Asrlarni boʻylagan Bobur

11:27 15 Yanvar 2020 Madaniyat
1283 0

Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspeditsiyasi rahbari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Zokirjon MASHRABOV bilan suhbat.

– Jahongir bobomiz ijodiy merosini xalqaro miqyosda oʻrganish maqsadida Bobur nomidagi xalqaro ekspeditsiyaga asos solindi. Dunyo kitob jamgʻarmalari va muzeylarida saqlanayotgan, ayni paytda oʻzimizga qanday bebaho qoʻlyozmalari qaytarildi?

– Bobur nomli xalqaro fond va ilmiy ekspeditsiyasi oʻz faoliyatini boshlaganiga 28 yil boʻldi. Birinchi xalqaro safarimizni 1992-yil may oyida boshlagan edik. Va bugungacha Bobur va boburiylar qadami yetgan yurtlarga yigirma besh martadan koʻproq ekspeditsiyalar uyushtirilib, Afrika qitʼasidan Hindi – Xitoy yarim oroli, Yevropa – Amerika davlatlarigacha 375 ming kilometrdan ortiq masofa avtomashinada bosib oʻtildi. Ilmiy ekspeditsiya safarlari davomida koʻhna tariximizga oid hamda buyuk ajdodlarimiz qoldirgan 500 dan ziyod noyob asarlarning asl va fotonusxalari mamlakatimizga keltirilib, fond qoshidagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida mujassamlashtirildi va ilmiy isteʼmolga kiritilmoqda. Ular asosida 30 dan ortiq ilmiy-badiiy kitoblar chop etildi. “Bobur devoni” Kobul nashriga takmila, “Gʻaribing Andijoniydur” devoni, “Boburnoma” miniatyuralari, “Bobur va Yuliy Sezar”, “Bobur haqida oʻylar”, “Asrlarni boʻylagan Bobur”, “Boburiynoma”, “Buyuklar izidan”, “Boburiylardan biri”, “Hind sorigʻa”, “Andijondan Dakkagacha”, “Andijondan Bagʻdodgacha”, “Xorijda boburshunoslik”, “Boburnoma uchun qisqacha izohli lugʻat”, “Markaziy Osiyo va Hindiston tarixida boburiylar davri”, “Tavorixi Musiqiyun”, Vilyam Rashbrukning “Oʻn oltinchi asr bunyodkori”, Rumer Godenning “Gulbadan”, Harold Lembning “Andijon shahzodasi”, Xondamirning “Buyuklik xislati”, (“Habib-us siyar”), “Buyuk Sohibqiron oʻtgan yoʻllarda”, “Bobur va boburiylar bibliografiyasi”, “Boburiylardan biri”,”Bobur yoʻlbars” va boshqa kitoblar nashr etildi. Fond tashkil etilgandan buyon birgina, “Boburnoma”ning oʻzi uch marta qaytadan nashr ettirildi. Bugungi yoshlarga tushunarli boʻlsin degan niyatda “Boburnoma”ning krill va lotin alifbolarida tabdili yaratildi.

Boburning boʻlasi Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixiy Rashidiy” asari dunyo tarixchiligi va adabiyotshunosligida ikkinchi “Boburnoma” hisoblanadi. Ana shu yirik memuar asar fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi.

