobga olinishini va ular ozon uchun xavfsiz moddalar bilan almashtirilishini taʼminlashi lozim.

Ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular mavjud boʻlgan mahsulotlarning importi hamda eksporti ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi”;

11) 24-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Faoliyati atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni, biologik organizmlarni, issiqxona gazlarini va ozonni buzuvchi moddalarni chiqarish hamda unga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatishi bilan bogʻliq boʻlgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar:

atmosfera havosiga chiqariladigan chiqindilarni tozalash va unga zararli fizikaviy taʼsirni kamaytirish uchun inshootlar, qurilmalar va asbob-uskunalardan, shuningdek ularning ustidan nazorat qilish vositalaridan foydalanish hamda ularning ishlash qoidalariga rioya etishi;

ozonni buzuvchi moddalarning hisobini yuritishi, ularning atmosfera havosiga chiqarilishiga yoʻl qoʻymasligi, retsirkulyatsiyani (ularni qayta ishlatish maqsadida birlamchi tozalashni) amalga oshirishi;

xoʻjalik obyektlari tevaragida sanitariya-muhofaza zonalarini barpo etishi;

atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarishning yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlarini belgilashi;

atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarishni hamda unga zararli fizikaviy taʼsirni kamaytirish va (yoki) bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻrishi;

atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishi hamda unga fizikaviy omillar zararli taʼsirining yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi, ularning hisobini yuritishi va statistika hisobotini taqdim etishi;

atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining sifat va miqdoriy tarkibini aniqlash uchun namunalar olinishini taʼminlashi hamda oʻlchovlarni amalga oshirishi;

yoqish uchun moʻljallanmagan joylarda va (yoki) qurilmalarda yoqilgʻining, yoqilgʻi sifatida foydalaniladigan moddalarning yoki moddalar aralashmasining yoqilishiga, shuningdek yoqilgʻi hisoblanmaydigan materiallar va chiqindilarning yoqilishiga yoʻl qoʻymasligi, bundan yoqish maxsus uskunalardan foydalanib hamda atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi va chiqindilar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etgan holda amalga oshirilgan hollar mustasno;

energiyani tejovchi va (yoki) resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ekologik jihatdan toza energiya manbalaridan foydalanish chora-tadbirlarini koʻrishi; 

meteorologik sharoitlar noqulay kelishi kutilayotganligi munosabati bilan atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlar chiqarilishini kamaytirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan tadbirlarni bajarishi;

korxonalar va transport kommunikatsiyalarining taʼsir doirasida atrof-muhitga hamda aholi sogʻligʻiga zararli taʼsir koʻrsatilishini baholashdan oʻtkazishi;

kuchli taʼsir etuvchi zaharli moddalarni hamda bugʻlanuvchi birikmalarni saqlash, tashish shartlariga, ulardan foydalanish va ulardan boʻshagan idishlarni zararsizlantirish qoidalariga rioya etishi;

atmosfera havosiga biryoʻla va avariya tufayli ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining, yashirin xavfli vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish, shuningdek atmosfera havosining transchegaraviy ifloslanishini kamaytirish yuzasidan choralar koʻrishi;

chiqindilarning utilizatsiya qilinishini taʼminlashi hamda ular toʻplanib qolganida va qayta ishlanayotganida atmosfera havosini ifloslantirishning oldini olish choralarini koʻrishi shart.

Atmosfera havosini muhofaza qilish tadbirlarining bajarilishi tuproq, suv va atrof-muhitning boshqa obyektlari ifloslanishiga olib kelmasligi kerak”;

12) 25-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni va biologik organizmlarni chiqarganlik, unga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatganligi uchun kompensatsiya toʻlovlarini toʻlash korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni havoni muhofaza qilish tadbirlarini bajarishdan hamda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash majburiyatidan ozod etmaydi”;

13) 26-modda birinchi qismining:

uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;

toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari tegishincha uchinchi 
va toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;

14) 28-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Atmosfera havosini muhofaza qilish ustidan davlat ekologik nazorati maxsus vakolatli davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi atmosfera havosini muhofaza qilish ustidan ekologik nazorat boʻyicha maxsus vakolatli davlat organlaridir.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi quyidagilarni amalga oshiradi:

atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarning holati, atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi ustidan davlat ekologik nazoratini;

davlat va idoraviy ekologik nazorat sohasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining faoliyati muvofiqlashtirilishini.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi sanitariya-muhofaza va turar joy zonalarida atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatilishi ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi foydalanilishi atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatadigan avtomototransport vositalari ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi.

Atmosfera havosini muhofaza qilish ustidan idoraviy, ishlab chiqarish va jamoatchilik ekologik nazorati qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi”;

15) 30-modda chiqarib tashlansin.

2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;

ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

3-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti                             Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019 yil 13 mart

№ OʻRQ–529


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?