Astronomiya bog‘ida “qamalda” qolgan astronomlar

18:36 30 May 2018 Jamiyat
493 0
Foto: uza.uz

Qirq yil umrini astronomiya ilmiga bag‘ishlagan fan doktori, professorning xonadonini qanday tasavvur qilasiz? Mashina va dang‘illama hovlimi? Agar shunday, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz yanglishdingiz. Bugun biz kulbalarda yashayotgan falak ilmi asoschisi Mirzo Ulug‘bekning izdoshlari xonadonida bo‘ldik. Yana bu kulba uylar buzilish arafasida, ammo u yerda istiqomat qilayotgan fan arboblari qayerga ko‘chishlaridan bexabarlar...

Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biri, qimmat uylar qurilib kelayotgan bir joyda tarixi ikkinchi jahon urushidan avvalgi yillarga borib taqaluvchi “Astronomiya” ko‘chasida Astronomiya instituti joylashgan. Astronomiya instituti bog‘ida tadqiqot olib borgan,

fizika-matematika fanlari nomzodi - Oktyabr Tursunov;

fizika fanlari nomzodi Abdusalom Latipov;

fizika fanlari nomzodi Klavdiya Kulesheva;

fizika-matematika fanlari nomzodi Abdug‘afur Rahimov;

fizika-matematika fanlari doktori Abdumalik Rahimov;

fizika-matematika fanlari doktori, professor Mamnun Zakirov kabi fan arboblari kecha-yu kunduz ishlaganlari bois ular uchun davlat tomonidan shu bog‘ning o‘ziga kulbalar qurib berilgan. Kulbalarda hammom va hojatxonalari yashash joyidan tashqarida bo‘lgan va ortiqcha qurilish qilish taqiqlangan. Olimlar kulbalarda oilasi bilan yashab, shu sharoitga rozi bo‘lgan holda ishlaganlar, kechasi yulduzlarni tatbiq qilganlar. Hozirda ham astronomiya ilmi arboblari shu bog‘da, o‘sha sharoitda yashab kelishmoqda. Astronomiya bog‘iga jiddiy zarar yetkazmaslik uchun, uning hududida yashayotgan aholi uylarini devor bilan ajratish, kanalizatsiya quvurlari o‘tkazish va boshqa jiddiy qurilishlarga ruxsat etilmagan. Fan arboblari, tabiatni yovvoyi saqlagan holda yashab kelganlar. Biroq bu qonunlar bilishimizcha nima uchundir barchaga barobar emasdek ko‘rinadi. Ilm egalari tang ahvolda-yu, astronomiya bog‘ining ma’lum hududini o‘zlashtirganlar qasrlar qurishga ham erishganlar.

“Xalq mulki daxlsiz” edi...

Astronomiya instituti qisqa xronologiyasi:

1994 yil Astronomiya instituti hududining ma’lum qismi kelishuvlar asosida katta mablag‘ga sotila boshlaydi. Ozod Sharofiddinovning “Xalq mulki daxlsizdir” maqolasidan keyin, bunga barham beriladi.

Fotо: uza.uz

Taxminan 2000 yillarda Astronomiya instituti bog‘i ichidagi Vladimir Щiglov uy-muzeyi sotib yuboriladi.

2005 yilda institut hovlisi ilm-fan arboblariga uylari noqonuniyligi aytilib tahdid qilinadi. Institut aholisi Prezidentga va prokuratura organlariga murojaat qilib, uylarini va institut bog‘ini saqlab qolishga erishadilar.

2017 yil, 14 sentyabrda Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilinadi.

Unga ko‘ra mazkur hududda “Astronomiya va aeronavtika” bog‘i va Planetariy hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Xalq ta’limi vazirligining Fanlar akademiyasining Astronomiya instituti qoshida 200 o‘quvchi o‘rni va 150 o‘rinli turar joyiga ega bo‘lgan, matematika, astronomiya, fizika va informatika fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatini tashkil etish ko‘zda tutiladi.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimligiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda bir oy muddat ichida Astronomiya instituti hududida maktab-internat binosi va o‘quvchilar turar joyini qurish uchun joy ajratish buyuriladi.

Qarordan so‘ng astronomiya instituti hududida keng ko‘lamli qurilish ishlari boshlab yuboriladi. Uylari oldidagi katta qurilish ishlaridan noqulay ahvolda qolgan aholi bir necha bor tuman, shahar hokimiyatiga va Xalq qabulxonalariga murojaat qiladilar. Shundan so‘ng 2018 yil fevral oyida Yunusobod tuman hokimiyati qurilish orasida odamlar yashayotganini yodga olib, xonadon egalariga uylari buzilishi haqida ogohlantirish xati yuboradi. Unda, tez orada komissiya tuzilib, ularga uy ajratilishi aytiladi. Ammo, mana 3 oy muddat o‘tganiga qaramasdan loy yo‘llar, kranlar, chang-to‘zonlar orasida butun umrini falak ilmiga bag‘ishlagan olimlar va ularning avlodlari yashab kelishmoqda. Qurilish ko‘lamiga ko‘ra u yerga yaqin joylashgan oila xavfsizligiga kafolat berish qiyin. Shunga qaramasdan, astronomiya va astronavtika bog‘i qurilmoqda-yu, uning fidoyilari nochor ahvolda qolmoqdalar.