Oʻtgan vaqt ichidagi bu katta yutuqlar Oʻzbekistonni dunyo boburshunosligining markaziga aylanishiga xizmat qildi. Bobur hayoti va ijodi bilan xalqimizga maʼnan yaqinlashdi. Barcha bajarilgan ishlarning solnomasi sifatida mamlakatimizda ilk bor shaxsga nisbatan qomus, yaʼni “Bobur ensiklopediyasi” yaratildi. 64 bosma toboqli bu ulkan ensiklopediyani yaratishda oʻzbek boburshunos olimlari qatorida Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Afgʻoniston va yevropalik olimlar ham faol ishtirok etishdi. Bobur ijodini qirq yildan beri oʻrganib kelayotgan yaponiyalik boburshunos olim Eyji Mano ensiklopediyaga “butun dunyo boburshunoslari uchun muhim qoʻllanma boʻladi” deya baho berdi. Yana bir noyob qoʻllanmani, yaʼni Rossiya Fanlar Akademiyasining Tillar instituti bilan hamkorlikda “Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidi. Bibliografiya” kitobini ham nashr etdik. Bungacha biz bibliografiya chiqarish tajribasini oʻzlashtirib ulgurgandik. Dunyo boʻylab topib kelgan qoʻlyozmalar haqida “Bobur va jahon madaniyati” muzeyidagi adabiyotlar roʻyxati toʻplamini yaratdik. “Bobur va boburiylar bibliografiyasi”ning ikkita kitobini chop etdik. Shu oʻrinda bir narsani afsus bilan aytib oʻtmoqchiman. Oʻzbekistonda buyuk allomalarimizning qoʻlyozmalari asosida birorta ham bibliografiya qilinmagan. Xuddi shuningdek, jahon boʻyicha ham. Bu juda zarur, chunki xalqimiz va ayniqsa, yoshlarimiz uchun qaysi ajdodimizning qaysi qoʻlyozmasi yoki u haqdagi manbalar qayerlarda borligi haqida maʼlumot beruvchi manba bu bibliografiyadir. Adabiyotshunoslarimiz bu haqda tezroq amaliy ishga oʻtishlari kerak.

– “Boburnoma” oʻzbek va umumturkiy adabiyotining dunyoga maʼlum va mashhur qomusiy asari. Bu memuarda Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Hindiston xalqlarining madaniyati, qadriyatlari, oʻziga xos xususiyatlaridan tortib, tabiati, geografiyasi, hayvonot va nabotot olami toʻgʻrisida bebaho maʼlumotlar mavjud. Bu nodir manbaning turli tillarga tarjima qilingan nashrlarini qoʻya turaylik, oʻzimizda mumtoz asarlari yuzasidan tuzilgan mukammal izohli lugʻatlar ham kamchilikdan xoli emas. Bugun “Boburnoma”ni nozik jihatlarigacha teran anglab, tadqiq eta oladigan boburshunoslar borligiga aminmisiz?

– Haqiqatan ham buyuk qomusiy olim Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari bebaho qoʻllanma. U nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari va yoki siz sanagan yurtlar, balki Eron, Turkiya, Bangladesh, Pokiston va yana qator davlatlarning madaniyati, tarixi, urf-odatlari, qadriyatlarini oʻzida aks ettirgani bilan qimmatlidir. Yaponiyalik yirik boburshunos Eyji Mano “Boburnoma”ni “maʼlumotlar xazinasi” deya atagan boʻlsa, angliyalik boburshunos Beverij xonim “butun tarixda yaratilgan yozma yodgorliklarning eng bebahosidir”, deydi. Germaniyalik boburshunos Klaus Shoning esa “Boburnoma”ga baho berib, “mukammal tizimdagi xalq tilida yozilgan eng katta hajmdagi asardir”, deya taʼkidlaydi. Xullas,”Boburnoma” bahosi yoʻq asar. Bu memuar asar hali koʻplab boburshunoslar uchun yangi mavzu boʻladi. Shu maʼnoda asarning nozik jihatlarini yanada teran anglab, yangicha qarash va yondashuvlar bilan uning asosida lugʻatlar, yangi qoʻllanmalar yaratilsa, biz bundan faqat xursand boʻlamiz. Zero, bugun Oʻzbekiston boburshunoslik markaziga aylanib ulgurdi. Bu bahoga oʻtgan yillar davomida oʻzbek boburshunoslari tomonidan amalga oshirilgan izlanishlar natijasida erishdik. Toʻgʻri, boburshunoslikdagi barcha izlanishlarni mukammal deyishdan yiroqmiz. Bobur va boburiylar ijodi, faoliyati haqida nashr ettirilayotgan ayrim kitoblar, qoʻllanmalarda chalkashliklar bor. Aslida ish bor joyda kamchiliklar kuzatiladi, bir fikr ikkinchisidan farqlanadi. Biroq bu Bobur asarlarining asliyatiga taʼsir etmasligi shart. Chunki oddiy oʻquvchi asliyatni oʻqishi kerak. Men boburshunoslarimizni yanada sinchkovlik va ziyraklikka chaqirgan boʻlardim.

