Arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan ta’minlash borasidagi islohotlar o‘z samarasini berayaptimi?

18:31 19 Iyul 2018 Jamiyat
415 0
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ushbu savol atrofidagi muhokamalar yig‘ilganlar diqqat-markazida bo‘ldi

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan “Aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlash tibbiyot sohasida o‘tkazilayotgan islohotlarning bosh maqsadlaridan biri” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov qayd etganidek, inson salomatligini muhofazalashda zamonaviy tibbiy yordam bilan bir qatorda, aholi va tibbiyot muassasalarini sifatli dori-darmon bilan ta’minlash ham muhim omil hisoblanadi. Mamlakatimizda jadallik bilan amalga oshirilayotgan tibbiy-ijtimoiy islohotlarning bugungi bosqichida bu boradagi vazifalar ijrosiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Xususan, keyingi ikki yilda sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida yigirmaga yaqin huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ular asosida farmatsevtika tarmog‘ining davlat boshqaruvi tizimi qayta ko‘rib chiqilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etildi, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga soliq va bojxona imtiyozlari berildi.

E’tiborli tomoni, davlat tibbiyot tashkilotlariga dori vositalari va tibbiy buyumlar sotib olish uchun 2018 yilda 914,6 mlrd. so‘m, ya’ni 2017 yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda asosiy kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va klinik protokollar standartlarining yangi jadvali tasdiqlandi.

Aytish joizki, hozirda mamlakatimizda 152 ta farmatsevtika korxonasi faoliyat yurityapti. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan 2500 nomga yaqin dori-darmon tibbiyotimiz amaliyotida keng qo‘llanilyapti. Bundan tashqari, respublikamizda chet ellik investorlarga yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar sababli, yildan-yilga xorijiy investorlar tomonidan O‘zbekiston farmatsevtika sanoatiga kiritilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ulushi ortmoqda. Hozirgi kunda xorijiy investitsiyalar ishtirokida umumiy qiymati 123,9 mln. AQSH dollariga teng 9 ta investitsion loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 87,32 mln. AQSH dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalaridir. Ushbu investitsiyalar, asosan, Xitoy, Hindiston, Germaniya, Buyuk Britaniya va Turkiyalik investorlar tomonidan kiritilmoqda.

Ma’lumki, aholining dori-darmonga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish uchun farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, samarali, va shifobaxsh tibbiy vositalarni o‘zimizda ishlab chiqarish muhim ahamiyatga ega.

Shundan kelib chiqqan holda farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 noyabrdagi “Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3532-sonli qarori qabul qilindiShuningdek, ushbu yo‘nalishdagi vazifalarni izchillik bilan bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida farmatsevtika tarmog‘ini 2018 – 2022 yillarda rivojlantirish Konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati.

E’tiborli jihati, farmatsevtika sanoatiga ixtisoslashgan erkin iqtisodiy zonalarning tashkil etilishi sohaning istiqboldagi taraqqiyotini belgilashda muhim omil bo‘lmoqda. Ayni paytda “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalari ro‘yxatga olindi. Ushbu hududlarda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyihalarni amalga oshirish maqsadida 518,9 gektar yer maydoni tanlab olinib, viloyatlar hokimlarining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Mazkur erkin iqtisodiy zonalar hududida qiymati 1 361,1 mlrd. so‘mga teng 30 ta loyiha amalga oshiriladi va 1 903 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Hozirda EIZlar hududida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 400,0 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘lar o‘zlashtirilgan. Jumladan, yirik loyihalardan “Sirdaryo” EIZda “Sirdaryo Universal Oyna” MCHJ tomonidan qiymati 360,0 mlrd. so‘mga teng “Farmatsevtika shisha idishlari ishlab chiqarish” va “Pharma Plast Holding” MCHJ tomonidan 25,0 mlrd. so‘mlik “Tibbiyotda bir martalik ishlatiladigan flakonlar ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihalari ishga tushirilgan.

Farmatsevtika korxonalarimiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan zamonaviy dori-darmonni aholiga yetkazib berish ham muhim vazifa. Ushbu maqsadda QVPlar, qishloq oilaviy poliklinikalari va boshqa birlamchi tibbiyot muassasalari qoshida ijtimoiy dorixonalar tashkil etilmoqda. Ayni paytda joylarda 2200 dan ortiq shunday dorixonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 13 ta “Isuzu” va 100 ta “Damas” rusumli mashinalarda ko‘chma dorixonalar olis va tog‘li hududlarda yashaydigan aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 20 iyunda qabul qilingan “Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida ushbu jabhadagi ishlar yanada takomillashyapti. Mazkur farmon bilan mamlakatimizda ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini qat’iy narxlarda sotish tartibi bekor qilindi, biroq, ijtimoiy dorixonalar tomonidan ijtimoiy dori vositalarini past narxlarda sotish davom etadi.

2018 yil 1 avgustdan boshlab, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarda amalga oshirilgan dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalarini tan olish tartibi joriy etiladi. Bu esa dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimidagi ortiqcha to‘siqlarga barham beradi.

Ushbu tartib xavfsizligi, sifati va samaradorligi bo‘yicha shubha uyg‘otmaydigan dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan xorijiy davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlarni tabaqalashtirish asosida olib boriladi. Shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalari O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan dori vositalarini yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarning tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan taqdirda amalga oshiriladi. Buning natijasida sifatsiz vositalarning mamlakatimizga kirib kelishi oldi olinadi.

Matbuot anjumanida mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, dori-darmon ta’minotini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan yana ko‘plab ishlar xususida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berildi. Bu borada nafaqat mutasaddilar, balki keng jamoatchilik nazoratining ham o‘rni katta ekani qayd etildi.

Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?