AT Xalq banki sarmoyalari hisobiga 6 040 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi

20:22 05 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
702 0
Foto: AT Xalq banki Matbuot xizmati

Aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Tadbirda keyingi yillarda yurtimizda bank sohasida olib borilayotgan islohotlar, xususan, Xalq banki tizimidagi oʻzgarishlar hamda yangiliklar haqida jurnalistlarga maʼlumotlar berildi.

Maʼlum qilinishicha, bugungi kunda yurtimizning barcha tuman va shaharlarida bankning 197 ta filiali, 29 ta minibanki, 727 ta jamgʻarma va maxsus kassasi, 186 ta xalqaro pul oʻtkazmalari shoxobchasi, 180 dan ortiq valyuta ayriboshlash shoxobchalari, umuman olganda bankning 3200 dan ortiq muassalari mijozlar uchun xizmat koʻrsatib kelmoqda.

AT Xalq banki tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab quvvatlashga doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Jumladan, 2018 yil 9 oy davomida 29 655 ta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillariga 1 426,4 mlrd. soʻmlik kreditlar ajratilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,1 foizga oʻsishi taʼminlandi.

Xususan, kichik biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 10 075 nafar ayol tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga 215,4 mlrd. soʻm, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 2 510 nafar tadbirkorga 235,1mlrd. soʻm, nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 1 321 nafar tadbirkorga 187,9mlrd. soʻm, xizmat koʻrsatish va servis sohasini rivojlantirish uchun 4 258 nafar tadbirkorga 479,5 mlrd. soʻm, kasb-hunar kollejlarini 1 040 nafar bitiruvchilariga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 18,9 mlrd. soʻmlik, oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 4 281 ta loyihaga 78,7 mlrd. kreditlar ajratildi.

Maʼlumki, respublikamizda chorvachilik sohasini rivojlantirish boʻyicha Xalq banki masʼul qilib biriktirilgan. Shundan kelib chiqib, bank tomonidan 2018-2019 yillar davomida respublikamiz hududida chorvachilik sohasini rivojlantirish boʻyicha dastur ishlab chiqilgan. Dasturga asosan 876 ta loyihaga jami 1 837,8 mlrd. soʻmlik mablagʻlar yoʻnaltiriladi. Natijada, mazkur mablagʻlar evaziga 71 434 bosh naslli qoramol, 17 815 bosh naslli echki, 42 230 bosh qorakoʻl va hisori qoʻy hamda 1 200 bosh tuya olib kelinadi. Amalga oshiriladigan ishlar natijasida 6 040 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Taʼkidlandiki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bank-moliya tizimida juda katta oʻzgarishlar boʻldi. Misol uchun oʻtgan yili yurtimizda valyutaning erkin konvertatsiyasi yoʻlga qoʻyildi, plastikdan naqd pul olish imkoniyatini beruvchi bankomatlar oʻrnatila boshlandi. Hozirgi vaqtda yurtimizdagi barcha tijorat banklari tomonidan oʻrnatilgan bankomatlar ishlab turibdi. 

Jumladan, Xalq banki tomonidan joylarga oʻrnatilgan 25 ta bankomatdan aholimiz kuniga oʻrtacha 1,2 mlrd. soʻmni naqd pul yechib olmoqda. Bugungi kunda Xalq banki tomonidan qoʻshimcha ravishda 200 dona bankomat sotib olish boʻyicha shartnoma tuzilgan boʻlib, bankomatlar shu yilning dekabr va keyingi yilning yanvar oylarida olib kelinadi va oʻrnatiladi.

Xalq banki tomonidan mijozlarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida zamonaviy innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida bir qator amaliy ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida Xalq banki tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga bankdan toʻlov terminallari olish uchun elektron ariza berish amaliyoti, “Xalq mobayl” mobil ilovasi orqali onlayn konversiya va onlayn depozit xizmatlari yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, mobil ilova yordamida QR-kod orqali tovar va xizmatlar uchun joyida toʻlov qilish hamda kredit olish uchun onlayn ariza topshirish kabi zamonaviy bank xizmatlarini joriy etish ishlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?