– Bobur bilan Navoiy hayotlik chogʻlarida yuzma-yuz uchrashmagan. Mirzo Bobur “Vaqoeʼ”da Navoiy qiyofasini shu qadar aniq tasvirlaydiki, ikki ulugʻ zot azaldan qalin doʻst boʻlgan, deb oʻylaysiz. Ammo ana shu sahifalar asarning xorijiy tillardagi barcha variantlarida toʻgʻri aks etgan, deb boʻlmaydi. Masalan, inglizcha tarjimalarda Boburning Navoiy ijodiga bergan bahosi oʻzgacha talqin qilingan. Umuman, ona tilimizda bitilgan tarixiy asarlarning xorijiy tilga tarjimalarini diqqat bilan oʻrganib, bu borada balki alohida tadqiqotlar uyushtirish lozimmikan, degan mulohazalarga borasan, kishi. Deylik, “Boburnoma”ning ingliz tiliga qilingan tarjimalaridagi shu kabi noxolisliklar bu ikki ulugʻ zotni yaxshi bilmagan, asarlarini oʻqimagan millionlab ingliz zabon kitobxonlarni chalgʻitishi mumkin.

– Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da hazrat Alisher Navoiy va uning ijodiga toʻxtalib, oʻz bahosini bergan. Va bu baho xolis, buyuk Navoiyning iqtidoridan hayratlanish va undan faxrlanish ekanini ham ilgʻash qiyin emas. Ammo ingliz tilidagi tarjimasi xususidagi fikringizga qoʻshilaman. Oʻzbek boburshunoslari tadqiqotlar olib borsa, foydadan xoli boʻlmasdi. Shu oʻrinda, inglizlar haligacha Bobur va boburiylarni “buyuk moʻgʻullar” deb atashi aynan, shu tarjima yoki yevropacha qarashning notoʻgʻri shakllanganining taʼsiridir. Biz har safar xorijlik suhbatdoshlarimiz bilan shu mavzuda fikrlashamiz, Boburmirzo buyuk oʻzbek ekanini qayta-qayta taʼkidlaymiz. Afsuski, uzoq yillar davomida ularning ongiga singib ketgan “buyuk moʻgʻul” tushunchasini butunlay chiqarib yuborish qiyin. Bu ham oʻsha siz aytgan notoʻgʻri talqinning natijasi.

Savolingizda nazarda tutayotgan, Bobur fondi homiyligida inglizchadan tarjima qilinib chop etilgan Harold Lembning “Bobur yoʻlbars” kitobiga kelsak, matbuotda bu kitobdagi aksariyat voqealar toʻqima, sharqona qarashlardan uzoqda, degan fikrlar berilyapti. Asliyat yoki tarjima toʻgʻri, notoʻgʻri deyishdan yiroqman, ijodiy bahoni, menimcha, mutaxassislar bergani maʼqul. Ammo tan olishimiz kerakki, hali biz Bobur va boburiylar hayotini oʻrganish, Bobur ijodidan bahramand boʻlish imkoniyatidan yiroq paytimizdayoq Gʻarbda u haqda tarixiy, ilmiy, badiiy asarlar yaratib boʻlingan. Bu buyuk ajdodimizning shaxsiyati oʻsha davrdayoq butun dunyoni hayratga solib, u haqda izlanishlar olib borishga daʼvat qilganidan darak. Shu maʼnoda, Harold Lembning oʻz dunyoqarashidan va izlanishidan kelib chiqib yozgan “Bobur yoʻlbars” asarida chalkashliklar boʻlishi tabiiy. Menimcha, tarjima variantini qayta koʻrib chiqish kerak.

