Atamboyevning turmush oʻrtogʻiga qarshi jinoiy ish qoʻzgʻatilmoqda

14:33 16 Avgust 2019 Dunyo
289 0

Qirgʻizistonda sobiq prezident Almazbek Atamboyevning rafiqasi Raisa Atambayevaga qarshi jinoiy ish qoʻzgʻatilmoqda. Bu haqda Sputnik xabar berdi.

Raisa Atamboyevaning soʻzlariga qaraganda, hozirda Atambayevning tarafdorlari, oila aʼzolari va yaqin qarindoshlari yoppasiga taʼqib ostiga olingan. Atamboyevning toʻngʻich oʻgʻli Seyitbek vahshiylarcha kaltaklangan va uni har kuni soʻroqqa chaqirishadi.

Uning maʼlum qilishicha, “Ala-Archa” davlat qarorgohidagi uy-joy ham muhrlangan. Bundan tashqari, 2002-yilda ochilgan oila hisobi hibsga olingan. Atamboyeva hozirda ular yashab turgan yagona uyni hukumat olib qoʻyishidan tashvishlanmoqda.

“Hozirgina menga nisbatan Arabayev ishi boʻyicha jinoiy ish ochishayotganini bildim. Men hech qachon sudyalar ishiga aralashmaganman. Siyosat nopok ish ekanini bilardim va hech qachon unga aralashmaslikka harakat qilardim. Men hattoki qaysi sud qayerda joylashganini va hech bir sudyani bilmayman”, - degan Raisa Atamboyeva.

Qirgʻiziston prezidenti apparatining sud islohoti va qonuniyligi boʻlimining sobiq rahbari Manas Arabayev joriy yilning yoz oyida qoʻlga olingan. U korrupsiyada ayblanmoqda.

Bugun Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi binosida Almazbek Atamboyevga nisbatan qoʻllangan ehtiyot chorasini oʻzgartirish masalasi koʻrib chiqildi. Bishkek shahar sudi qarorni oʻzgartirishsiz qoldirdi va Almazbek Atambayev 26-avgustga qadar tergov hibsxonasida qoladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?