Astronomlar Yupiterning 12 yangi yo‘ldoshini aniqlashdi

14:32 19 Iyul 2018 Dunyo
385 0
Foto: NASA

AQSHlik astronomlar Yupiterning yana 12 ta yangi yo‘ldoshi borligini aniqlashdi. Shunday qilib ushbu sayyora yo‘ldoshlari soni 79 taga yetdi.

Bu haqda Space.com Karnegi ilmiy institutining Skott Shepard boshchiligidagi olimlari tomonidan olib borilgan izlanishlarga tayanib xabar berdi.

Aslida astronomlar Pluton orbitasidan uzoqda joylashgani taxmin qilingan “9-planeta”ni qidirish maqsadida tadqiqotlarni olib borishayotgan edi. Kuzatishlar paytida Yupiter ham teleskop obyektivida ko‘rinib turgan. Olingan fotosuratlar tahlili natijasida esa ana shu yangi yo‘ldoshlar topilgan.

Ulardan eng kichigining diametri 1 km.dan oshmaydi. Valetudo nomini olgan mazkur samoviy jism kelajakda Yupiterning ko‘plab oylaridan biri bilan to‘qnashib ketishi mumkin.

“Bu beqaror vaziyat. To‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv natijasida mazkur samoviy jism parchalanib ketadi, keyin changga aylanadi”, - deydi Skott Shepard.

Valetudo Yupiter yo‘ldoshlari to‘qnashuvi oqibatida hosil bo‘lgani taxmin qilinyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?