– Humoyun Mirzo ogʻir betob boʻlganda, uni azob chekayotganiga chidolmagan otasi jon taslim qilayotgan shahzoda atrofida aylanib, uning tuzalib ketishi uchun hatto umrini bagʻishlashi bizni ham hayratlantiradi, ham allanechuk qaygʻuga soladi. Bobur Mirzoning farzandlariga yozgan maktublari ham hanuz Yevropa sharqshunoslarining diqqatini tortmoqda. Buning oʻziga xos sabablari nimada?

– Oʻziga xos sababi – Boburmirzo OTA! Sharqda otalar hamisha farzandlari oldidagi masʼuliyatini chuqur his qilgan. Boburmirzo hayotlik chogʻidayoq taxtni oʻgʻliga topshirgan dunyodagi yakkayu yagona SHOH. Nazarimizda, u ota sifatida Humoyunning saltanatni qanday boshqarishini koʻrishni, unga bu borada yaqin koʻmakchi, maslahatchi boʻlishni istagan. Boburmirzoning bebaho insoniy fazilatlari ichida oila aʼzolariga, qarindosh-urugʻlari, doʻstlariga mehru oqibat koʻrsatishi, sadoqati asarlarida ayniqsa, “Boburnoma”da yaqqol namoyon boʻladi. Bu mehribonligi farzandlariga alohida edi. Oʻgʻillar tarbiyasida oʻziga xos qoidalari va yondashuvlari bor ediki, mana shu jihatlar hali-hanuz bashariyatni lol qilib kelmoqda. Boburmirzo qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, farzandlari haqida har doim qaygʻurgan, ularning bir-biriga mehribon, oqibatli, doʻst boʻlishini istagan. Buni farzandlariga yozgan qator maktublarida koʻrish mumkin.

Humoyunmirzoga yozgan xatini eslaylik: “Ukalaringga mehribon boʻl, xato qilsa kechir, aslo oʻzingdan uzoqlashtirma”, deydi. Shuning uchun ham Humoyun Komron bilan Hindol Mirzolar taxt talashib, uni qattiq xafa qilganida ham ularni kechiradi. Chunki buni Otasi vasiyat qilgan.

Afgʻonistonning Qandahor viloyatida Boburmirzo tomonidan qurdirilgan Chilzina, yaʼni qirq zina tarixiy obidasi bor. Togʻning ichiga gʻor qilingan. Qirq zinani bosib chiqqaningizda oʻsha gʻor devorlariga”Qurʼoni Karim”dan oyatlar bilan birga, oʻgʻillari Humoyun va Komron Mirzoga yozgan pandu nasihatlari ham aks etgan. Demak, u hamisha farzandlari haqida qaygʻurgan. Shu jihatdan olib qaraganda, nafaqat Yevropa sharqshunoslari, sizu biz ham Boburmirzoning bu fazilatlari oldida hamisha hayratdamiz.

– Keyingi paytda internet saytlari orqali bobomiz Abu Rayhon Beruniy turbatlari haqida har xil xabarlar oʻqidik. Baʼzilar u joyning haliyam xarob ahvolda ekanini aytib bong ursa, “Yoʻq, birodarlar, bunday emas! Yaratganga shukrki, buyuk ajdodimiz turbatlari obod etilgan!” qabilida koʻngilni xotirjam qiladigan mujdalar ham yangradi. Bugungi Afgʻon zaminida Beruniydan tortib, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab kabi ulugʻ bobolarimiz mangu makon topgandir. Siz rahbarligingizdagi Fond aʼzolari bu yerda bir necha bor boʻlib, ularning bir nechtasini obodonlashtirishning uddasidan chiqqanlaringiz haqida matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xabardormiz.

