Asalarichilar uchun yangi bino foydalanishga topshirildi

12:20 31 May 2019 Jamiyat
373 0

Poytaxtimizda Oʻzbekiston asalarichilari uyushmasi binosi foydalanishga topshirilishi munosabati bilan rasmiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Bunyodkorlik ishlari aksiyadorlik tijorat “Aloqabank” tomonidan moliyalashtirilgan mazkur inshootda hududiy uyushmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi uyushma maʼmuriyati, Oʻzbekistonning barcha hududlaridan keltirilgan turfa assortimentdagi asal va asalarichilik mahsulotlariga ega “Asal olami” savdo markazi, ixtisoslashtirilgan veterinar apteka, tarmoq uchun uskuna va zamonaviy texnologik liniyalarni lizing asosida yetkazib beruvchi “Aloqalizing” masʼuliyati cheklangan jamiyati, asalari mahsulotlari hamda asalarilarni chaqtirish bilan davolashga moʻljallangan “Apiterapiya” meditsina markazi, asal sifatini aniqlovchi laboratoriya markazi joylashgan.

Prezidentimizning 2017-yil 16-oktyabrdagi “Respublikada asalarichilikni yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qarori asalarichilik yoʻnalishidagi ishlarni jadallashtirish boʻyicha koʻplab vazifalar belgilab berildiki, ular ijrosi amalda namoyon boʻlyapti. Xususan, oʻtgan yili Oʻzbekiston asalarichilari uyushmasi Xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasi — “Apimondiya”ga aʼzo boʻldi. Natijada respublikamizda asalarichilikni sanoatlashtirish, xalqaro tajribalardan unumli foydalanish, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini sezilarli darajada oshishiga sabab boʻluvchi “changlatish” agrotexnikasini joriy etish kabi ishlarni amalga oshirishda ayni muddaodir.

Maʼlumot uchun qayd etish kerakki, shu yilning sentyabr oyida Kanadaning Monreal shahrida “Apimondiya”ning 46-Kongresssi boʻlib oʻtadi. Uyushmamiz aynan ushbu tadbirda federatsiyaga aʼzoligini tasdiqlovchi guvohnomani qabul qilib oladi.

Bundan tashqari, 2018-yildan boshlab birinchi marta Fargʻona davlat universiteti va Samarqand veterinariya institutida zootexnik-asalarichi mutaxassisligi boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga kirishildi. Barcha viloyat kollejlarida asalarichilik sohasi uchun zootexnik yoʻnalishi boʻyicha bir yillik oʻquv kurslari tashkil etildi. Ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash maqsadida Rossiya, Isroil va Ukrainadagi ilmiy va oʻquv muassasalari bilan gorizontal aloqalar oʻrnatildi.

Oʻzbekiston Respublikasida asalarilarni koʻchirish va joylashtirish tartibi ishlab chiqildi. Asalni qalbakilashtirganlik uchun jazo choralari qoʻllash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy protsessual Kodeksiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi boʻyicha tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda tayyorlangan loyihaga koʻra, Oʻzbekistonda asalarichilik boʻyicha mutaxassislari va ilmiy xodimlarni tayyorlash uchun 350 ming AQSH dollari miqdorida grant mablagʻlarni jalb qilish ishlari olib borilmoqda. Asalari zotlari tarkibini yaxshilash maqsadida Ukrainadan “Karpat”, Germaniyadan “Karnika” zotli 2500 dan ortiq ona arilar keltirildi. Pirovardida Oʻzbekiston asalarichilari uyushmasi tashkil qilingan vaqtdan buyon yurtimizdan asalari paketlarini eksport qilish 1,5 barobarga koʻpayib, ularning soni 207 ming donaga yetdi. Umumiy valyuta tushumlari esa bir million dollarga yetkazildi. Qolaversa, 2018-yilda oʻzbekistonliklar dasturxoniga 17 ming tonnadan ortiq asal mahsulotlari yetkazilib berildi. Bu asal ishlab chiqarish aholi jon boshiga yarim kilogrammni tashkil etmoqda, deganidir.

Joriy yilda Oʻzbekiston tarixida birinchi marta qishloq xoʻjaligi ekinlarini asalarilar bilan changlatish agrotexnikasi qoʻllanilib, buning uchun toʻlov joriy qilindi.

Mutaxassislar hisob-kitoblariga koʻra, hozirgi kunda qishloq xoʻjaligi ekinlarini asalarilar bilan changlatish hisobiga qoʻshimcha 1,5 trillion soʻmlik mahsulot olinmoqda. Faqatgina asalarilarni bogʻ va dalalarda toʻgʻri joylashtirish hamda tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirish evaziga ushbu koʻrsatkichni 4 trillion soʻmga yetkazish mumkin.

Qisqa qilib aytganda, bugungi kunda Oʻzbekistonda asalarichilik sezilarli darajada sifat va son jihatdan oʻzgarmoqda. Savdo nuqtalarida qadoqlangan asalning turlari koʻpaygan. Aholining asal mahsulotlariga boʻlgan talabi oshyapti. Odamlar asalarichilik bilan jiddiy qiziqishmoqda.

Umuman olganda, hozirgi kunda yurtimizda 14 mingdan ortiq asalarichilik subyektlarida 870 mingdan ortiq asalari oilalarini boqilyapti. Ular joriy yilda asal yetishtirish hajmlarini 19 ming tonnaga yetkazishni oʻz oldilariga maqsad qilib qoʻyishgan. Muhimi, asalarichilar davlat tomonidan real qullab-quvvatlanayotganini his etishayotir.

Dilshod ULUGʻMURODOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?