Aroqning kasofati

17:42 08 Oktyabr 2019 Jamiyat
2071 0

Joriy yilning 7-oktyabr kuni yurtimizning bir qancha internet nashrlarida Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida xizmat safarida boʻlgan Toshkent shahar IIBB xodimini shu tumanda yashovchi fuqaro kaltaklab, temir ustunga bogʻlab qoʻyib, azoblaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tarqaldi. Bunday holat kamdan kam uchraganligi, ichki ishlar xodimiga qilingan qoʻpollik aholi orasida bir qancha bahs va munozaralarga sabab boʻldi. Xoʻsh, voqea oʻzi qanday boʻlgandi?

Tergovda aniqlanishicha Ibodulla (ismlar oʻzgartirilgan) joriy yilning 8-avgustdan 9-avgustga oʻtar kechasi Arnasoy tumani “Doʻstlik” QFY “Abay” koʻchasi 5-uy 1-xonadonda sheriklari Tohir va Sodiqlar bilan birga ovqatlanib, spirtli ichimlik isteʼmol qilishib oʻtirganida, uning yashash xonadoniga spirtli ichimlik bor yoki yoʻqligini soʻrash uchun kelgan, oʻsha kuni Arnasoy tumanida xizmat safarida va fuqarolik kiyimida boʻlgan Toshkent shahar IIBB PPX va JTSB AKB safdori serjant Mirqosimni ushlab olib, uning yuz va tana qismiga qoʻli bilan bir necha marotaba urib, tan jarohati yetkazib, zoʻrlik ishlatib, Mirqosimni uyining kirish joyidagi temir ustuniga arqon bilan qoʻl va oyoqlaridan bogʻlab qoʻyib, uni tan jarohati olib yordamga muhtojligini bilgan holda jismoniy azob berib, zoʻrlik ishlatib 30 daqiqadan ortiq vaqt mobaynida gʻayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum etgan.

Mirqosim bilan birga Ibodullaning yashash xonadoniga kelgan sheriklari Zokir va Komillar unga yordam berish maqsadida ichki ishlar xodimlarini chaqirish uchun voqea joyidan qochib ketishgan...

Shundan soʻng, Mirqosimga yordam berish maqsadida xizmat kiyimida kelgan 3 nafar “Aydar-Arnasoy koʻllari tizimi” havzasi muhofaza qilish 6-postiga xizmatni oʻtash uchun safarbar qilingan Toshkent shahar IIBB xodimlari Ibodullaga qoʻl va oyoqlari bogʻlangan Mirqosimni qoʻyib yuborishini iltimos qilgan. Ibodulla esa qoʻyib yuborish haqidagi qonuniy talabini bajarmasdan, Mirqosim aroq soʻrab kelib, bezovta qilganligi, aybiga iqrorligi mazmunidagi tilxat yozib bersagina uni qoʻyib yuborishini aytgan...

Sudga oid tibbiyot ekspertizaning 13.08.2019-yildagi№ 315-sonli xulosasiga koʻra, Mirqosim bosh miyaning yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, burun toʻsigʻini yon qanotini yopiq sinishi, ikkala koʻz olmalari va yordamchi aʼzolarining oʻrtacha darajali kontuziyasi-chayqalishi, oʻng tomon peshona sohasidagi, chap quloq suprasini orqa yuzasidagi, chap chakka suyagini soʻrgʻichsimon oʻsimtasi bilan ensa sohalarida jarohat olgan.

Shunday qilib, Ibodulla oʻzining yuqoridagi jismoniy azob berib, zoʻrlik ishlatib gʻayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilishda ifodalangan jinoiy harakatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi JK 138-moddasi 2-qismining “a” bandida koʻrsatilgan jinoyatni qasddan sodir etgan.

Sud tergovida sudlanuvchi tariqasida soʻroq qilingan Ibodulla unga eʼlon qilingan aybga toʻliq iqrorlik bildirib qaramogʻida onasi, turmush oʻrtogʻi va uch nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini hisobga olib yengillik berishini soʻragan.

Sud sudlanuvchi Ibodullaning jinoiy harakatlari oʻz aybiga toʻliq iqrorlik bildirib bergan koʻrsatmalaridan tashqari sud tergovida jabrlanuvchi tariqasida soʻroq qilingan Mirqosim ichki ishlar organlarida 2001-yildan buyon, egallab turgan Toshkent shahar IIBB PPX va JTSB AKB 2-otryad safdori vazifasida 2009-yildan buyon ishlab kelishligi 2019-yil 5-avgust kuni Toshkent shahar IIBB rahbariyatining topshirigʻiga asosan Jizzax viloyati Arnasoy tumanidagi “Aydar-Arnasoy koʻllarini muhofaza qilish” nazorat postida xizmatni oʻtash uchun safarbar qilinganligi va 4-post maskani sheriklari “Umid” va “Ziyodulla” bilan birga biriktirilganligi, ularga ushbu post maskanida xizmatni oʻtash davomida vazifalariga jamoat tartibini saqlash, noqonuniy ovlangan baliq mahsulotlarni aylanma olib ketish holatlariga chek qoʻyish va boshqa holatlar kirishligi aytilgan.

Voqea sodir boʻlgan kuni kechki vaqt soat taxminan 20 lar atrofida 4 kishi boʻlib barchalari xizmatni oʻtayotgan post maskanida birga ovqat pishirishib, ovqatlanayotganlarida sherigi “Ziyodulla”ning oʻrtogʻi Toshkent shahridan bu yerga kelishda oʻzi bilan bir dona aroq olib kelganligini va oʻshani birga ichishganligi aytilgan. 4 kishiga bitta aroqqa hemiriyam boʻlmagach qoʻshni postdan “najot” izlab borishgan. Qoʻshni postdan ham “yoʻq” javobini olishgach esa qishloq oralab aroq izlab ketishgan va yuqorida holat sodir boʻlgan.

Sud, sudlanuvchi Ibodullaga nisbatan jazo tayinlashda aybiga iqror boʻlib, qilmishiga chin koʻngildan pushaymonligini, muqaddam sudlanmaganligini, jabrlanuvchining daʼvosi yoʻqligini, yashash joyi hisoblangan Arnasoy tumani Doʻstlik QFYning kafillik xatini, yashash joyidan shaxsi ijobiy tavsiflanganligini, qaramogʻida uch nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini, moddiy ahvoli ogʻirligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb eʼtiborga olib, qonun sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan ozodlikni cheklash jazosini tayinlashni lozim topdi va Oʻzbekiston Respublikasi JK 138-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Xulosa oʻrnida shuni ham aytishni unutmaslik kerakki, xalqimizda “Qars ikki qoʻldan chiqadi” degan naql bor. Aydar-Arnasoy koʻllari tizimi” havzasi muhofaza qilish 6-postida xizmat vazifasini ado etayotgan Toshkent shahar IIBB PPX va JTSB AKB 2-otryad safdori Mirqosim xizmatni oʻtash vaqtida spirtli ichimlik ichmaganida, uning ortidan quvib qishloqma-qishloq yurib yurmaganida, birovning xonadoniga bostirib kirmaganida bunday holat sodir boʻlmagan boʻlar edi.

Maqola sud materiallar asosida tayyorlandi.

Tolibjon ERGASHEV,
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?