Fotо: uza.uz

“Ushbu hududda qimmat uylar quriladi deb qo‘rqar edik. Chunki, “Astronomiya 33”, shahar markazida joylashgan va atrofimizda metr kvadrati salkam 2 ming AQSH dollariga teng uylar qurilib kelinmoqda. Mamlakatimiz Prezidentining 2017.09.14 sanasidagi qarorini ko‘rib behad xursand bo‘ldik. Institut “Astronomiya va aeronavtika” bog‘i va Planetariyga aylanishi, bu tarixiy joyga e’tibor qaratilib uni yangilanishini eshitib ko‘nglimiz joyiga tushdi. Uylarimiz o‘rni planetariyga aylantirilar ekan uni bajonidil bo‘shatib beramiz. Lekin, avval bizni boshqa joyga ko‘chirib, keyin qurilish ishlarini boshlashsa yaxshi bo‘lar edi. Qurilish ishlari allaqachon boshlanganiga qaramasdan bizni ko‘chirishgani yo‘q. Yashash uchun xavfli bo‘lgan joyda istiqomat qilib kelmoqdamiz. Yog‘ingarchilik vaqtida, loyli ko‘chalar va katta mashinalar sabab, uylarimizdan tashqariga chiqolmay qoldik. Bu yerda go‘yo aholi yo‘qdek, ishlar olib borilmoqda”, deydi Astronomiya instituti hovlisida yashovchi astronomiya-fizika fan doktori, professor Mamnun Zakirov.

Befoyda murojaatlar

Astronomiya bog‘ida qurilish ishlari avjiga chiqqach, aholi iltimos bilan tuman va shahar hokimliklariga bir necha bora murojaat qilgan.

Tuman hokimligidagi mutasaddilardan “Sizni qayerga ko‘chirishni o‘ylayapmiz”, degan javobni olishgan. Ular o‘ylaguncha biz qurilish ichida yashayveramizmi? Qurilish ishlari sabab, uch kunlab, elektr tokini uzib qo‘yishadi, gohida suv bo‘lmaydi. Aslida hovlilarimizda shu vaqtgacha na issiq suv va na kanalizatsiya bo‘lgan. Astronomiya bog‘iga zarar yetkazmaslik uchun, uylarimizga kanalizatsiya quvurlarini o‘tkazmaganmiz. Bunga rozi ham bo‘lganmiz. Umrimizni astronomiya tadqiqotlari uchun bag‘ishladik. Endi esa bizni ko‘chirishga mablag‘ yo‘q emish. Unda uylarimizni qurilish ishlaridan muhofaza qilib to‘sib berishsin. Mana 5 kun bo‘ldiki, institut hovlisiga axloqni tuzatish ishlariga jalb etilgan fuqarolar ishchi sifatida olib kelingan. Uylarimiz devor bilan o‘ralmagan holatda biz ATIga jalb etilgan fuqarolar bilan “yashab” kelmoqdamiz. Qanday qilib tinch, bexavotir yashay olamiz? ”, deydi astronomiya instituti olimalaridan Mamlakat opa.

“Qamal” qancha davom etadi?

29-Mirzo Ulug‘bek okrugi deputati Ravshan Yusupov Astronomiya instituti hovlisi yashovchilari unga bir-necha bor murojaat qilganlarini aytadi: “Astronomiya instituti hovlisidagi qurilishlardan xabarim bor. U yerdagi aholi qurilishlardan uylarini to‘sib berishni va institut hovlisidan chiqish uchun alohida yo‘l qilib berishni so‘rashmoqda. Hozirda hovlida 17 ta xonadon yashab keladi, ularning bu talabini Yunusobod tumani hokimiyatiga yetkazganman. Hokimiyat tomonidan tez-orada muammo hal etilishini va’da qilishgan”, deydi deputat.

Salkam yarim yil muddat ichida 17 ta uydan iborat akademik, olimlar mahallasi ahli quruvchilar, ATI fuqarolari bilan birga “yashab” kelishmoqda. Vaqti kelsa yuk mashinalari va ekskavatorlar sabab odamlar o‘z uylariga kira olmay qolishmoqda.

Astronomiya hovlisi olimlarining bor boyligi soddagina uylari tokchalarida turgan ilmiy ishlar, kitoblar va maqolalardan iborat. Bugun, ular o‘z uylaridan ham ko‘proq astronomiya instituti hovlisidagi qarovsiz qolib ketgan noyob eksponatlarga qayg‘urishmoqda. Professor Mamnun Zakirovning aytishicha, ikkinchi jahon urushi davrida aynan shu institut hududidagi ilmiy qurilmalar yordamida butun SSSRga aniq vaqt yetkazib berib turilgan.

Fotо: uza.uz

Institutda 10 ga yaqin turli teleskoplar mavjud bo‘lgan. Bu eksponatlar hozirda qarovsiz ahvolga kelib qolgan va ta’mirtalab. Institut hovlisida faqat kometa izlovchi va katta osterograf saqlab qolingan. Astronomlar teleskoplarni muqaddas buyumdek sevishadi, saqlashadi. Ular eskirib qolgan bo‘lsa-da qimmatini yo‘qotmasligini aytishadi. Lekin bugun institut hovlisidagi zang bosgan, xuddi metalollomga o‘xshab qolgan kometa izlovchi va katta osterograflarni ko‘rib ularni astronomlarning muqaddas buyumi deya olmaysiz. Bu ilmga umrini fido qilgan olimlar ham bugun xuddi o‘sha ostreograf va kometa izlovchilari kabi e’tibordan chetda qolgandek...

uza.uz saytidan olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?