Artur Taymazov yana bir Olimpiada oltinidan mahrum qilindi. U bundan norozi

12:50 24 Iyul 2019 Sport
452 0

Artur Taymazov doping tufayli “London -2012” Olimpiadasida erkin kurash boʻyicha qoʻlga kiritgan navbatdagi oltinidan mahrum qilindi. Xalqaro Olimpiya qoʻmitasidan iddao qilishlaricha, sportchining doping namunasi qayta tekshirilganda undan turinabol anabolik steroidi topilgan. Oʻtgan yil aprelda XOQ aynan shu sabab bilan sportchimiz Pekin Olimpiadasida qoʻlga kiritgan oltin medalini ham bekor qilgandi.

Biroq Artur Taymazov bu safargi qarordan noroziligini oʻzining Instagramʼdagi sahifasida maʼlum qilgan:

“2008-yilgi diskvalifikatsiyadan soʻng XOQ tomonidan mening 2012-yilgi Olimpiadadagi doping namunamni tekshirishi kutilayotgan edi va bu menga uchun syurprizga aylanmadi. Natijalar esa oʻsha-oʻsha. Taassuf.

XOQning navbatdagi qarori boʻyicha quyidagilarni maʼlum qilmoqchiman.

Ayblovni tan olmayman. XOQning qarorini siyosiy maqsadga qaratilgan va asossiz deb hisoblayman. XOQning ichki ekspertizasi natijalarini tan olmayman, ushbu ekspertizani oʻtkazish tartibini ham tan olmayman, u shaffof emas. Qarordagi maʼlumotlar yuzasidan arz qilmoqchiman. XOQ “ekspertlari” va bu “qaror”dan shod boʻlganlarga birinchidan men Olimpiada shohsupalarining eng yuqorisida 3-marta turganim va bundan barcha his-tuygʻularni his qilganim – buni boshqachasiga his etish mumkin emasligini eslatib qoʻymoqchiman.

Ikkinchidan, tozalash kompaniyasi xodimi – “farrosh” 30 mingta Amerika namunalarini “tasodifan sindirib qoʻygani”dan keyin VADA(Jahon dopingga qarshi kurashish agentligi)ning ishini jiddiy qabul qilmaslik kerak. Ushbu agentlik faoliyati, “ekspertizalar”ga asoslangan qarorlari bilan birga obroʻsizlanganiga ancha boʻldi.

Bugun ham muxlislarning bir paytlari gʻalaba sari yoʻlimdagi madadlarini his etyapman. Bu his-tuygʻularni mendan hech kim tortib ololmaydi. Men 3 karra Olimpiya chempioni boʻla olishimni oʻzimga isbotlaganman. Men oʻz maqsadimga erishdim. Barcha medallarim oʻzimda qoladi.

XOQga Olimpiada-2020 gʻoliblarini 10 yildan keyin taqdirlashni, sportchilarga esa 10 yildan keyingi tekshiruvdan ertaroq oʻzlarini gʻolib hisoblab qoʻymasliklarini maslahat beraman”.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston terma jamoasi safida Artur Taymazov yuqoridagi natijalaridan tashqari 2000-yil Sidney Olimpiadasida kumush, 2004-yil Afinadagi Olimpiadasida oltin medallarni ham qoʻlga kiritgan.

Hozirgi kunda u Rossiya Davlat dumasi VII chaqirigʻi deputati, quyi palataning jismoniy madaniyat, sport, turizm va yoshlar masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari hamdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?