Armiyaga endi qishda emas, balki bahor, yaʼni mart-aprel oylariga chaqirish belgilanadi

11:00 24 Avgust 2019 Siyosat
111 0

Munisxon Karimova- “Xalq soʻzi”-Online. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy bosh qoʻmondonining tegishli farmon va qarorlari hamda sohaviy topshiriqlarida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ishlab chiqildi.

Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish bilan bogʻliq huquqiy normalardan kelib chiqib, bir qator qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Masalan, Davlat bayrogʻi, gerbi va mukofotlari, ish bilan taʼminlash, nafaqa hamda sogʻliqni saqlash sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining vakolatlari, xususan huquqbuzarliklar profilaktikasi, terrorizmga qarshi kurashish va boshqa sohalardagi vakolatlari belgilab berilmoqda.

Bundan tashqari, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning 14 ta moddasiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Yaʼni, ushbu Qonunning 14, 15 va 17-moddalarida chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari boʻyicha tayyorlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining oʻquv muassasalarida emas, balki Mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi markazlarda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Qonunning 19-moddasida chaqiruv tadbirlarining qish davrida oʻtkazilishi qator qiyinchiliklar va sarf-xarajatlarning ortishiga olib kelayotganligi sababli, chaqiruvni bahor, yaʼni mart-aprel oylariga oʻtkazish belgilandi.

Yoki, Qonunning 21-moddasi oliy taʼlim muassasalaridagi taʼlimning kunduzgi va kechki shaklida tahsil olayotgan talabalarni oʻz roziligi bilan safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olinishi mumkinligi, bunda talabalar bir oylik harbiy yigʻinlarni oʻtashga iyul-avgustda jalb etilishini nazarda tutuvchi qism bilan toʻldirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?