“Asr vabosi”ning jafosi

11:25 26 Iyun 2018 Jamiyat
182 0

Asli toshkentlik Halim Nasimov (ism-shariflar o‘zgartirildi) Zangiota tumanining Saxovat mahallasidagi tashlandiq joyda yovvoyi tarzda o‘sayotgan ko‘p miqdordagi giyohvandlik o‘simligiga tasodifan duch kelganida, ixtiyorida bir necha yo‘l bor edi. U esa noqonuniy yo‘lni tanladi.

O‘simlikni eski tanishi, o‘zi kabi ish joyining tayini yo‘q Og‘abek Sharipov xonadoniga olib keladi. Ikki oshna ajal urug‘ini sotish maqsadida yelim paketlarga joylab, qashqadaryolik Sa’dulla Shomaqsudovni xabardor qiladi. Jinoiy sheriklar og‘uni Navoiy viloyatida pullab, “ov” baroridan kelsa, foydani teng taqsimlashni rejalashtiradilar.

Ular ilgari ham shu kabi jinoyati uchun umrining ma’lum qismini panjara ortida o‘tkazgan, amnistiya akti tufayligina ozodlikka chiqarilgan edilar. Ammo bunday insonparvarlik hamda imkoniyatning qadriga yetib, tavba qilish o‘rniga, jinoiy harakatlarini yana davom ettirishdi, boshqacha aytganda, “hassasi”ni ikkinchi marta ham yo‘qotdilar.

Jinoyatchilar huquq-tartibot organlari vakillarining ziyrak nigohidan qochib qutulisholmadi. Viloyat IIB jinoyat-qidiruv bo‘limi va davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida S. Shomaqsudov Karmanada qo‘lga olindi. Uning yonidan topilgan, og‘irligi 1 kilogramm 300 gramm bo‘lgan gashish giyohvandlik moddasi guvohlar ishtirokida hujjatlashtirildi.

Sud jarayonida ular barcha qilmishiga to‘la iqror bo‘ldilar. Sud hukmiga ko‘ra, har biriga o‘n bir yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shunday kimsalardan yana biri — xatirchilik Sayfi Dilmurodovdir. Avvaliga tuppa-tuzuk yashab, mahallada e’tibor topgan bu shaxs ilgari ham mo‘may daromad ilinjida marixuana ekkani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgandi. Afsuski, u bundan xulosa chiqarmadi. Aksincha, ozodlikka chiqqach, yana eski hunarini boshladi. Yaqinda u marixuanani pullayotganda Zarafshon shahar IIB jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Temur ESHBOYEV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?