Asfalt bilan bitta bo‘lgan o‘riklar

09:22 12 Iyul 2018 Jamiyat
485 0
Illyustrativ foto

— Mustabid tuzum davrida bog‘-rog‘ yaratish, mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishga juda ko‘p qarshiliklar bo‘lar edi, — degan ekan faxriy jurnalist Ahmadjon Meliboyev. — Bir akademik katta yig‘ilishda “shahardagi hamma yong‘oqlarni kesib tashlash kerak”, deb bong urgandi. Biolog olimlardan birining “mahallalarning ko‘cha bo‘ylarida toklarni yo‘qotib, o‘rniga mevasiz “dekorativ” toklar o‘tqazish kerak”, degan maslahati respublika gazetasida bosilib chiqqanda qancha shov-shuv bo‘lgandi. O‘sha kezlarda “Yoshlik” jurnalida Dadaxon Nuriyning “Shahar o‘rtasida bir tup oq o‘rik” maqolasi chop etilganda tahririyat qancha ta’na-dashnomga qolgani haqida eshitganmiz. Ayrim kuyinchak kishilarning sa’y-harakati evazigagina shaharda oq o‘rik o‘stirishning imkoni tug‘ilgandi. Bugun ayni pishiqchilik paytida mevasini ko‘tarolmay egilib turgan daraxtlarni ko‘rib ko‘nglingiz yayraydi.

Ana shu “ko‘ngil yayrashi”ning ko‘ngilsiz tomonlari ham ko‘rinib qolayotirki, xayriyat, yo‘l bo‘ylarida ekilgan o‘riklarning hammasi ham oq o‘rik emas ekan, yo‘qsa, yo‘llarning shatmog‘ini chiqarib yuborardi deb o‘ylaysiz.

—Toshkentdagi mavzelarga ekilgan o‘riklarning hosili mo‘l, — deb yozadi jurnalist Sharofiddin To‘laganov. — Yer bilan bitta bo‘lib yotibdi.

Bu o‘rinda biron bir din peshvosiga murojaat etilsa, bu o‘riklarning uvol bo‘layotgani, yerga tushayotgan o‘riklarni birov egilib olmasligi yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir qilayotgani haqida ancha-muncha misollar bilan ibratli so‘zlar aytar. Ayniqsa, “Obod mahalla” dasturiga tushib, yangi asfalt yotqizilgan yo‘llarga to‘kilgan o‘riklarning achib-bijg‘ib yotishi xunuk ko‘rinar ekan.

— Ularning ustiga har xil hashoratlar o‘tirib yuqumli ichak kasalliklarini tarqalishiga sabab bo‘ladi, — deydi tibbiyot fanlari nomzodi Jumanazar Nurmatov. — Yaxshisi, bunday joylarda chiroyli manzarali daraxtlar o‘tkazilishi lozim edi.

Ha, chumchuq suysa ham qassob suysin deganlari avval ham bejiz bo‘lmay, o‘sha biolog olimlardan biri ham bir narsani bilmasa gapirmagan ko‘rinadi.

A, labbay?!

Shoyim BO‘TAYEV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?