– Bobur nomli xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspeditsiyasi Bobur va boburiylar izidan yurib, nafaqat boburiylar, balki yurtimizdan yetishib chiqib, taqdir taqozosi bilan xorijda mangu makon topgan boshqa oʻnlab buyuk ajdodlarimizning qabrlarini izlab topib ziyorat qildik. Haqiqatan, Afgʻonistonda mashhur Musallo maydonida hazrat Alisher Navoiyning, Sulton Husayn, Gavharshodbegim va temuriylarning boshqa avlodlarining, buyuk musavvir Kamoliddin Behzodning qabrlari anchagina xarob ahvolda edi. Ishkamishda Boborahim Mashrabning, Gʻaznada buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning qabri yoʻqolib ketish arafasida. Ularni koʻrganimizda, ich-ichimizdan achindik, tezroq obod qilish kerak, degan qatʼiy fikrga keldik va amaliy harakatni boshladik. Ekspeditsiya aʼzolari bilan Hirot shahriga borib, hazrat Alisher Navoiyning maqbarasini obod qilish yuzasidan tadqiqotlar olib bordik, uning asosida loyiha yaratdik. Afsuski, oʻsha vaqtda Afgʻonistonda hukm surgan urush holati ishimizni davom ettirishga imkon bermadi.

Afgʻonistonga navbatdagi safarimizda mumtoz adabiyotimizning taniqli namoyandasi mavlono Lutfiyning Hirot shahri yaqinidagi Dashti Qanor qishlogʻida xaroba ahvoldagi qabrini izlab topdik. Bu joyni mutaxassislarimiz bilan yaxshilab oʻrganib kelib, Andijonda loyiha tayyorlandi. Loyiha asosida sagʻana va maqbara yurtimizdagi mohir ustalar ishtirokida tayyorlanib, maxsus avtomashinada Afgʻoniston Islom Respublikasi Hirot viloyatining Nangobod qishlogʻiga olib borildi. Va u yerda mavlono Lutfiyning nomiga munosib yangidan qabr-maqbara bunyod qilindi.

Afgʻoniston davlatiga navbatdagi ilmiy safar uyushtirildi. Safar davomida buyuk alloma Alisher Navoiyning Hirot shahrida joylashgan abadiy oromgohiga Oʻzbekistonda sharqona, temuriylar davriga xos tarzda tayyorlangan qabr sagʻana toshi va maqbara eshigi olib borib oʻrnatildi. Shu safarimiz davomida Hirot shahridan uch kilometr uzoqlikdagi mozorotda mangu makon topgan Navoiyning shogirdi, musavvir Kamoliddin Behzod maqbarasi uchun loyiha tayyorlab qaytdik. Bu ishimizning davomi sifatida Oʻzbekistondan 1150 tup manzarali koʻchat olib bordik. Hirot shahridan yana 1000 tup koʻchat sotib oldik. Va Hirotning tarixiy Musallo maydonida hazrat Alisher Navoiyning maqbarasi atrofida 2 gektarlik shinam bogʻ yaratdik. Buyuk musavvir Kamoliddin Behzod maqbarasini butunlay yangidan bunyod etdik. Fond tomonidan yangidan barpo qilingan mavlono Lutfiyning maqbarasini qaytadan taʼmirladik. Hamyurtimiz Xudoyorxonning oʻgʻirlab ketilgan qabr toshi oʻrniga yangisini oʻrnatdik. Bu ishlarimizni butun Hirot jamoatchiligi, YUNESKO tashkilotining Hirotdagi vakili va hirotlik ziyolilar kuzatib turdilar. Yakunida “butun dunyoga ibrat nurini sochib, ajdodlar ruhini shod qilib ketayapsizlar” deya Oʻzbekiston xalqiga minnatdorchiliklar bildirdi.

Bu xayrli ishlarimiz davom etmoqda. Lekin hali yana koʻplab buyuk ajdodlarimizning qabrlarini obod qilish kerak. Yaʼni Hindistonning Kashmir viloyatida Muhammad Haydar Mirzoning, Istanbulda esa buyuk olim Ali Qushchining qabrlari qarovsiz yotibdi. Kelgusida ularni ham obod qilish niyatimiz bor.

Adiba UMIROVA,

(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?