Askarlar qozogʻistonlik rassomlar ijodi bilan tanishishdi

11:15 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
110 0

Yaqinda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug harbiy qismlaridan birida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan bir guruh askarlar I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyida Qozogʻiston Respublikasidagi Aqtobe viloyati sanʼat muzeyi toʻplamidan iborat “Oq tepalikdagi shahar” nomli koʻchma koʻrgazmaning ochilish marosimida ishtirok etishdi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Qiziqarli ekspozitsiyaga boy boʻlib oʻtgan koʻrgazmada askarlar qoʻshni respublika rassomlarining tasviriy sanʼat asarlari bilan yaqindan tanishdilar. Koʻrgazmadan oʻrin olgan 24 nafar rassomning 70 dan ortiq asarlari turli janr va mavzularda yaratilgan boʻlib, kolorit jihatidan ham oʻziga xos betakrorligi bilan ajralib turadi. Qozoq xalqining tarixi, madaniyati va sanʼati, goʻzal tabiati aks etgan ijodiy ishlar orasida Aydar Yespayev, Aleksey Vereщagin, Liliya Belikova, Janibek Yesengulov, Marat Gabdraxmanov, Marat Bekeyev kabi qozoq rassomlarining rangtasvir va grafik asarlar toʻplami askarlarni hayratlantirmasdan qolmadi.

Shu kuni muzey zallarida mehmonlar juda koʻp boʻldi. Askarlar nafaqat koʻrgazma asarlarini tomosha qilishdi, balki asar mualliflari bilan ham suhbatlashish imkoniga ega boʻldilar. Koʻrgazma soʻnggida muzey boʻylab ekskursiya uyushtirildi.

Harbiy xizmatchilarning bu kabi tadbirlarga jalb etilishi, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan beshta muhim tashabbusning amaliy ijrosi sanalib, askarlarning maʼnaviyatini shakllanishida, sanʼatga boʻlgan qiziqishlarini oshirilishida muhim ahamiyatga ega sanaladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?