Armiyamiz sportchilari “Kichik Olimpiada”da qatnashmoqda

16:47 03 Iyul 2019 Sport
288 0

Bugun, 3-iyul kuni Italiyaning Neapol shahrida talaba yoshlar oʻrtasida XXX Butunjahon yozgi universiada oʻyinlari boshlandi. 14-iyulga qadar davom etadigan mazkur musobaqada dunyoning 120 ga yaqin mamlakatidan talaba-sportchilar ishtirok etadi. Ular safida 42 nafar oʻzbekistonlik talaba-sportchi, jumladan Mudofaa vazirligi sport klubi (MVSK) vakillari ham bor, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.

Xalqaro talabalar sport federatsiyasi (FISU) shafeligida 50 yildan buyon har ikki yilda bir marta muntazam ravishda oʻtkazib kelinadigan mazkur musobaqa xalqaro maydonda “Kichik Olimpiada” deb ham yuritiladi. Uning bu galgisi dasturidan jami 18 ta sport turi boʻyicha bahslar oʻrin olgan. Oʻzbekistonlik talaba-sportchilar XXX Butunjahon yozgi universiada oʻyinlarining badiiy gimnastika, dzyudo, yengil atletika, kamondan otish, sport gimnastikasi, taekvondo WTF, tennis va oʻq otish, jami 8 ta sport turi boʻyicha bahslarida qatnashib, medallar uchun kurash olib borishadi.

Yurtimiz sport muxlislarining Neapolga yoʻl olgan yoshlarimizdan umidi katta. Ayniqsa, xalqaro musobaqalarda zafar qozonib kelayotgan dzyudochilarimiz, xususan, MVSK aʼzolari – Davlat Bobonov (-90 kg.), Sardor Nurillayev (-66 kg.), Diyora Keldiyorova (-52 kg.) va Gulnoza Matniyozova (-70 kg.) bu safar ham muxlislar ishonchini oqlashiga aslo shubha yoʻq. Taqvim boʻyicha dzyudo bellashuvlari 4-iyulda boshlanib, 7-iyul kuni yakunlanadi.

Mudofaa vazirligi sport klubi aʼzolari, shuningdek, “Kichik Olimpiada”ning taekvondo WTF (Niyoz Poʻlatov, Nigora Tursunqulova), oʻq otish (Saidxon Sayfuddinov) va yengil atletika (Shohruh Davlatov, Aleksandra Yurkevskaya, Nurxon Muhiddinova, Dmitriy Melsitov) boʻyicha bahslarida ham qatnashib, yurtimiz sport sharafini himoya qilishadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?