Ashurmatov nega Janubiy Koreyaga ketdi?

16:48 07 Fevral 2019 Sport
257 0

“Bunyodkor” himoyachisi Rustam Ashurmatov Janubiy Koreyaning “Gvangju” klubiga oʻtdi. Ushbu maʼlumotni bugun har ikki klub rasman tasdiqladi.

22 yoshli futbolchi gvangjuliklar klubi bilan 2 yillik shartnomaga imzo chekkan.

“Gvangju”ning uslubi menga yoqdi. Jamoamga moslashib, yaxshi oʻyin koʻrsatishni istayman”, – degan Ashurmatovning soʻzlarini keltirmoqda koreys klubi rasmiy sayti.

Ashurmatov “Bunyodkor” asosiy tarkibida 2015 yili debyut oʻyinini oʻtkazgan. U oʻtgan toʻrt mavsumda chempionatda 91 oʻyin, Oʻzbekiston kubogida 19 oʻyin va Osiyo Chempionlar ligasida 13 oʻyinda “qaldirgʻochlar” sharafini himoya qildi. Bu bahslarda u besh marta raqiblar darvozasini ishgʻol qilgan.

Rustam oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo va Jahon chempionatlarida Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan. 2018 yil yanvarida Xitoyda oʻtkazilgan yoshlar oʻrtasida (U-23) Osiyo chempionatida chempionlikni qoʻlga kiritgan.

Shuningdek, Rustam Ashurmatov Oʻzbekiston milliy terma jamoasi safida ham 5 ta oʻrtoqlik oʻyinida qatnashgan.

Maʼlumot uchun, “Gvangju” klubi 2010 yilda tashkil topgan va nufuzi jihatdan Janubiy Koreyada ikkinchi hisoblanmish Key-Liga 2 musobaqasida ishtirok etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?