Asadbekning orzusi qatʼiy maqsadga aylandi

18:41 11 Yanvar 2020 Jamiyat
411 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ahad Muhammadiyev/Qashqadaryo. Shahrisabzda harbiy-vatanparvarlik festivali oʻtkazildi. Qashqadaryo viloyati hokimligi, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida tashkil etilgan festivalda harbiy xizmatchilar, faxriylar, Qarshi shahridagi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti kursantlari, faol yoshlar hamda turli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Festivalda harbiy orkestr ijrosida tantanavor musiqalar, Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar ijro etildi. Buyuk bobokalonimiz boshlab bergan milliy davlatchilik anʼanasi bugun ham bardavom ekanligi, mustaqil mamlakatimizning har tomonlama rivojlanib, kuchu qudrati yuksalib borayotgani namoyish etildi.

— Oʻgʻlim Asadbekning ham orzusi — harbiy boʻlish, — deydi shahrisabzlik Nigora Yusupova. — Shu bois uni festivalga olib kelgandim. Festivalda ishtirok etib, harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan turli chiqishlarni tomosha qilganidan keyin farzandimning harbiy sohaga qiziqishi yanada oshdi, masʼuliyatli va sharafli kasb egalarining faoliyati haqidagi tasavvuri kengaydi.

Prezidentimizning tegishli farmoyishiga asosan oʻtkazilayotgan “Vatanparvarlik oyligi” yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirish va harbiy kasbga nisbatan qiziqish, qolaversa, kuchli gʻurur va iftixor hissini uygʻotish, xalq va armiya yakdilligini taʼminlashga qaratilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Tadbirda namoyish etilgan ushbu yoʻnalishdagi madaniy-maʼrifiy tadbirlar, harbiy xizmatchilarning turli jangovar elementlarni oʻzida mujassam etgan koʻrgazmali chiqishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?