Asosiy maqsadimiz – xalqni rozi qilish

16:27 10 Aprel 2019 Jamiyat
340 0

Aholi bilan bevosita va ochiq muloqot qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi tomonidan joylarda vazirlik va idoralar, sektorlar rahbarlarining sayyor qabullari yoʻlga qoʻyildi.

Xususan, kuni kecha aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni kengaytirish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq va tezkor choralar koʻrish maqsadida Namangan viloyatida tashkil etilgan sayyor qabulda sektor rahbarlari, viloyatdagi boshqarma va idoralar boshliqlari hamda boshqa mutasaddilar qatnashdilar.

Viloyatning barcha tumanlaridan kelgan fuqarolar vakillari bilan yuzma-yuz muloqot asosidagi qabul davomida uy-joy, moddiy yordam, kommunal xizmat, bank, huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyati, sogʻliqni saqlash, bandlik, tadbirkorlik, fermer xoʻjaligi va boshqa masalalarga oid 311 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 161 tasi joyida ijobiy hal etildi. 10 ta murojaat boʻyicha huquqiy tushuntirish berildi. Qolgan 140 tasi qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻrganib, chora koʻrish uchun tegishli tashkilot va idoralarga yuborilib, ijrosi nazoratga olindi.

Jumladan, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan 6 ta imtiyozli davolanish uchun order, 4 ta nogironlik aravachasi, 5 ta sihatgohlarga yoʻllanma va yana eshitish moslamasi, ortopedik vositalar berildi.

Bundan tashqari, davlat xizmatlari markazi tomonidan 166 ta, jumladan 45 nafar fuqaroga STIR berildi. Vazirlar Mahkamasining 461-sonli qarori boʻyicha 96 ta, maktabgacha taʼlim muassasasiga navbatga qoʻyish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilib, 25 ta ariza qabul qilindi.

Bu kabi qabullar fuqarolarning adolat izlab idorama-idora yurishi yoki poytaxtga ovora boʻlib kelib-ketishining oldini olib, muammoni joyida hal qilish imkonini bermoqda. Eng muhimi, Respublika darajasidagi rahbarlarning xalq huzuriga borayotgani quyi tizimlardan hal boʻlmayotgan masalalarning hal qilinishiga yordam bermoqda.

Bu kabi tadbirlar mamlakatimizning boshqa hududlarida ham davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?