Artib tashlang dildan siyohni

09:12 17 Avgust 2019 Madaniyat
1634 0

Artib tashlang dildan siyohni

(Alamzadalarga)

Paydo boʻlibdiki, ahli odamzot,
Dunyoda mavjuddir turfa toʻdalar.
Ular orasida ayricha jonzot,
Ajab yaratiqdir alamzadalar.

Suvrati ayondir balki, sizlarga,
Balki, taʼriflashga yoʻqdir ehtiyoj.
Ehtimol, uchrab bu fojir koʻzlarga,
Balki, tuhmatiga toʻlagansiz boj.

Bu qavm toʻn bichmas qarab boʻyiga,
Koʻrpasiga qarab uzatmas oyoq.
Lekin istaydiki, koʻcha-koʻyida
Hamma taʼzim qilsa koʻrgan damdayoq.

Oʻziniki boʻlsa davralar toʻri,
Baland minbarlardan tushmasalar hech.
Yurar yoʻllarida quyosh, oy nuri —
Atlasday toʻshalib yotsa erta-kech.

Ularning uslubi beor, beomon,
Biri Toshkandayu, Rumda birlari.
Habash koʻppagiga aylanar shu on,
“Ol!”, deb olqishlasa, agar pirlari.

Ayonki, har kimga otilmagay oʻq,
Tanlashar, avvalo, omadlilarni.
Visir-visirlarga vaqtu hushi yoʻq —
Muhtaram, alpona qomatlilarni.

Kimki boʻysunmasa, qismati ayon:
Tirnoqlar ostidan axtarishar kir.
Kurk tovuq goʻng sochib, qidirgandek don,
Yetti ming pushtingni titkilar bir-bir.

Shu gʻajir podaga duch keldim men ham,
Avval hayron boʻlib qoldim, anchayin.
Andishalar qilib, indamay tursam,
Qutirdi, indamay turganim sayin.

Sochimning oqiga yopishdi biri,
Biri intiq kutar, shishaday sinsam.
Fano dashtlarida, adam yomgʻiri —
Asad tomchisiday yoʻqolsam — tinsam...

Ey, falak! Bu kaslar nega asabiy,
Nimadan toʻymaydi bu gʻalamuslar?
Tuprogʻi qaydandir, nedir nasabi,
Ilonmi, chayonmi yo kalamushlar?

Yaramagan boʻlsa, poygaga oti,
Yetolmagan boʻlsa, manzil-marraga
Kimga zaril endi alam, faryodi,
Qanday ehtiyoj bor zaqqum-zardaga?!

Axir, xalqumi deb, xalqini sotgan,
Kaslar-ku, bu zotlar — munofiq, chatoq;
Iyagiga dovur qargʻishga botgan,
Odam shaklidagi iblis-ku, olchoq!

Tangrim, omad bergin mayli, ularga,
Koʻzlari behuda yoshlanmasinlar.
Ammo yaxshilarga duch kelgan damda,
Ochofat yirtqichdek tashlanmasinlar.

Agar omon boʻlsa, zarra vijdoni,
Yigʻishtirsin yirtiq etaklarini.
Qogʻozdek yondirsin, yoqsin yolgʻonni,
Yondirsin mulavvas ertaklarini.

Faqat, tez daf qilsin gʻarazgoʻy shonni,
Dilbar soʻzlar boʻlsin baytu bayotda.
Agar shoir boʻlsa, ustoz Choʻlponday,
Bogʻlar barpo qilsin adabiyotda.

O! Bu kun naqadar cheksiz, bepoyon,
Vatandoshlarimiz orzu oʻylari.
Yaratmoq tuygʻusi kezmoqda shoyon,
Koʻklanib bormoqda Orol boʻylari.

Siz ham ginalarni bas qiling, tamom!
Nonkoʻrlarcha bermang yolgʻon vaʼdalar.
Bugun ona yurtga bitta boʻlsa ham
Dardu bedavodir alamzadalar.

Bir paytlar inidan haydalib, har yon,
Toʻzib-toʻzgʻib ketgan qushlar singari;
Yana uylariga qaytmoqda shodmon
Tariqday sochilgan oʻzbekning bari.

Tikon devorlarga qoldi kunimiz,
Qancha olishdik “toʻs-toʻs”chilar bilan.
Bugun yana doʻstmiz, ogʻa-inimiz,
Ming yillik qadrdon qoʻshnilar bilan.

Aldov-adovatning tishlari sindi,
Adlu adolatdan soʻzlar soʻzimiz.
Hey! Siz, kimlar bilan raqibsiz endi,
Qachon uygʻonadi, koʻrmi, koʻzingiz?!

Oydin oqshomlarda yashnab turar oy,
Olmosday yarqirar adrasli tonglar.
Sizning dilingizga qoʻnmasmi chiroy
Ketmasmi koʻkayda zanglagan, zanglar.

Bugun oʻlkamizni quchayotir shon,
Qurish, bunyodkorlik davridir bu dam;
Shubhasiz, manzilga yetajak karvon,
Shubhasiz, yashnagay, Vatan sizsiz ham.

Tezroq artib tashlang dildan siyohni,
Shu yurtga bor jonu jahonni tiking.
Sochlarini silab bitta giyohni,
Har kuni bir jambil, bir rayhon eking.

Keling, bitta tanu bitta musht boʻlib,
Shu qutlugʻ zaminga tikaylik jonni.
Dala-dasht gullarga ketsinlar toʻlib,
Chamanga burkaylik Oʻzbekistonni!

Abdusaid KOʻCHIMOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?